Maktabingiz ikki smenalimi? Demak, muammolar yo‘q emas
Yangi qurilayotgan maktablardagi qulay shart-sharoitlar, “Zamonaviy maktab” davlat dasturi doirasida ta’mirlanayotgan maktablar kishida havas uyg‘otadi. Ammo hali yana ko‘plab ta’lim muassasalarida sharoit havas qilarli darajada emas. “Ma’rifat” mushtariylari” “Telegram” guruhida o‘zaro suhbat va munozara mavzusi 2–3 navbatda faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablariga borib taqaldi-yu, muallimlarning og‘riqli torlari chertib yuborilganining guvohi bo‘ldik. Ma’lumki, hozir aksariyat maktablarimizda ta’lim ikki smenada, ba’zi maktablarda hatto uch smenada tashkil etilyapti. Xo‘sh, bunday sharoitda ta’lim olayotgan o‘quvchilar qanday qiyinchiliklarga duch keladi, pedagoglar-chi? Bu savollarga o‘qituvchilar javob beradilar.
Go‘zal PINYOZOVA, Yangiariq tumanidagi 31-IDUM o‘qituvchisi:
— Maktabimiz 2 smenada ishlaydi. Aslida bir smenali bo‘lganida chekka hududdagi maktablarda ertalab dars 8:30, 9:00 da boshlansa yaxshi edi. Sababi, 8:00 da boshlanadigan darsga o‘quvchi kech qolmasligi uchun 7:00, 7:30 da yo‘lga chiqishi kerak. Qish kunlari bunday vaqtda ko‘cha qorong‘i bo‘ladi. Natijada o‘quvchilarning aksariyati kech qolishadi, buning hisobiga dars buziladi. Mavzuni to‘liq tushunishmaydi. Maktab ikki smenali bo‘lgani uchun darslarni 8:30, 9:00 da boshlashning imkoni yo‘q. Darsdan keyin qo‘shimcha shug‘ullanish uchun esa xona yetishmaydi.
Nigora HAYOTOVA, Romitan tumanidagi 8-maktab o‘qituvchisi:
— Bir navbatli maktab mening orzum. Qaniydi O‘zbekistonimizdagi hamma maktablarda bir smenada darslar tashkil qilinsa. Sinfda o‘quvchi soni 20 nafardan oshmasa, dars stavkasi 18 soat bo‘lsa, ana undan so‘ng natija va samaradorlik o‘z-o‘zidan eng yuqori darajaga chiqishini ko‘rishingiz mumkin.
Nodiraxon TOJIBOYEVA, Farg‘ona shahridagi 25-maktab o‘qituvchisi:
— Bizning maktabda ham 53 ta sinf bor, to‘garak o‘tishning iloji yo‘q. Sababi 1-smenadan so‘ng 2- smena darsi boshlanadi, hattoki xonani tozalashga ham orada vaqt yo‘q. Maktablar 1 navbatli bo‘lsa, bolalarning o‘zlashtirishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Oftobxon ALIXONOVA, Yashnobod tumanidagi 231-maktab o‘qituvchisi:
— Ikki smenali maktablarda bo‘sh xona yo‘qligidan to‘garaklar qog‘ozda o‘tilib, o‘zimizni o‘zimiz aldab kelmoqdamiz.
Botirjon KARIMOV, Kosonsoy tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Ustoz qanchalik mahoratli bo‘lmasin va u darsni qanchalik qiziqarli qilib tashkil etmasin inson fiziologiyasi kunning ikkinchi yarmida susayishi tabiiy.
Ozoda JANGIROVA, Buxoro tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi:
— Men ilgari 2 smenali maktabda ishlaganman. Hozir 1 smenali maktabda faoliyat olib boryapman. Bu maktablar orasidagi farq katta. 1 smenali maktabning ustun tomonlari: 2-smenadagi dars boshlanib qoladi, deb shoshmaysiz, fan to‘garaklarini o‘tish uchun joy muammo bo‘lmaydi, darsdan so‘ng bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan bemalol ishlaysiz, har hafta darsdan so‘ng 1 ta tanlov o‘tkazish mumkin, o‘z sinfxonangizga o‘zingiz mas’ulsiz, darsdan keyin o‘quvchi bilan muntazam ishlab, sinf samaradorligini ko‘tarish mumkin, turli tadbir va tanlovlarga tayyorlanish uchun xona qidirmaysiz, ertalab o‘quvchining mavzuni o‘zlashtirishi yuqori bo‘ladi (tushdan keyin aksincha), bola “qosh qoraymay” maktabdan uyiga yetib oladi (hatto qish kunlari ham, qanday yaxshi!), iqtidorli o‘quvchilar bilan ham qo‘shimcha ishlash imkoniyati bo‘ladi, darsdan keyin ertaga o‘tadigan dars uchun sinfni bugun tayyorlab qo‘ysangiz bo‘ladi.
Mana, 2-3 smenalik maktablar qancha imkoniyatdan mahrum.
Ahmadali TOSHMATOV, Yangiyo‘l tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi:
— O‘qishning 1 navbatda tashkil etilishi o‘qituvchining o‘quvchilar bilan ko‘proq ishlashi, o‘z ustida ishlashiga imkon yaratadi. 2 navbatli maktabda bo‘sh xonaning o‘zini topish muammo. Bo‘sh xonalar bo‘lsa, iqtidorli va bo‘sh o‘zlashtiruvchilar bilan ko‘proq ishlanadi. Fan to‘garaklari faoliyati jonlanadi.
Nafisa ORTIQOVA, Uchko‘prik tumanidagi 29-maktab o‘qituvchisi:
— Men ham 2 smenali maktabda ishlayman. Xona yetishmasligiga qaramay haftada 4 kun 2 ta kichik va katta guruhlarimga qo‘shimcha to‘garak olib boraman. Mavzuni har bir o‘quvchim 45 daqiqalik dars davomida to‘laqonli tushunib, o‘zlashtirib ketishiga ishonchim komil bo‘lmaydi, shu bois darsdan tashqari fan to‘garagini o‘tish zarur deb hisoblayman. Ammo xona muammosi sababli ba’zan jismoniy tarbiya mashg‘uloti bo‘layotgan xonaga, ba’zan kutubxonaga ko‘chib yurib qo‘shimcha dars o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, tushgacha bola ota-onasi tomonidan buyurilgan turli ishlar bilan ham toliqib, qabul qilish darajasi susayib qoladi. Qolaversa, ertalabki smenada ishlagan ustozlar tushdan keyingisiga unchalik ham shijoat bilan yondasha olmaydi.
Ravshanbek EGAMBERDIYEV, Boyovut tumanidagi 22-maktab o‘qituvchisi:
— Aksariyat maktablar 2 smenada ishlaydi. Bu juda katta noqulayliklar keltirib chiqaradi. Yana sanitariya-gigiyena talablariga ham to‘g‘ri kelmaydi bu holat. Prezident, Ijod maktablaridagi kabi umumta’lim maktablarida ham o‘quvchilar sonini kamaytirish zarur. Undan keyin natija talab etilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Har qanday natija sharoitga bog‘liq. Sharoit yo‘q, talablar esa kuchli. Ayrim o‘quvchilar 3,5 chaqirimdan piyoda qatnaydi.
Sevara OTABOYEVA, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
— 1 navbatli maktablarda katta tanaffusni uzaytirish imkoni bo‘ladi. Hech bo‘lmasa yarim soatga uzaytirilsa, o‘quvchilar tashqariga chiqib toza havodan nafas olib keladi, bemalolroq tamaddi qilib olishadi. Bu o‘quvchida mavzuni qabul qilish imkoniyatini oshiradi.
Shoira BADALOVA, Kogon shahridagi 7-maktab o‘qituvchisi:
— 10-sinfga rahbarlik qilaman. Muammoli holatlar yuz berganda darsdan so‘ng yigitlar va qizlar bilan alohida-alohida majlis olib bormoqchi bo‘laman. Ammo bunga imkon topolmayman. Chunki dars tugashi bilan 2-smena o‘quvchilari eshigimiz oldida kutib turishadi.
Hafiza RASHIDOVA, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Ayni damda 5 tashabbus deb soxta rasmlarni ijtimoiy tarmoqda joylashtirish avjiga chiqdi. Tashabbusni amalga oshirish uchun ko‘plab maktablarda sharoit bo‘lmasa qanday qilib “tashabbus” bo‘lsin?
Shozoda MUHAMMEDOVA, Buxoro tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— Kunning 2-qismida o‘qiydigan o‘quvchi kunlik energiyasining ko‘p qismini tushlikkacha sarflab bo‘ladi, natijada darsni qabul qilishda qiynaladi. Ayniqsa, maktab olisda joylashgan hududlarda sentabr, aprel-may oylarida o‘quvchilar issiqda yo‘l yurub, toliqib keladi. Darsda mudroq, charchoq bosib o‘tiradi. Ikkinchi navbatdagi dars birinchi navbatdagiday natija bermaydi. 2-smenada darsga kirsangiz, sinf xonasi tozalik-sanitariya holatida bo‘lmaydi. Xonada kislorod yetishmaydi. Derazalarni ochib to havoni almashtirguncha o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham noqulaylikda qoladi.
Gulchehra ASHUROVA, Termiz shahridagi 13-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari:
— Pedagogik faoliyatimda biror marotaba maktabimizga kelgan nazoratchilarning maktab 1500 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo 3000 ga yaqin o‘quvchi o‘qiyapti, qanday qilib, qaysi paytda, qachon o‘qituvchilar to‘garak, tadbir, yig‘ilishlar o‘tkazyapti, xona yetishmasa-da, shaharda maktab qanday qilib fan olimpiadalari, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda reytingi birinchi o‘rinda, deb so‘raganini eslay olmayman. 300 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilganiga 2 yil bo‘ldi. Endi maktabimiz 1800 o‘ringa ega. O‘quvchilar soni 2700 nafar.
Feruza ALIMURODOVA, Termiz shahridagi 10-maktab o‘qituvchisi:
— Ba’zi murakkab mavzularga 1 soatga berilib, mustahkamlash uchun soat berilmaydi. Shunday hollarda mavzuni 2 soatlab o‘tamiz. Vaqt esa chegaralangan. Shunday hollarda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ko‘proq ishlashimiz kerak. Taassufki, 2-smena bolalari eshikni “do‘mbira” qilib chalishadi. Qaniydi, maktablar 1 smenali bo‘lsa-yu, mazza qilib ishlasak. Ta’lim sifati ancha ko‘tarilardi, chunki sharoit ham katta rol o‘ynaydi.
Gulnoza SUNNATOVA, G‘ijduvon tumanidagi 4-maktab o‘qituvchisi:
— Maktabimizda 1100 o‘quvchi o‘qiydi. Dars 2 smenada tashkil etiladi. Bugungi kunda 2-smena o‘quvchilarining tartib-intizomida ancha o‘zgarishlar sezilib qoldi. Boisi, ular ertalabki navbatdagi o‘quvchilarga nisbatan sustroq o‘zlashtirmoqda. Maktabimiz 1 smenali bo‘lgan vaqtda a’lo baholarda o‘qiydiganlarning 2-smenada baholari sustlashgan. Yaqinda maktabimizga viloyat hokimi keldi. Shu masalani aytganimizda masalani hal qilishga yordam berishini aytdi.
Lobar YOQUBOVA, Romitan tumanidagi 13-maktab o‘qituvchisi:
— Darslarning smena asosida o‘tilishi ko‘p jihatdan noqulay. Masalan, ayni qish kunlari bolalar bo‘sh sinf topilguncha sovuqda qolishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, darslar tugaguncha ancha kech tushib qoladi. Bolalar kerakli bilimlarni olishga qiynaladi. Chunki asosiy bilim olish vaqti soat o‘n ikkiga qadar hisoblanadi.
Shahnoza BERDIQULOVA, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 38-maktab o‘qituvchisi:
— Ikki smenali maktablar uchun kuchli salohiyatli O‘TIBDO‘ (“zavuch”) kerak. Ayrim “zavuch”larimiz oxirgi darslarga musiqa, jismoniy tarbiya, texnologoya, tasviriy san’at kabi fanlarni qo‘yishadi. Oqibatda o‘quvchilar kech qolishadi, deb darslar to‘liq o‘tilmay qoladi.
Zilola MADATOVA tayyorladi.