“Havo yo‘llari” o‘zbekchani bilmaydimi?
Odatda bort kuzatuvchisi lavozimiga ishga olinayotganda rus va ingliz tillarini mukammal bilish talab etiladi. O‘zbek tilini bilishning ahamiyati yo‘q, shekilli...
Yaqinda oilamiz bilan boshqa shaharga borish uchun samolyotda uchishga to‘g‘ri keldi. Havo laynerining ozodaligi, shinamligi quvontirdi. O‘z joyimizga joylashib olganimizdan so‘ng samolyot asta-sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shu payt radiodan bort kuzatuvchisining qo‘ng‘iroqday ovozi yangray boshladi. Ko‘z oldim qorong‘ulashib, shu darajada jahlim chiqdiki, hozirgina his qilib turgan iftixor tuyg‘usidan asar ham qolmadi. U o‘zbek tilini shu qadar buzib, shu qadar xunuk talaffuz qilar ediki… Ham tushunarsiz, ham odamning asabini buzadigan nutq. O‘zbek tilidan keyin rus va ingliz tilida shu qadar ravon so‘zladiki, uning talaffuziga ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib turib havas qildim.
Bu o‘zbek tilini mazax qilishmi? Nahot hech kim bunga e’tibor bermasa? Axir samolyotda boshqa millat vakillari ham bor, ustimizdan kulishmaydimi? Shunday oddiy narsalardan boshlanmaydimi tilning o‘limi?
Fotimaxon MAHMUDOVA, Quva tumanidagi 27-maktab o‘qituvchisi