Harbiy ta’lim takomillashtirilishi zarur
O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan buyon qisqa davr ichida harbiy qurilishda jiddiy muvaffaqiyatlarga erishdi.
Buning tarixiy sabablaridan biri xalqimiz qonida ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan irsiy jangovarlik ruhidir. Shunday ekan, biz harbiy yo‘nalishda nimalarga egamiz, nimalarga erishdik va oldimizda qanday vazifalar turibdi?
Harbiylarimiz keyingi yillarda olamshumul yutuqlarga erishmoqda. Biroq hali bu sohaga tatbiq etiladigan zamonaviy yangiliklar, texnik imkoniyatlar, jalb qilinishi kerak bo‘lgan insoniy omillar nihoyatda ko‘p. Shuning uchun ham Oliy Bosh Qo‘mondonimiz harbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, sohaga innovatsion yangiliklarni olib kirishga da’vat qilmoqda.
Harbiylarimiz psixologiyasidagi ularga xos bo‘lmagan va turli sabablarga ko‘ra ularning tiynatida shakllangan ko‘nikmalar yoki ulardagi biz hali ham shakllanish davridamiz, degan vaqtinchalik kayfiyat, amalda o‘zini oqlamagan tartib-qoidalar tizimga yangiliklarni joriy qilishda jiddiy ruhiy to‘siq bo‘lmoqda.
Harbiy tizim ma’lum ma’noda yakkahokimlikni talab qiladi. Shunga qaramasdan, ko‘pgina muammolar ushbu harbiy tizimda ham demokratik qarashlar talablariga asosan bajarilganda yaxshi natijalar beradi. Jumladan, harbiylarning kasbiy ko‘nikmalari, bilimlari turli variantlardagi darsliklar, uslublar orqali shakillantirilsa, ularda o‘z kasbiga ijodiy yondashuv kuchayadi. Masalan, bugungi kunda ham darsliklarning muqobil, bir necha varianti bo‘lishiga ko‘pchilik yomon ko‘z bilan qaraydi va qabul qilolmaydi. Vaholanki, masalaga ijodkorlik bilan yondashish uchun aynan darsliklarning turli variantlarda bo‘lishi katta rol o‘ynaydi.
Muqobil darslik deganda, O‘zbekiston harbiy ta’lim tizimiga Rossiya yoki boshqa xorijiy mamlakatlardan keltirilgan darslik va yo‘riqnomalar emas, aksincha, o‘z harbiy faoliyatimiz va mentalitetimizga mos keladigan, ammo bir mavzu turli variantlarda talqin qilingan darslik va normativ hujjatlar tushunilishi kerak.
Hozirgacha yurtimizda harbiy ta’lim yo‘nalishlari bir xil faoliyat yuritayotgani uchun kun talabi bo‘lmish ixtisoslashtirilgan harbiy ta’lim haqida fikr bildirilgan taqdirda bu fikrga qo‘shiluvchilardan ko‘ra, unga qarshilar ko‘p bo‘ladi. Zamon talabi esa harbiy soha uchun mutaxassislar tayyorlashni tor yo‘nalishlarda, ixtisoslashtirilgan holda olib borish va davom ettirishni talab qiladi. Chunki kadrlar tayyorlashga bunday yondashuv xorijiy davlatlarda allaqachon amaliyotga tatbiq etilgan. Buni o‘z o‘rnida harbiy tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan psixolog mutaxassislarimiz yordamida hal qilish lozim. Masalan, bugun oldimizda ikki muammo turibdi. Birinchisi, harbiy sohada ta’lim olayotgan yoshlarga darslarni ularning iqtidorini inobatga olib tabaqalashtirgan holda o‘tish. Ma’lumki, shaxs sifatida barcha birdek qobiliyatga ega emas. Demak, darslarni o‘tish jarayonida uzoq yillar davomida takrorlanib kelayotganidek hammaga teng imkoniyat darajasida yondashish, eng sust o‘zlashtiruvchiga qaratilgan holda darslarni o‘tish emas, aksincha, mashg‘ulotlarni a’lochi, iqtidorli yoshlar qobiliyatiga qaratgan holda tashkil etish maqsadga muvofiq. Zamon talabi va psixologik jihatdan hayotiy aksiomani inobatga olish vaqti keldi: hamma bir xil natija bilan oliy o‘quv yurtida o‘qiy olmaydi. Shu nuqtayi nazardan harbiy tizimda ham yuqori imkoniyatli, qobiliyatli yoshlarni topish va ularning iqtidorini yuzaga chiqarish mamlakatimizda inson kapitalini kuchaytirishga xizmat qiladi. Iqtidorli, qobiliyatli yoshlar harbiy fanlarni ham tez va qisqa muddatda o‘zlashtirishi uchun ularning imkoniyatiga qarab turli imtiyozlar bilan bir qatorda eksternatlarga imkon berish vaqti keldi. Ammo hali bunday imkoniyatlarning bugungi harbiy ta’lim tizimida qo‘llanayotganini ko‘rish qiyin.
Harbiy ta’lim tizimida katta islohot talab qiladigan ikkinchi jihat: kursantlarga sohaning jahondagi eng ilg‘or harbiy fanlar yangiliklari, dunyo amaliyotidagi eng yangi yo‘nalishlar taklif etilishi kerak.
Harbiy ta’limga kelganda bu jarayon umumiy bilim maskanlaridan jiddiy farq qiladi. Chunki harbiy ta’lim muassasalari ma’lum ma’noda tarbiya maskani ham ekanini unutmaylik. Bundan ikki ming yillar avval qadimgi yunonlar “Tolibi ilm ko‘za emas, uni ustozlar zamon ilmlari bilan to‘ldirsalar”, degan prinsipga amal qilgan. Talaba go‘yoki sham, uni ramziy ma’noda “yoqib” yuborish kerak, toki u o‘ziga ziyo izlasin.
Psixologiya fani nuqtayi nazari bilan qaraganda, tizimda yoshlarning harbiy maskanlarga kelgan davri eng mas’uliyatli, boshlang‘ich harbiy ko‘nikmalarni shaxs ruhiga singdirish pallasi sanaladi. Ayni shu davrda ularning ruhiga shiddat, vatanga jonini fido qilish ruhiyatini singdirish kerak. Bu davrda yoshlarni mustaqil fikrlashga, izlanuvchanlikka o‘rgatmasak, ulardan kelgusida jangovar ruhda fikrlaydigan, kerak bo‘lsa, vatan uchun o‘z jonini fido qiladigan, shiddatli va irodali avlod yetishib chiqmaydi.
Millatimiz, xalqimiz mentalitetini inobatga olib, yoshlarga harbiy ta’limni o‘smirlik davridan boshlab berishga o‘tish va oliy ta’limgacha harbiy gimnaziya va boshqa o‘quv maskanlarini ko‘paytirish kerak. Shundagina yoshlarimizni harbiy kasbga yoshlikdan o‘rgatish imkoniyatlari keng ommalashadi. Yoshlarni harbiy kasbga kiritish shunda ikki bosqichli bo‘g‘inga aylanadi.
Xalq ta’limi tizimida ham yoshlar orasida harbiylikka qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar tashkil qilish maqsadga muvofiq. Shunda ixtisoslashtirilgan harbiy maktablarda yoshlarni harbiy ta’lim tizimiga tayyorlash an’anaga aylanadi.
Mahmud YO‘LDOSHEV, psixologiya fanlari nomzodi, iste’fodagi polkovnik