“Ma’rifat” yulduzlari
Tashkil etilganiga bir yil bo‘lgan telegram tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylari” guruhi orqali ko‘plab faol, jonkuyar, mahoratli pedagoglar bilan yaqindan tanishdik. Bu ta’limning qaynoq nuqtasiga chuqurroq kirib borishimizga xizmat qildi. Guruhimiz bir yil ichida o‘z yulduzlarini ham kashf etdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Zero, ularning o‘zlari ham “Ma’rifat” mushtariylari” guruhiga a’zo bo‘lgach, “Ma’rifat” gazetasi bilan o‘z-o‘zidan hamkorlik kuchayganini va bu faoliyatlarida ham ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lganini e’tirof etishmoqda. Mana bugun yana ularning dil so‘zlariga quloq tutamiz.
Dildor Nurmuhamedova, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” gazetasining mushtariylarini jamlagan bu guruh pedagoglik faoliyatimga tom ma’noda mazmun olib kirdi. Tahririyat jamoasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ba’zan o‘ylab qolaman, shu paytgacha tor auditoriya — maktabimiz jamoasi muhitidan kelib chiqib xulosa qilgan ekanmiz. Hozir esa… Mushtariylar guruhidagi ustozlar bilan fikr almashib, ular bilan ta’limdagi dolzarb mavzularni muhokama qilib, go‘yo keng auditoriyada katta jamoa bilan ishlayotgandek his qilaman o‘zimni. Guruh orqali o‘rnatgan hamkorligim natijasida bir yil ichida “Ma’rifat”da 10 ta maqolam va bir qancha ta’limga oid fikr-mulohazalarim chop etildi.
Farida Axboraliyeva, Zangiota tumanidagi 33-maktab o‘qituvchisi:
— O‘tgan 2019-yildan minnatdorman, chunki shu yilda men “Ma’rifat” mushtariylari” guruhiga a’zo bo‘ldim. Guruh orqali mahoratli ustozlar bilan g‘oyibona tanishdim. O‘zimizni qiynayotgan muammolarni hal qilgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Yil davomida “Ma’rifat”da 10 dan ortiq fikrlarim, 2 ta metodik maqolam chop etildi. 20-dekabr kuni “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining og‘zaki nutqini o‘stirishning innovatsion usullari” mavzusidagi ishim Respublika ta’lim markazining ilmiy kengashida ko‘rib chiqilib, ommalashtirildi. Shu ilmiy kengash a’zolaridan biri o‘z fikrini aytayotib “Ma’rifat” gazetasida chiqqan “O‘yin ichida ta’lim” maqolam juda manzur bo‘lganini, o‘z jamoasi bilan darslarda uni qo‘llab, yaxshi natijalar olayotganini aytib qoldi. Bunday e’tirofdan juda ham quvondim. Bildimki, sevimli nashrimiz bizga shunchaki axborot beruvchi vosita emas, u faoliyatimizda yursak natijalarga olib chiquvchi, bizni elga tanituvchi, yutuqlar tomon ustozlarni yo‘llovchidir.
Gulchehra Ashurova, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Hayotda aksariyat odamlar amalga oshirgan yaxshiliklari evaziga haqqini to‘lashni so‘raydi yoki manfaat kutadi. Ammo yaxshiliklar evaziga haq so‘ramaydiganlar ham topiladi. ...U ustozlarni rag‘batlantiradi, obro‘sini oshiradi, o‘qituvchilar taqdiriga befarq qaramaydi, kasbiy tajriba orttirishiga hissa qo‘shadi. Uning maqsadi foyda olish emas, foyda keltirish. Amalga oshirgan yaxshiliklari uchun esa haq talab qilmaydi! Balki haq to‘laydi! Bu, shubhasiz, “Ma’rifat”dir! Mana bir yildirki, “Ma’rifat” tufayli juda ko‘p tanlov, musobaqa, bellashuvlarda o‘quvchilarim va o‘zim g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilib kelyapmiz. Sevimli gazetamda bir yil davomida 25 ta fikrim, 4 maqolam nashr etildi. “Ma’rifat” ayrim o‘quvchilarimni ham tarbiyaladi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Tarbiyasi og‘ir o‘quvchimning “Ma’rifat kitobxoni” tanlovi g‘olibi bo‘lgandagi taassurotini ko‘rsangiz edi! Bu yil “Ma’rifat bilimdoni”da meni e’tirof etishdi, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” tanlovining respublika bosqichida nominatsiya g‘olibi bo‘ldim, “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldim, o‘quvchilarim “Odam savdosi” ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rin, UNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlar g‘olibi bo‘lishdi. AQSh Davlat departamentining ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar almashinuv kengashi buyrosi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda dars ishlanmam 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev imzosi bilan yozilgan nishonni Xalq ta’limi vaziri qo‘lidan oldim. Bu yutuqlarimning barchasiga “Ma’rifat” gazetasi bosh sababchi bo‘lganini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q!
Dilfuza Suvonova, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi:
— Ko‘p yillik mehnat faoliyatim davomida “Ma’rifat” gazetasini muntazam o‘qib boribman-u, ammo hech qachon maqola yozmagan ekanman. Telegram tarmog‘i orqali gazeta muxbiri bilan tanishib qoldik, u mening bir masala yuzasidan fikrimni so‘radi, fikrimni yozib yubordim, ertasi kuni o‘sha fikrimni kengaytirib berishimni so‘radi. Ishonasizmi, negadir qo‘rqdim. O‘zimga yaxshi tanish bo‘lgan bir ustozga maqolani siz yozing, men qo‘rqaman, dedim. Shunday qilib, maqola boshqa o‘qituvchi nomidan chiqdi. Birmuncha vaqt o‘tib, “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhi tashkil qilindi va unga a’zo bo‘ldim. Biz ta’limga oid juda ko‘p mavzularda fikrlashardik, tortishardik. “Ma’rifat” muxbirlari fikrlarimizni olib, yangi ruknlarda chop eta boshlashdi. Qarangki, bu meni yanada ilhomlantirdi. Yoza boshladim. Ta’limga, o‘quvchilarga oid muammolarni qo‘rqmay qalamga olishni o‘rgandim. Ko‘nglimdagilarni to‘kib soldim. Shunday qilib, mana yil so‘ngida sarhisob qilsam, “Ma’rifat” da 6 ta maqolam chiqibdi.
Madina Baxshilloyeva, Romitan tumanidagi 23-IDUM o‘qituvchisi:
— “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhi 2019-yildagi ish faoliyatimga katta o‘zgarishlarni olib kirdi. “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?” hamda “Mushtariy muhokamasi” ruknida o‘z fikrlarim bilan qatnashdim. Kitobxon o‘quvchilarim bilan “Ma’rifat kitobxoni” tanlovida yil davomida qatnashdik. Eng asosiysi, gazeta tahririyati tomonidan 2 bor faxriy yorliq bilan taqdirlandim. Men uchun bu yilgi eng yaxshi kutilmagan sovg‘a o‘quvchim Umida Sobirovaning “Ma’rifat kitobxoni” tanlovida 3-o‘ringa munosib topilgani bo‘ldi. Yana bir o‘quvchim faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Maktabimiz esa “Eng faol kitobxon maktab” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Bu e’tirof va e’tibordan o‘quvchilarimiz hamda maktab jamoamiz yana-da ruhlandi.
Hulkaroy Azimova, Baliqchi tumanidagi 50-maktab o‘qituvchisi:
— Bu guruh mening yaqin hamrohimga aylangan. Gazetaning jonkuyar jurnalistlari ushbu guruhda berilgan har bir savolga javob qaytarishadi. Bir yil davomida bu guruh vositasida ta’limga oid ko‘plab savollarga mutaxassislardan javob olindi, yana ko‘plab pedagoglar muammolari o‘rganilib, maqolalar yozildi. Qancha-qancha pedagoglar muammolari yechimini topdi. Kuzatib boryapman, o‘qituvchilar shu guruh orqali gazeta xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishyapti, muammolarini aytishyapti. Maqolalarni yuborish tizimi ham osonlashdi. Qolaversa, gazetada chop etilayotgan har bir tanqidiy maqolaga mutasaddilardan javob olinayotgani, muammolar yechimi topilayotgani ham ustozlarning matbuotga bo‘lgan ishonchini oshiryapti.
Ilgari men uchun gazeta xodimlari bilan yaqindan muloqot qilish orzu edi. 2019-yilda orzum ushaldi. Bu chekka tuman maktabidagi ustoz uchun katta sharaf.
Hafiza Rashidova, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— “Marifat” mushtariylari” guruhiga a’zo bo‘lgach, ish faoliyatim juda kop yangiliklarga boy bo‘ldi. U orqali anchagina yutuqlarga erishdim. “O‘qituvchi minbari” ruknida ta’lim jarayoniga oid maqolalarim chop etildi. “Texnologiya keraksiz fanmi?”, “Tashabbusni to‘g‘ri talqin qilaylik”, “Kashtachilik san’ati”, “O‘qituvchi innovatsiyadan foydalanishni biladimi?” mavzularidagi maqolalarim ko‘plab o‘qituvchilar o‘rtasida muhokama qilindi. Fanimizdagi talaygina muammolarga yehim topilishida bu maqolalarning ham qaysidir ma’noda ta’siri bo‘ldi, deb o‘ylayman. Zero, “Texnologiya keraksiz fanmi?” maqolasida bu fandan necha yillardan buyon darslik yo‘qligini yozgan edim. Shukrki, joriy o‘quv yilidan texnologiya fanidan ham zamonaviy darsliklar chop etila boshlandi.
Hoshim Hakimov, Kitob tumanidagi 79-maktab o‘qituvchisi:
— Guruh meni “Ma’rifat” gazetasi bilan yaqinlashtirdi. Bunda tajribali, ziyoli insonlar bilan tanishdim, fikrlar almashdim. Bu “ustoz” tushunchasining asl mohiyatini teranroq anglashimga yordam berdi. Guruh orqali ta’lim sohasida ko‘plab yutuqlarga erishib kelayotgan ustozlarni yaqindan taniy boshladim, ulardan bilmaganlarimni o‘rgandim, bilganlarimni boshqalar bilan baham ko‘rdim. “Ma’rifat” mushtariylari” Butun respublikamizdagi eng faol, intiluvchan, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan pedagoglarni jamlay olgan katta maydonga aylandi. Shu guruh orqali bir necha bor fikrlarim va maqolalarimni gazeta sahifalarida o‘qib faxr va iftixor hissini tuydim. Maktab pedagogik jamoasida ham mavqeyim ortgandek bo‘ldi. Havasmand bir necha o‘qituvchilarimiz gazeta bilan qanday qilib yaqin hamkorlik o‘rnatib olganimga qiziqishardi. Men ularni shu guruhga a’zo qildim, so‘ng gazetaga ham obuna bo‘ldilar. Mana shunday qilib biz “Ma’rifat”sevarlarning safimiz kengayib boryapti.
Lobar Yoqubova, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Har bir yilning o‘z tuhfasi, topilmalari bor. 2019-yil o‘qituvchi sifatida menga juda omadli yil bo‘ldi. Ayniqsa, “Ma’rifat mushtariylari” guruhiga a’zo bo‘lganim, yuragim tubida qolib ketayotgan so‘zlarimni ayta olish imkonini berdi. Eng muhimi, meni matbuotga yaqinlashtirdi. Shu bir yil davomida gazetada “O‘quvchini qiynamaylik!”, “Mumtoz asarlarni yo‘qotishdan asraylik” maqolalarim chop etildi. Turli mavzudagi yigirmaga yaqin fikr-mulohazalarim chiqdi. Quvonarlisi, “Ma’rifat kitobxoni” tanlovida o‘quvchilarimning ham ijodiy ishlari berib borildi. Shu kichik xizmatlarim e’tiborga olinib, gazetaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘ldim. Xullas, matbuotga oshno bo‘lish kishini ma’nan yuksaltirishini, ruhan toblashini “Ma’rifat” orqali anglay oldim. Chekka qishloqdagi oddiy o‘qituvchini eshitadigan, qadrdonidek unga suyanch bo‘ladigan gazeta xodimlaridan minnatdorman.
Oybek Urunov, Denov tumanidagi 27-maktab o‘qituvchisi:
— O‘tgan 2019-yil men uchun judayam quvonchli yil bo‘ldi. Sababi, “Ma’rifat”dek maqsadlari mushtarak oilada o‘z o‘rnimga ega bo‘ldim. “Mushtariy muhokamasi” sahifasining doimiy a’zosiga aylandim. Yil davomida juda ko‘plab fikrlarim ushbu sahifada yoritildi. Bir necha maqolalarim chop etildi. Maktabimizda “Ma’rifat” muxbiriga aylandim. Inson ijodkor bo‘lishi uchun, biror-bir holatdan ta’sirlanishining o‘zi kifoya ekan. Darhaqiqat, men hech qachon ijodkorlikka da’vo qilmaganman, ammo bir yil ichida biror-bir holatdan ta’sirlansam ijod qilishga odatlandim. “Ma’rifat” gazetasi bilan hamkorlik dunyoqarashim yanada kengayishiga, kasbiy tajribam ortishiga yaqindan yordam berdi.
Sahifani Zilola MADATOVA tayyorladi.