O‘qituvchi 25 yildan so‘ng oqlandi, prokuror esa undan kechirim so‘radi. Aslida nima bo‘lgan edi?
Saytimizda Farg‘onada bo‘hton qurboni bo‘lib, sud hukmi bilan oqlangan o‘qituvchi haqida xabar berilgan edi. Xo‘sh, oddiy qishloq o‘qituvchisi nega qamaldi, unga qanday ayb qo‘yilgan edi?
Muxbirimiz Rishton tumani “Xo‘ja ilg‘or” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, yillar davomida nohaqlik jabrini chekkan Tursunxo‘ja Abdurahmonov bilan suhbatlashdi.
– 1994-yilda tumanimizdagi 27-maktabda ilmiy bo‘lim mudiri bo‘lib ishlardim, – deydi T. Abdurahmonov. – O‘sha paytda o‘qituvchilarning oyligi juda kam, e’tibor ham umuman yo‘q edi. Ba’zi o‘qituvchilar tirikchilik o‘tkazish uchun darsdan so‘ng boshqa tumanlarga borib mardikorlik ham qilishardi. O‘qituvchilarning ahvoli juda og‘irlashib qolgandi. Jamoamiz kelishgan holda o‘qituvchilarning bu holati haqida Prezidentga ma’lum qilaylik, o‘qituvchilarga e’tibor bo‘lib qolar degan maqsadda xat yozdik. Chunki o‘qituvchining hech narsada ehtiyoji bo‘lmasligi kerak-da. Shunday bo‘lsa, ta’lim-tarbiyada ham samara bo‘ladi. Bir marta xat yozdik, javob bo‘lmadi, keyin ikkinchi marta ham yozib “oyligimizni oshirib beringlar” dedik. Shundan so‘ng, Prezident devoni, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa joylardan kelishib, maktabimizda yig‘ilish o‘tkazildi. Qiyin sharoitlarni ko‘rib, tan olishdi, “Sizlarga amaliy yordam beramiz” deya ishontirib ketishdi.
O‘sha paytda barchamiz juda xursand bo‘lgan edik. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. Menga nisbatan tazyiqlar boshlandi. Dastlab tuman ichki ishlar bo‘limi, keyin viloyat IIB mas’ullari chaqirib, bo‘lar-bo‘lmas vajlar bilan ruhiy va ma’naviy qiynashga tushishdi. Ammo bundan o‘zlari kutgan natija bo‘lmagach, uyimda tintuv o‘tkazishdi. Tintuv jarayonida o‘zim kutmagan narsa sodir bo‘ldi. Xonadonimdan qirqma ov miltig‘i va ko‘knori aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Rosti, o‘sha paytda o‘zim karaxt holatga tushib qoldim. Chunki miltiq ushlash tugul hatto qo‘limga cho‘zma ham olmagandim, chekish va ichish ham mening turmush tarzimga yot narsa edi. Shundan so‘ng, tergov ishlari boshlanib, menga o‘ylab topilgan ish bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi. Avgustdan boshlangan bu ishlar noyabrgacha ham yakuniga yetmadi. Tergov hibsxonalaridagi azoblarni eslash men uchun nihoyatda og‘ir...
Birinchi o‘tkazilgan sud menda jinoyat alomatlari yetarli bo‘lmagani uchun qayta tergovga qaytardi. Ammo prokuratura buni rad etib, ishni boshqa tuman sudiga oshirdi. Men o‘sha paytda qanday bo‘lsa-da, qamoqdan tezroq chiqish harakatiga tushib qolgandim. Sababi, katta o‘g‘lim davlatimiz tomonidan AQShga o‘qishga ketgan edi. U mendan ilhaq bo‘layotgandi. Bir tanishim “sudda hech bo‘lmasa uyingda ko‘knori borligini tan olsang, yengillik bermoqchi” deganidan so‘ng, bu ayblovni tan oldim. Sudning hukmiga ko‘ra, bir dona qirqma ov miltig‘ini yotoqxonasidagi yostiq ostida va 41 gramm ko‘knor boshoqlarini mehmonxonasidagi deraza tokchasida qonunga xilof ravishda saqlaganlikda ayblanib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb qilindim.
35 yil davomida ta’lim sohasida mehnat qildim. Farzandlarimni barchasini o‘qitdim. Nafaqaga chiqib ham uyda o‘tirganim yo‘q, doimo el orasidaman. Ammo yuragimda bir armon bor edi. Bu nohaqlik qurboni bo‘lganim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev inson sha’ni va qadr-qimmatiga e’tibor qaratgani meni ham dilimda umid uyg‘otdi. Odamlarning dardi eshitilib, xalq bilan muloqotning yo‘lga qo‘yilishi muhim qadam bo‘ldi. Sudlarda oqlov boshlandi. Men ham sudga murojaat qildim va adolat qaror topdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi kassatsiya sudlov hay’ati tomonidan Bag‘dod tuman sudining 1994-yil 20-dekabrda menga nisbatan chiqargan ayblov hukmi bekor qilindi. Prezidentga bir enlik xat yozib, tuhmatga qolganimni ko‘pchilik yaxshi bilardi.
Bu hayotda pok bo‘lib umr kechirish – har bir insonning eng katta orzusi. Hech kim tamg‘a bilan dunyoni tark etgisi kelmaydi. Ayniqsa, u adolatsizlikka uchrab, yillar davomida uning azobini chekib kelgan bo‘lsa. 25 yildan so‘ng yelkamdagi katta tog‘ ag‘darildi. Bugun mendan baxtli inson yo‘q. Bularning barchasi uchun Prezidentimizdan minnatdorman. O‘tgan yili davlatimiz rahbarining Qo‘qon shahridagi “Allomalar muzeyi”da viloyat faollari, nuroniylar va ziyolilar bilan bo‘lgan muloqotida men ham ishtirok etib, samimiy tilaklarimni bildirdim. Bugun “Nuroniy” jamg‘armasi Rishton tuman bo‘limi raisi sifatida qaynoq hayot oqimida ekanligim menga doimo kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Manba: www.uza.uz