Sariosiyoda o‘qituvchilarning ish haqiga xiyonat qilganlar jinoiy javobgarlikka tortildi
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani xalq ta’limi tizimidagi maktab o‘qituvchilari va xodimlariga dekabr, yanvar oyida berilishi kerak bo‘lgan ish haqi o‘z vaqtida berilmagan.
Boisi byudjetdan ularga ajratilgan bu pullar bank xodimlari tomonidan bank kassasidan olinib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan. Bu bilan ular juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Sariosiyo tumani bo‘limi tomonidan tekshirish o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruvda “Qishloq qurilish bank” Aksiyadorlik-tijorat bank Sariosiyo filiali chakana xizmatlar bo‘limi boshlig‘i Sh.Sh. va boshqalar noqonuniy daromad orttirish maqsadida shu qilmishga qo‘l urgani aniqlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tekshiruv davomida Sh.Sh. va boshqalar tomonidan o‘zlashtirilgan 1,2 mlrd. so‘m byudjet pul mablag‘lari Departament tashabbusi bilan undirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.Sh. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Manba: www. uza.uz