O‘qituvchi nega gazeta o‘qishi kerak?
Biz o‘qituvchilar majburiy obuna, hashar, paxta terish, kommunal to‘lov undirish yoki ko‘chalarni obodonlashtirish-tozalash, xullas haqsiz, ya’ni pul to‘lanmaydigan har qanday ishga (yana o‘z asosiy ishingni chetga surib) jalb etilgan zamonlar hozir xuddi tushda kechgandek tuyuladi. Aslida bu kabi “yuk”lardan xalos bo‘lganimizga ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q. Agar tan olib aytadigan bo‘lsam, o‘zim ham “jamoatchilik topshiriqlari” ko‘rinishidagi majburiy mehnat, ta’limga taalluqli bo‘lmagan yoki umuman aloqasi yo‘q tadbirlarga chaqirilmay qolganimizga hamon ishonmay yuribman.
Biroq ayni kunlar o‘qituvchining qadri, qaddi tiklanishi, mavqeyi ortishi va ziyoli sifatidagi qadr-qimmati, ustoz sifatidagi obro‘-e’tibori mustahkamlanishiga xizmat qilyapti. Bundan albatta g‘ururlanishimiz kerak.
Shu o‘rinda o‘tgan yillar tajribasidan kelib chiqib aytmoqchiman, biz haliyam o‘zimizni-o‘zligimizni, pedagoglik mas’uliyatimizni to‘la anglab yetmadik. Tevarak-atrofingizga nazar tashlang, aziz hamkasblar. Hamon bir amallab dars soatini qoraytirish, ustozlik burchi hamda vazifasini ko‘r-ko‘rona uddalashdan nariga o‘tmayotgan kasbdoshlarimiz ozmi? O‘z ustida ishlash, kasbiy mahorat va bilimini oshirishga erinib, 10–15 yillik almisoqdan qolgan konspektini qo‘ltiqlab maktabga shunchaki kelib-ketayotganlar yo‘q deysizmi? Oylab-yillab o‘z faniga doir biror yangilik izlamaydigan, tadbir yoki amaliy seminar tashkil etmaydiganlar bor-ku safimizda. Qo‘liga kitob olib, mutolaadan olgan taassurotlarini to‘lqinlanib hikoya qilish o‘rniga bozordan olgan mato yoki biror matohni og‘iz ko‘pirtirib ta’riflayotgan muallimalar yuribdiku davramizda!
Yaqinda sinov uchun bir ish qildim. Ta’lim xodimlarining ko‘nglidan joy olgan nashrlardan biri “Murabbiy” gazetasining yangi sonini o‘qib bo‘lgach, o‘zim kabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilaridan birining xonasiga kirib, o‘qish uchun berdim. U hafsalasizlik bilan oldi-da, stoli ustiga qo‘ydi. Oradan uch kun o‘tgach, gazetani qaytarib olish uchun oldiga bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, gazeta qanday qo‘yilgan bo‘lsa shundayligicha stol ustida turgan ekan. Ko‘rinishidan u hatto ochilmagan edi. Hamkasbim esa zo‘r berib telefoniga yopishgan ko‘yi stolga muk tushib, qandaydir video tomosha qilardi. U gazetani olayotganimga parvo ham qilmadi. Bu bilan nima demoqchiman? Atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga e’tiborsiz, yangilikka befarq, bir paytlar olgan bilimiga bino qo‘ygan muallimdan saboq olayotgan o‘quvchilarga achindim.
Endi yana majburiyatlar tamoyiliga qaytsak. Menimcha, pedagog vazifasi taqozosiga ko‘ra, avvalo, gazeta-jurnal, kitob o‘qishga majbur. Eng muhimi, hozir bizda tanlov imkoniyati bor. O‘zingiz ixlos qo‘ygan, qiziqarli, kasbiy faoliyatingizni olib borishingizda eng katta ko‘makchi bo‘layotgan ta’lim nashrlari, xususan “Ma’rifat”ga obuna bo‘lish faqat manfaat keltirishiga ishoning. Axir yaqindayam bizga daxldor yoki aloqasi yo‘q gazetalarga majburlab obuna qilishganda miq etmay yurgandik. Endi tanlov imkoniyati yaratildi. Buyog‘iga adashmasligimiz, bizdan ta’lim-tarbiya olayotgan el farzandlarining kelajagi hurmati o‘qishimiz va o‘rganishimiz zarur.
Mashhura UBAYDULLAYEVA, Uychi tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi