Muammoni aytgan aybdormi? Yoxud 4 oyga kechikkan javob
Gazetamizda ko‘pdan buyon ta’lim jarayonidagi muammolar, o‘qituvchilar dardi, ta’lim muassasalaridagi mavjud kamchiliklar borasida maqolalar berib borilyapti. Muammolarni ko‘tarishdan maqsad ularga yechim topish, mutasaddilar o‘z tasarrufidagi obyektlarga javobgarlik hissini teranroq anglashi va o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishiga turtki berishdan iborat. Zero, bu OAVning vazifasiga kiradi.
“Ma’rifat”ning 2019-yil 26-oktabr kungi 83-sonida Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi 12-maktabgacha ta’lim tashkilotining kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi, isitish tizimida talay muammolar mavjudligi va buning natijasida ko‘p yillardan buyon qish kunlari bolalar sovuqda qiynalayotgani, bu ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tanqid ostiga olingan “Bog‘cha emas, kelajak muammosi” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Maqola chop etilganiga 4 oy bo‘ldi. Mazkur maqolada ko‘tarilgan muammolarga e’tibor qaratilishini so‘rab tahririyatimiz 2019-yil 12-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev nomiga xat bilan chiqdi. Ammo qonunchilikda belgilangan muddat ichida xatimizga javob ololmagach, gazetamizning 2020-yil 8-yanvar kungi 2-sonida “Qonunbuzar hokimlar!” sarlavhali maqolada Qashqadaryo viloyati hokimi tomonidan xatimiz javobsiz qoldirilganligi yana tanqid ostiga olindi. “Qonunbuzar hokimlar!” maqolasidan so‘ng ham tahririyatning rasmiy xatiga javob berilmadi. Ammo mazkur maqoladan so‘ng “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida bu masala muhokama qilina boshlandi. Shundan so‘nggina Qashqadaryo viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi o‘z munosabatini bildirdi. “Xolislikdan juda uzoq “tezkorlik” deb sarlavha qo‘yilgan mazkur munosabatni o‘qib, yana hayratga tushasan kishi. Zero, unda maktabgacha ta’lim tashkilotidagi muammolarga e’tibor qaratish o‘rniga muxbirdan olgan ma’lumotlarini 2 oy o‘tib maqolada bayon etgani ortidan “noxolislik” aybi axtarilgan. Buni qarangki, mutasaddilar uchun tuman hokimligining yonginasida joylashgan bolalar bog‘chasidagi noqulay sharoit ikkinchi masalaga aylanib, muammoni aytgan muxbirning “aybi”ni topish birlamchi masalaga aylanib qolibdi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan munosabatni o‘qib chiqing va o‘zingiz mulohaza qiling, aziz gazetxon!
Xolislikdan juda uzoq “tezkorlik”
Bugungi zamon shiddati har bir sohada namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarida bu yanada yaqqolroq sezilmoqda. Bu albatta, barchani quvontiradi. Ammo ayrim hollarda shunday “tezkor”liklarga ham guvoh bo‘lasizki, beixtiyor yoqa ushlaysiz...
Keling, sizga tushunarliroq bo‘lishi uchun “uzoqroq”dan boshlaymiz. So‘nggi yillarda mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim sohasida ulkan ishlar amalga oshirildi va tizimda misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
Bu o‘zgarishlar nafasi Qashqadaryo viloyatida ham sezilmoqda. Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, keyingi ikki yilda viloyatda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 326 tadan 1 116 taga, ya’ni 3 barobardan ko‘proqqa, qamrov ham 32 059 nafardan 110 532 nafarga ortdi. Raqamlar shunchaki emas, qilingan ishlar samarasi, amalga oshirilgan ishlar ro‘yobidir. Bu yo‘lda soha vakillarining mashaqqatli mehnati turibdi, albatta.
E’tirof etish kerakki, bu kabi jadal islohotlar bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida ham aksini topmoqda. Bu quvonarli. Zero, har bir yangilik, ta’bir joiz bo‘lsa har bir qadam, har bir quvonchli xabar basma-bas aksini topayotgani bor gap. Xuddi shuningdek, joylarda loqaydlikka yo‘l qo‘yayotgan rahbarlar, tarbiyachilarning o‘z ishiga mas’uliyatsizligi, shart-sharoitlar haqida ham tanqidiy ruhdagi chiqishlarning borligini ham inkor etmaymiz. Zero, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Muhimi ularni tuzatish, kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ammo mana bu holatga qanday baho berishga hayronsan kishi.
Jurnalist O‘ktam Meyliyev 2019-yilning avgust oyining oxirida Muborak tumanida bo‘lib, tumandagi 12-maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishadi. Bu paytda tashkilotda qishgi mavsumga tayyorgarlik, taraddud ishlari borayotgan, tabiiyki holat ham shunga monand bo‘lgan. Holatni suratga tushirgan, ma’lumotlarga ega bo‘lgan O‘.Meyliyevning “tezkorligi”ni qarangki, oradan 2 oydan oshiq vaqt o‘tib, “Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 26-oktabrdagi 83-sonida “Bog‘cha emas, kelajak muammosi” sarlavhasi ostida huv o‘sha tayyorgarlik, taraddud jarayoni aks etgan suratlar va ma’lumotlarni asos qilib maqola chop etadi. Oktabr oyining ham oxirida chop etilgan bu “tezkorlik”dan maqsad nima edi?
Modomiki, kamchilik bo‘lgan ekan, ishda qusur bor ekan, nega jurnalist o‘sha xabar yoki maqolani o‘sha paytning o‘zida chop etmadi? Hechqursa, o‘sha paytdagi surat va holat haqida 10 kundan so‘ng ma’lumot berilganda ham birqadar xolis yondoshilgan bo‘lardi. Ammo O‘.Meyliyevning bu “chiqishi” omma e’tiborini o‘ziga qaratish, “piar” qilishdek taassurot uyg‘otadi kishida.
Inkor etmaymiz, so‘zimiz avvaliga keltirilgandek, ishlar ko‘lami juda keng. Bu jarayonda kamchiliklar ham kuzatilishi tabiiy. Busiz iloji yo‘q. Holbuki, ommaviy axborot vositalari bilan yaqin aloqalar va hamkorlik doirasida qator holatlarga aniqlik kiritildi, e’tibor qaratildi. Biz bunday hamkorlikdan manfaatdormiz. Ammo yuqoridagi kabi xolislikdan uzoq “tezkor”lik faqat va faqat soha xodimlarining ishchanlik kayfiyatiga ta’sir o‘tkazish va yutuqlarimiz yuziga qora chaplashdan boshqasi emas.
Qashqadaryo viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati
Tahririyat: O‘.Meyliyev maqolasida “Bog‘chadagi shartsharoitlarni ko‘zdan kechira turib, shunga amin bo‘ldikki, MTTdagi isitish tizimi uzoq yillardan buyon ishlamas ekan” deyilgan edi. Darvoqe, uzoq yillar mobaynida ishlamasligini jurnalist muassasa xodimlari bilan gaplashib, surishtiruvlar o‘tkazib, so‘ng qalamga olgan. Buni maqolani o‘qigan kishi darrov anglaydi. Ammo bu muammoni maqola chiqqanidan so‘ng bartaraf etib, so‘ng jurnalistni noxolislikda, nohaqlikda ayblashdan nima naf? Ming afsuski, bunday ko‘zbo‘yamachiliklar ortida yana nechalab ta’lim muassasalari muammolar qurshovidan chiqib keta olmayapti. Munosabatda qalamga olingan islohotlar-u raqamlarga hech qanday e’tirozimiz yo‘q, bu o‘zgarishlarni hammamiz ham ilg‘ab turibmiz, ammo mavjud kamchiliklarni xaspo‘shlamasak yanayam ko‘proq narsaga erishgan, talay muammolarga yechim topgan bo‘lar edik.
Darvoqe, viloyat hokimligi rasmiy murojaatimizga hamon rasmiy javob bergani yo‘q.