Maoshimiz oshdi, ustama esa...
O‘ttiz yilga yaqin davr, o‘qituvchilik faoliyatim bilan bog‘liq unutilmas yillar... Shu zamon va bugungi kun nuqtayi nazaridan faoliyatimni bir qur taftish qilmoq istadim.
Istiqlolning ilk yillarida bizga dars bergan, o‘z fanining kuchli mutaxassisi bo‘lgan yoshi katta o‘qituvchilarimizning sohani tashlab, savdo-sotiqqa o‘zini urganini ko‘rib ajablanganman. O‘sha ustozlardan birining dars soatlarini ham “O‘qituvchi yetishmayapti, yoshsan, quch-quvvating yetadi”, deb mening zimmamga yuklashgan, ikki stavkada ikki smenada ishlaganman. Hozirgidek eslayman, o‘shanda bir oylik maoshimni (2 stavka dars uchun) olgach, oyoq kiyim olish uchun otam bilan bozorga borganman. Ko‘nglimda osmon qadar g‘urur bilan o‘zimga yoqqan oyoq kiyimni qo‘limga olib narxini so‘radim-u, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushgandek bo‘ldi.
Hozir ish faoliyatim davomida yangi ishga kelib, oylik maoshidan qoniqmay noligan yosh mutaxassislarni ko‘rsam, ularga o‘sha voqeani kulib-kulib aytib beraman. Va “Sizlarning hozir olayotgan maoshingizga qa-ancha poyabzal olish mumkin”, deb kulib qo‘yaman. Yosh mutaxassislarga ibrat bo‘lishi uchun ilgarigi davr va hozirgi zamondagi o‘zgarishlar, islohotlar haqida qiyoslab so‘zlamoqqa urinaman: ikki oylab paxta terganimizda ham, ismini zo‘rg‘a yozadigan fermer sinfdoshimning dalasiga maktabdan paxtani begona o‘tlardan tozalashga yuborilganimda ham, bu sinfdoshim kun qorong‘isida traktor pritsepiga men va men kabi hamkasblarimni mindirib, oy yaraqlagan, yulduzlar charaqlagan vaqtda maktab binosi oldida tushirib ketganida ham, bu vaqtda qishloq ko‘chalaridan qo‘rqa-pisa uyga kelganimda bolalarim och o‘tirganida ham ishlaganmiz. Bunday vazifalarning biridan qochib, boshqasiga tutilardik. Keyinchalik esa bajarilgan va bajarilmagan ishlarimiz uchun kechalari uxlamasdan dasta-dasta qog‘oz qoralab, hujjat tayyorlardik. Shunday kezlari xayolimda o‘qituvchining yelkasiga oftob tegishini, ko‘zlari chaqnab dars o‘tishini tasavvur qilardim. Mana shu orzularim ushalganini ichimdagi gaplarimni to‘kib-sochib yozayotganimda ham his etdim. Tizimdagi islohotlar pedagoglarni ruhlantirganini ta’kidlagan holda aytishim mumkinki, ayrim qog‘ozbozliklar yoki rasmiyatchiliklar hali ham kamaygani yo‘q. O‘tgan yilning sentabr oyida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 823-sonli qarori bo‘yicha ba’zi jarayonlar o‘zgarib ketdi. O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, 275-sonli qaror asosida menga 2018-2019-o‘quv yili yakuni uchun 30 foiz ustama belgilangan. Bu oliy toifali o‘qituvchi bo‘lganim uchun 16 soat darsimga 650000 so‘mdan ziyod summani tashkil qilardi. Endilikda ommalashtirish degan parametr bo‘yicha 70 ball to‘plab, 10 foiz ustamaga ega bo‘lyapman. Bu degani har oyda 435000 so‘m yo‘qotyapman. Bu summa bir yilga 5000000 so‘mdan ziyodni tashkil qiladi. Men kabi maosh va ustamalarining ma’lum miqdori kesilgan pedagoglar ko‘p. Men bu hisob-kitoblar noto‘g‘ri demoqchi emasman, bu qaror o‘qituvchi mehnatini haqiqatda qadrlaydigan, o‘z ustida ishlaydigan ijodkor o‘qituvchini haqqoniy aniqlaydigan parametrlarga asoslanishini xohlayman, xolos. Har oylik ustamasidan “ajralgan” ayrim o‘qituvchilar oila tebratish uchun boshqa yo‘nalishlarda ishlashga urinishyapti. Bunday holatda dars berish samaradorligi haqida qanday o‘ylash mumkin?
Laylo QURYAZOVA, Pitnak shahridagi 7-maktab o‘qituvchisi