Davlat va mahalliy boshqaruv organi rahbarlari maktablarni otaliqqa oldi
Mamlakatimiz vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari, shuningdek sektor rahbarlari xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarini otaliqqa oldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yilning 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Mazkur yig‘ilish bayoniga muvofiq vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlarining otaliqqa olish ro‘yxati va ularning o‘quv muassasalariga tashriflari rejasini tasdiqlash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Ushbu vazifaga mas’uliyatli yondashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli topshirig‘i bilan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablariga otaliqqa biriktirildi. Jumladan, vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari Toshkent shahridagi 302 ta umumta’lim maktabini otaliqqa oldi. Shu bilan bilan birga, mahalliy davlat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari 119 ta maktab, sektor rahbarlari 815 ta maktabga biriktirildi. Bu haqda XTV axborot xizmati xabar berdi.
Biriktirilgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari har oy otaliqqa olingan maktablariga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida ular “Vazir soati”, “Hokim soati”, “Tadbirkor va bankirlar sabog‘i”, “Hayot saboqlari” kabi ochiq darslarini o‘tkazish bilan birga o‘quv muassasasi faoliyati va muammolari bilan yaqindan tanishib boradi.
Umumta’lim maktabi (filiali) binosini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash choralarini ko‘rish bo‘yicha ishlarni o‘z nazoratiga oladi.
O‘z o‘rnida biriktirilgan rahbarlar maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, jihozlash, jumladan, kutubxonalarni yangi adabiyotlar bilan boyitish, o‘quv muassasasini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘mak beradi.
Rahbarlarga yuklatilgan vazifalar orasida maktablarni yangi o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish hamda Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusini amalga oshirish bo‘yicha umumta’lim maktablarini tayyorlash va bu yo‘nalishda o‘tkaziladigan tadbirlarga homiylik qilish ham nazarda tutilgan.
- 2019-yilning 23-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur, deb ta’kidladi. Maktablarni respublikadagi vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlariga otaliqqa berish orqali biz joylardagi maktablarning infratuzilmasini takomillashtirish va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlarga erishamiz. Umid qilamizki, mamlakatimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan yirik davlat va xususiy korxonalar, banklar, tashkilot vakillari ham bu harakatga qo‘shilib, maktablarimizni rivojlantiradi. Faqat birgalikdagina ko‘zlangan maqsadga erisha olamiz! — dedi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibroxim Djurayev.