O‘qituvchi no‘noq, repetitor zo‘rmi?
“— Xolida opa, qarang 7-sinflar orasida Mahmudov o‘quvchingiz juda odobli, mavzuni tez ilg‘ab oladi, fikrlashi ham boshqalarga qaraganda teranroq, shu bola menga yoqadi-da!
— Ha, nimasini aytasiz, o‘zi shu o‘quvchim boshqacha aqlli-da...”
Adabiyot fani ustozimiz Gulchehra opadan badiiy kitob olish uchun xonasiga kirganimda bexosdan ushbu suhbatni eshitib qoldim. Ancha vaqt xayolimni qandaydir savollar, o‘ylar tinch qo‘ymadi. Qiziq, ustozlarimiz orasida bo‘lgan suhbat biz o‘quvchilarni ham ba’zida qiynab turadi. “Geometriya darsiga kirgim kelmayapti, shu ustozni ko‘rishga ko‘zim yo‘q” , “Fizikani o‘zi tushunmayman, yana har dars doskaga chiqarib, masala yechasan deyishiga hayronman, domla, yecholmayman desam, gap qaytarma Tursunov, domla machitda bo‘ladi” degani yoqmaydi, darsdan qochamizmi, o‘rtoq?”
Shunday o‘quvchilar borki, ular o‘zlari qiziqqan fanga astoydil tayyorlanib boradi va ustozlarining mehrini qozonadi. Bizga “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” maqolini o‘qituvchilar bot-bot takrorlab turishadi. Aslida bunda birinchi o‘rinda oila, lekin maktabning roli ham katta. Chunki kunimizning asosiy qismi jonajon maktabimizda o‘tadi-da...
O‘quvchilarning yana bir toifasi bor. Ular ikkinchi uyida to‘polon qiladi-yu, ammo oilasining bag‘rida, ota-onasining oldida sho‘xliklarini bildirmaydi. Ehtimol, otasidan qo‘rqqani uchun, dersiz? Unda nega ustozidan hayiqmaydi? Bu bilan ota-onasining hurmatini o‘rniga qo‘yganidek, o‘qituvchisining ham hurmatini joyiga qo‘yishi kerakligini nazarda tutyapman. Innovatsion g‘oyalar bilan o‘quvchilarni o‘ziga jalb qilish qobiliyatini o‘zlashtirgan ustozning darsini tinglamaganimiz, shu o‘qituvchidek zamonga hamnafas bo‘lishga intilmaganimiz uchun ertaga oliy o‘quv yurtiga kirish uchun qo‘shimcha “repetitor”ga boramiz. Vaholanki, “repetitor” ham aynan maktab darsligini o‘qitadi.
“Bizning vaqtda shu repetitorsiz o‘qishga kirardik, hozir esa o‘qishga kirganni qo‘shimchaga bormagan deb tasavvur qila olmaymiz”, deydigan ustozlarimizni eshitib, xafa bo‘lasan kishi. Shunday paytlarda “shu narsani yana yo‘lga qo‘ysak, oilamiz byudjetiga foyda bo‘lardi, agar sizlar o‘z ustingizda...” deging keladi-yu , behurmatlik bo‘lmasin deb jim o‘tiramiz.
Har bir bola ustozining diqqat e’tiborida ya’ni, erkatoy o‘quvchisi bo‘lishini istaydi. Faqat past o‘zlashtirgan bolaga ustozi boshqalardan ko‘ra kuchliroq e’tibor bersa, kifoya. Ana shunda ustozlarimizning barchasini barchamiz birdek sevamiz, darsdan qochish fikri aslo xayolimizga kelmaydi.
Yulduz O‘ROLOVA, O‘zJOKU talabasi
Manba: www.bong.uz