Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida maktab formasi bo‘yicha qator talablarni joriy qilish taklif etilmoqda
Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarori muhokamaga qoʻyildi.
Mazkur qaror nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadiga qaratilgan.
Unda taʼlim oluvchilarning kiyimiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qoʻshishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos boʻlgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yoʻl qoʻymaslik, oʻgʻil bola taʼlim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qoʻygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun boʻlgan va yorqin ranglarga boʻyalgan holda kelishlariga, qiz bola taʼlim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga boʻyagan, yuzini koʻzga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulogʻiga bittadan ortiq sirgʻa taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qoʻl tirnoqlarini boʻyagan va uzun qilib oʻstirgan holda kelishlariga yoʻl qoʻymaslik koʻzda tutilyapti.
Oʻz navbatida 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarning davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024/2025-oʻquv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Qarorda ota-onalar bilan kelishgan holda nodavlat umumtaʼlim tashkiloti pedagogik kengashining qarori bilan taʼlim oluvchilar uchun yagona forma namunasi tasdiqlanishi nazarda tutilyapti
“Forma namunasi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi namunasi bilan aynan bir xil boʻlishi ham mumkin.
Taʼlim oluvchilar tomonidan formani kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
— kiyimlarning oʻta tor yoki oʻta keng bichimda boʻlmasligi;
— qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 – 15 sm. pastda boʻlishi;
— oʻgʻil bolalar uchun shimning uzunligi oyoq toʻpigʻidan pastda boʻlishi;
— oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland boʻlmasligi;
— koʻylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan boʻlishi;
— kiyimlarning toza va dazmollangan boʻlishi.
193. Taʼlim oluvchilar nodavlat umumtaʼlim tashkiloti binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, tashkilotda oʻtkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy oʻrta taʼlim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan taʼlim oluvchilarning formasiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, nodavlat umumtaʼlim tashkilotida:
— oʻgʻil bola taʼlim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qoʻygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun boʻlgan va yorqin ranglarga boʻyalgan holda kelishlariga;
— qiz bola taʼlim oluvchilarning tashkilotga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga boʻyagan, yuzini koʻzga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulogʻiga bittadan ortiq sirgʻa taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qoʻl tirnoqlarini boʻyagan va uzun qilib oʻstirgan holda kelishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
194. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, taʼlim oluvchilar formaning nimchasini yoki kostyumini, koʻylakning yengi uzun yoki kalta shaklini ixtiyoriy ravishda kiyishlari mumkin. Shuningdek, qishki oʻqish davrida qizlarga yagona formaga mos shim kiyishga ruxsat beriladi.
195. Nodavlat umumtaʼlim tashkiloti pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan forma namunaviy shakllarining rangli rasmlari va texnik koʻrsatkichlari – matoning tarkibi va rangi haqidagi maʼlumotlar 1–6-sinflar va 7–11-sinflar kesimida nodavlat taʼlim tashkilotining barchaga koʻrinarli joyiga osib qoʻyiladi”, — deyiladi hujjat matnida.