Toshkent shevasi — adabiy til emas!
Hozirgi o‘zbek adabiy tili milliy tilimizning oliy shaklidir. Zero, u buyuk shoir, yozuvchilar, el tanigan ulkan olimlar, faylasuflar, tilimiz zahmatkashlari tomonidan jonli xalq tili, shevalarimiz, Navoiy asos solgan eski o‘zbek adabiy tili asosida, ularga fonetik, grafik, orfoepik, orfografik, lug‘aviy-ma’noviy, grammatik, uslubiy, madaniy-ma’rifiy, etik-estetik ishlov berilgan, me’yorlashtirilgan, silliqlashtirilgan tildir.
Biroq adabiy til bilan, uning mavqeyi-maqomi, qo‘llanish doirasi, adabiy nutq hududi bilan bog‘liq ayrim muammolarimiz, bu borada yo‘l qo‘yilgan va qo‘yilayotgan kamchiliklarimiz yo‘q emasligini ham ko‘rmaslik, sezmaslik, aytmaslik mumkin emas.
Bunday nomunosib munosabatni adabiy til, adabiy nutq hududida, uning qonuniy maydonida adabiy so‘zlashuvga zid holat — shevachilik, noadabiy nutq kuchayib borayotganida aniq ko‘rish mumkin. Xususan, poytaxt maktablari, kollej, litseylarining (bundan ayrim oliy o‘quv yurtlari ham mustasno emas) ko‘pchiligida adabiy tilda so‘zlashish, adabiy nutqda faoliyat yuritish o‘rniga Toshkent shevasida gapirish tez-tez kuzatiladigan hodisagina emas, odatdagi hol bo‘lib qolganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi. Binobarin, adabiy til qo‘llanishi lozim bo‘lgan o‘rinlarda biror shevaning hukmron mavqega o‘tib olishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim va shart.
Biror lahja yoki sheva obyektiv tarixiy haqiqatga ko‘ra, umumo‘zbek tili maqomida faoliyat yuritmagan, yurita olmaydi ham. Uning xizmat ko‘rsatish doirasi muayyan sheva tarqalgan hudud, oilalar yashayotgan uylar, qishloq yoki ko‘cha va bir sheva vakillarining o‘zaro muloqotidan tashqarida emas. Ana shu hudud va holatlarda u bemalol ish yuritaveradi va bunga hech kimning monelik qilishga haqi ham, haddi ham yo‘q. Binobarin, Toshkent shahrining O‘zbekistonning poytaxti ekani (yoki Samarqandning Amir Temurning boshkenti bo‘lgani-yu, Qo‘qon va Buxoroning xonliklar markazi maqomida faoliyat yuritgani va shunga o‘xshash boshqa xil milliy birligimizga xilof, unga putur yetkazadigan kattamanliklar) shu nomlardagi shevalarga boshqa shevalardan ortiq imtiyoz bermaydi. Zotan, biz o‘zbekmiz va bizning umummilliy tilimiz adabiy o‘zbek tilidir, biror sheva, jumladan, Toshkent shevasi emas.
Davlat tili maqomi ham mohiyatan adabiy til timsolidagi o‘zbek milliy tiliga berilgan. Negaki butun o‘zbek xalqi gaplashadigan shevalararo til faqat adabiy tildir. Bunday vaziyatda u xalqaro tilga o‘xshash vazifani bajaradi. Turli sheva vakillari o‘zaro adabiy tilda fikr almashadilar, aloqa qiladilar. Birorta shevada bunday imkoniyat ham, imtiyoz ham yo‘q, u shunga da’vogarlik ham qila olmaydi, bunday huquqqa ham ega emas. Biz — o‘zbek adabiy tili bayrog‘i ostida birlashgan xalqmiz. Bu jihatdan u milliy madhiyamiz, milliy bayrog‘imiz, milliy gerbimiz, milliy qomusimiz maqomida bo‘lib, bizni yagona millat sifatida shakllantirib, birlashtirib turuvchi eng muhim, asosiy vositalardan biri hisoblanadi. Bu borada hech bir lahja, sheva bunday vosita rolini o‘ynay olmaydi va hech bir sharoitda, biror-bir asos bilan uning o‘rnini bosa olmaydi. Bilib olishimiz zarur: bizning bobo tilimiz qaysidir lahja, sheva emas, balki barcha lahjalar asosida shakllantirilgan adabiy tildir.
Demak, adabiy tilimiz bugun millatimizning eng muhim aloqa vositasi, fikr almashish quroli bo‘lishi bilan birga, aql, qalb, ruhga doir neki bo‘lsa, intellektual-hissiy mazmunli nimaiki bor, ularning barchasining yaratilishi, yashashi, to‘planishi va saqlanishi, o‘zlashtirilib, bilib olinishi uchun ham asosiy vosita, tengsiz manba, muqaddas meros. Zamonaviy o‘zbek kishisi uchun asosiy milliy qadriyatlar mujassamlangan adabiy tilsiz, adabiy nutqsiz hozirgi davrda to‘laqonli, madaniy-ma’rifiy hayot kechirish mumkin emas.
Jumanazar ABDULLAYEV, filologiya fanlari nomzodi