Bunday sharoitda ta’limni sifatli tashkil etish mumkinmi?
Saylovchi qachon deputatga ishonadi? Qachonki, deputat unga bergan vaʼdalari ustidan chiqa olsa, qachonki, uning muammolarini oʻrganib, joyida hal etishga koʻmaklashsa, shundagina odamlarning ishonchi ortadi. Shu nuqtayi nazardan, bugun har bir partiya saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga katta eʼtibor bilan yondashib, aholi bilan muloqotlar oʻtkazishga jiddiy ahamiyat qaratyapti.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi hamda partiyaning Markaziy Kengashi aʼzolaridan iborat ishchi guruhi shu yilning 19 — 22-fevral kunlari Jizzax viloyatida boʻlib, u yerda taʼlim-tarbiya sohasida maktabgacha taʼlim muassasalari va umumiy oʻrta taʼlim tizimini isloh qilish, uning sifatini oshirish hamda rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oʻrgandi. Madaniyat markazlari faoliyati, mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati va aholi bandligi boʻyicha qilinayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oʻrganishlarda maktablarda oʻquv oʻrinlarining soni real oʻquvchilar soniga nisbatan nomutanosibligi, kutubxona, oshxona, sport va faollar zallarining aksariyat maktablarda yaroqsiz holdaligi, isitish tizimidagi nosozliklar, ichimlik suv bilan yetarlicha taʼminlanmagani, maktabdagi toʻgaraklar faoliyatining toʻgʻri tashkil etilmagani, maktab uchun musiqa asboblari, sport va laboratoriya jihozlarining yangilanmagani, maktabgacha taʼlim va oliy taʼlim tizimlari bilan uzviylikni taʼminlashga eʼtibor qaratilmagani aniqlandi.
Viloyatdagi aksariyat maktablarda oshxona tashkil etilmagan. Sanoqli taʼlim muassasalarida bufetlar mavjud boʻlib, ularda sanitariya qoidalari va meʼyorlariga toʻgʻri kelmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi yoʻlga qoʻyilgan. Arnasoy tumani 8-umumtaʼlim maktabidagi bufetning ijara shartnomasida gaz, elektr, issiq va sovuq suv, suv quvurlari mavjud emasligi qayd etilgan holda, u mutasaddi tashkilotlar tomonidan uch tomonlama imzolangan. Mazkur shartnoma Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli qarori talablariga zid.
Ishchi guruh tomonidan oʻrganilgan taʼlim muassasalarida kutubxonalar badiiy adabiyotlar, elektron oʻquv darsliklari bilan oxirgi 20 yillikda taʼminlanmagan, ayniqsa, lotin alifbosidagi badiiy adabiyotlarga ehtiyoj mavjud.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ham taʼlim sifati qoniqarsiz ahvolda. Bu deputatlarning maktab oʻquvchilari bilan oʻquv darsliklari yuzasidan oʻtkazgan suhbatida ayon boʻldi. Shuningdek, oʻquv laboratoriya jihozlari yoʻqligi, hatto 10 va 11-sinf oʻquvchilarining darsdan ketib qolish holatlari uchrayotgani tashvishlanarlidir.
Zarbdor tumanidagi Jizzax viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli Kar va soqov bolalar maxsus maktab-internatida kasbiy taʼlim boʻyicha jihozlar, duradgorlik, tikuvchilik asboblari, fizika, kimyo fanlaridan oʻquv laboratoriya jihozlari yoʻq. Oshxona muzlatkichlaridagi goʻsht mahsulotlari qorayib, sifati buzilgan holda saqlanayotgani aniqlandi. Oʻquvchilarga kechki payt tarbiyachilar tomonidan tazyiqlar oʻtkazilayotgani maʼlum boʻldi. Deputatlar bu boʻyicha zarur choralar koʻrilishini bildirdi.
Viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, aksariyat maktabgacha taʼlim muassasalarida bir talay muammolar bor. Deputatlar mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga oid ayrim takliflarini ilgari surdi.
Oʻrganishlar jarayonida fuqarolar tomonidan bir nechta murojaat qabul qilindi va ularning ayrimlari joyida hal etildi. Xususan, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov bilan boʻlgan sayyor qabulda 2005-yilda Paxtakor tumanida tugʻilgan Gavhar Kenjayeva ikki tomonlama buyrak qurishi kasalligiga chalingani va hozirgi kunda operatsiyaga muhtojligi boʻyicha murojaat etdi. Bemor hozir poytaxtda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda va unga order olishda koʻmaklashilyapti.
Zafarobod tumani fuqarosi Maftuna Ulasheva moddiy yordam ajratish va farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishda yordam soʻradi. Bu masala ham joyida hal qilindi.
Umuman aytganda, deputatlarning joylarda olib borayotgan oʻrganishlari, aholi bilan tashkil etayotgan ochiq muloqotlari ezgu maqsadga — har bir insonning oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashini kafolatlash, eng muhimi, parlament aʼzolarining xalq bilan yonma-yon, yelkama-yelka turib ishlashi, undan uzilib qolmasligini taʼminlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Manba: “Xalq soʻzi”