Samarqand viloyat hokimligi birinchi bo‘lib javob yozdi!
“Ma’rifat” gazetasining 2020-yil 8-yanvar sonida “Qonunbuzar hokimlar! Viloyat XTB boshliqlari ham!” sarlavhali maqola chop etilib, unda bugungi ko‘plab rahbarlarning gazeta o‘qimasligi natijasida matbuotda e’lon qilinayotgan tanqidiy maqolalar o‘z manziliga yetib bormayotgani, natijada muammolar yechimsiz qolib ketayotgani ta’kidlangandi. Nihoyat, bu masala bo‘yicha birinchi bo‘lib Samarqand viloyati hokimligi javob xati yo‘lladi.
Gazetamizning 2019-yil 14-sentabr sonida e’lon qilingan “Erkinjon Turdimovga ochiq xat” sarlavhali maqolada Samarqand viloyatidan shaxmat bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqqani, biroq viloyat hamda tuman hokimliklari, xalq ta’limi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari mutasaddilari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan ularga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani tanqid ostiga olingandi. Tahririyatimizga Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, viloyat shaxmat federatsiyasi raisi S.Usmonov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev, viloyat shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori A.Vaxidov, viloyat shaxmat federatsiyasi ayollar bosh treneri L.Erfan, viloyat shaxmat federatsiyasi erkaklar bosh treneri J.Akobirovlar imzosi bilan kelgan ma’lumotnomada yozilishicha, viloyat hokimligi bu borada qator ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2019-yilning mart-aprel oylarida viloyat shaxmat federatsiyasi Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi binosining 1-qavatiga joylashtirilib, xonalar 36 mln so‘mlik mebel jihozlari, 25 mln so‘mlik sport inventarlari, 50 dona shaxmat doskasi va 50 dona shaxmat soatlari bilan ta’minlangan. Yil davomida sport musobaqalarida ishtirok etgan shaxmatchi yoshlarning safar xarajatlari uchun 15 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Xatda hokimlik “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan tanqidiy maqoladan to‘g‘ri xulosa chiqarib, bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish bo‘yicha qat’iy vazifalarni belgilab olgani ma’lum qilingan. Ushbu vazifalar doirasida bir qator ishlar ham amalga oshirilgan. Xususan, shaxmat bo‘yicha xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchi yoshlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida 2019-yilning 4-oktabr kuni Samarqand shahridagi Yoshlar markazida 42-maktabning 4-sinf o‘quvchisi, shaxmat bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Afruza Hamdamova, 12-maktabning 10-sinf o‘quvchisi, Osiyo chempioni Ali Qosimov va 5-sinf o‘quvchisi, Osiyo va Jahon chempioni hamda sovrindori Akobirxon Saydaliyev, shu maktabning 3-sinf o‘quvchisi, G‘arbiy Osiyo chempionati g‘olibi Sharofatbegim Saydaliyeva, 14-maktabning 11-sinf o‘quvchisi, Osiyo chempioni Daler Vohidovlarga Samarqand shahar hokimining faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘asi (planshet) tantanali topshirilgan.
Shuningdek, 2019-yilning avgust oyida Urgut tumanidagi 81-maktabning 3-sinf o‘quvchisi, Osiyo chempionati sovrindori Ruqiya Olimova tuman hokimi M.Turdiyevning tashakkurnomasi va noutbuk, sentabr oyida Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limining tashakkurnomasi va 10 turdagi kitoblar jamlanmasi hamda tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan gilam va boshqa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan. Yana bir Osiyo chempioni, Nurobod tumanidagi 75-maktab o‘quvchisi Sevinch Alimovaga esa “Artel” televizori va mikroto‘lqinli pech topshirilgan.
Pastdarg‘om tumanidagi 19-maktab o‘quvchilari, Osiyo chempionlari Guldona Karimova, Kamron Karimovlarga ham tuman hokimligining esdalik sovg‘alari taqdim etilgan. Sportchilarni taqdirlash marosimlari ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilgan.
“Albatta, jahon maydonlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan, o‘zbek yoshlarining nimalarga qodir ekanligini dunyo miqyosida namoyon eta olgan ana shunday sportchi yoshlarimizni har qancha taqdirlasak, rag‘batlantirsak oz, — deyiladi ma’lumotnomada. — Bundan keyin ham faoliyatimiz davomida nafaqat sportchilar, balki boshqa sohalarda ham katta yutuqlarga erishib, tengdoshlariga namuna bo‘layotgan farzandlarimizni doim qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mahalliy hokimliklar bilan birgalikda amaliy ishlarni olib boramiz”.