Vahimadan xiyonatgacha bir qadam
O‘zidan ham vahimasi yomon bo‘lgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga kirib keldi.
15-mart kuni Bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu v irus tarqalishiga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, virusga chalingan fuqaro va izolyatsiyaga olingan shaxslar hamda aniq rejalar haqida batafsil, keng mushohada bilan hissiyotga berilmasdan ma’lumotlar taqdim etildi. Jurnalistlarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.
Eng muhimi, OAV, blogerlardan aholi orasida vahima tarqatmaslik so‘raldi, bu borada javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirildi. Yig‘ilishdan so‘ng o‘tgan davr ichida mahalliy OAV, blogerlar bu masalada o‘zlarini mas’uliyatli tutishga harakat qildi, deyishimizga asoslar mavjud. Biroq boshqa mamlakatlarda bo‘lganidek, bizda ham bu kasallik aholi o‘rtasida ma’lum darajada vahima keltirib chiqargani ham bor gap.
Tan olish kerak, ayrim OAVda berilgan va asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan turli materiallar odamlarning o‘ng-u so‘liga qaramay bozorlar va savdo do‘konlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini “g‘amlab qo‘yish” uchun ko‘p miqdorda sotib olishiga sabab bo‘ldi.
Shu narsa ayonki, koronavirus kabi yalpi xavflarga qarshi kurash kompleks jarayon bo‘lishi lozim. Bunda uning barcha turdagi salbiy oqibatlarining oldini olish uchun keng ko‘lamli yondashuv zarur. Jumladan, aholi orasida vahimaning oldini olish eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralishi lozim bo‘ladi. Biz o‘zgalarning xatolaridan, tarixda vahima tufayli kelib chiqqan katta yo‘qotishlardan zarur xulosa qilishimiz zarur.
Dushmandan qo‘rqma, vahimadan qo‘rq, deyiladi maqollarning birida.
Vahima o‘zi nima?
Psixologiyaga oid kitoblarda vahima — his-tuyg‘u va kayfiyatning buzilishi sifatida qaraladi. Vahimada odamni asossiz qo‘rquv bosadi, kishi nimadandir xavotirlanib, hadiksiraydi, bezovta bo‘ladi, ko‘ngli g‘ashlanib, oromi yo‘qoladi. Unga kelajakda falokat bo‘lishi muqarrardek, o‘zi yoki yaqinlarining hayoti xavf ostida turgandek tuyuladi.
Bunday sharoitda shaxsda asosli, oqilona qarorlar qabul qilish layoqati cheklanadi.
Albatta, bu holat faqat bizning mamlakatimizga xos desak, adolatdan bo‘lmaydi. Zero, koronavirusning jahon miqyosidagi zararlari haqida bir-biridan mudhish xabarlar ko‘payib borayotgan bir sharoitda, ko‘plab mamlakatlarda bizda kecha kuzatilganiga o‘xshash vaziyatlar bo‘y ko‘rsatmoqda.
Mazkur holatni ayrim mutaxassislar qadimgi davr yoki o‘rta asrlarda bo‘lib o‘tgan pandemiyalarning “genetik” asorati sifatida baholashadi. Ammo biz XVIII–XIX asrda emas, hatto XX asrda ham emas, balki XXI asrda yashayotganligimizni unutmasligimiz kerak.
So‘nggi yuz yillikda aynan tibbiyotning taraqqiyoti evaziga insonning umumiy umr ko‘rish davomiyligi ortganligi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Vahima va terrorizm
Ammo insoniyatning turli kasalliklar oldidagi tarixiy qo‘rquv hissi, so‘nggi asrda vizual axborot vositalari rivojlanishi bilan yanada “mustahkamlandi”, desak ham yanglishmaymiz. Jumladan, turli yalpi kasallanishlar haqidagi filmlar kishilarning ongostiga o‘rnashib qolib, ularning oldidagi real xavfni “oxirzamon ofati” darajasiga olib chiqib qo‘yayotgandek go‘yo.
Agar jiddiy faktlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugun bundan oldin kuzatilgan pandemiyalardan ko‘ra ancha kamroq xavf oldida turganimiz yaqqol ko‘zga tashlanadi — 16-mart holatiga mazkur kasallikka chalinganlar o‘rtasida o‘lim holatlari 4 foizga ham yetmaydi.
Bundan kelib chiqadiki, koronavirus xuddi terrorizmga o‘xshash effekt uyg‘otmoqda, ya’ni aslida terrorizm ortidan keng ko‘lamli urushga nisbatan kamroq qurbonlar berilsa-da, lekin uning ommaviy axborot vositalaridagi “dovrug‘i” butun dunyoni larzaga soladi. Haqiqiy urushlar esa, u yoki bu “qaynoq nuqtadagi vaziyat”, deb yoritiladi. Terrorizmning ham asl maqsadi shu — dunyoni qo‘rqitish. Shu tufayli Isroil bosh vaziri antiterror texnologiyalari yordamida koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishini aytgan bo‘lsa, ehtimoldan xoli emas.
Axborot va ijtimoiy mas’uliyat
Mazkur pandemiya hali epidemiya bosqichidayoq, Shveytsariya Milliy teleradiokompaniyasining Xalqaro axborot xizmati “bir tomondan, OAV aholini voqealar rivojidan xabardor qilib turishimiz kerak, boshqa tomondan esa, OAV yoki ommaviy kommunikatsiya vositalaridagi “faollar” ko‘proq “layk” yig‘ish uchun vahimani kuchaytirishimiz — axloqsizlikdir”, deya yozgan edi (https://www.swissinfo.ch/fre/2019-ncov_le-monde-a-t-il-raison-d-avoir-peur-du-coronavirus-de-wuhan-/45531082).
Xorijdagi o‘zbek auditoriyasiga mo‘ljallangan ayrim destruktiv OAV fuqarolarimizdan bozor, savdo obyektlaridagi navbatlar haqida foto va videomateriallarni jo‘natishni so‘rab murojaat qilmoqda. Bundan muddao nimaligi aniq. Ular yana bir bor o‘zlarining haqiqiy basharasini ko‘rsatmoqdalar, xolos. Bunday foto va videomateriallarning tarqatilishi yanada ko‘proq sarosima va vahimaning tarqalishiga xizmat qiladi, xolos. Bu esa ular kutgan holat.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda biror-bir kasallik keng tarqalishida transport kommunikatsiyalarining rivojlanganligi va insonlarning turli maqsadlardagi harakatlanishi eng muhim omil bo‘lib turibdi. Boshqa tomondan bu jarayonda insonlarning o‘zlarini qanday tutishi muhim ahamiyatga ega.
Vahimaning o‘zi — yarim kasallikdir
Mazkur vaziyatda nafaqat tibbiyot sohasi, balki inson ruhiyatini o‘rganadigan sotsial psixologiya mutaxassislari katta sahnaga chiqishi lozim ko‘rinadi. Zero, buyuk bobokalonimiz Ibn Sino aytganidek, vahimaning o‘zi — yarim kasallikdir. Xotirjamlik — yarim sog‘likdir. Sabr esa — shifoning boshlanishidir.
Albatta, keng ommadan oddiygina qilib o‘zini namunali tutishni so‘rash yetarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki u bugun juda katta axborot bosimi ostida qolgan. Ana shunday sharoitda sotsiologiya, psixologiya mutaxassislari aynan o‘sha kommunikatsiya vositalari orqali insonlarni o‘zlari bilmagan holda vahimaga berilib, turli harakatlardan tiyilishga chaqirish yo‘llarini ko‘rsatib turishsa ayni muddao bo‘lar edi.
Millat boshidagi sinov
Millat va mamlakat tarixida shunday kunlar bo‘ladiki, bu paytda xalq o‘zining bir maqsad yo‘lida birlasha olish qobiliyatini namoyon eta olishi, qiyinchiliklarni mardonavor qarshi olishga tayyorligini ko‘rsatib qo‘yishi lozim. Bunga o‘xshash vaziyatlarda albatta tashabbusni o‘z qo‘liga oladigan qatlam bo‘lishi lozim. Bunday qatlam esa, mantiqiy ravishda davlat xizmatchilari bo‘lishi shart. Zero, ular o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan, fidoyilik bilan bajarishlari qatori, ana shunday xalq boshiga og‘ir sinov tushgan payt jamiyatda o‘zini tutishi bilan boshqalarga shaxsiy namuna ko‘rsatishi va yuksak axloqiy qoidalarga rioya qilishi lozim. Buni bizdan ko‘ra bir necha ming barobar yirik xavf ostida qolgan Xitoy tajribasi isbotlab berdi.
Jamiyatning faol qatlamlarini birlashtirgan nodavlat tashkilotlari esa, o‘z navbatida, sinovli kunlarda xalqimizning xotirjamlikni saqlab qolishida tayanch bo‘g‘in bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Har bir jamiyatda bo‘lgani kabi, bizning jamiyatimiz ham qusurli shaxslardan xoli emas, afsuski. Ana shundaylarga qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan jazoning muqarrarligi ham xalqimizning osoyishtaligini ta’minlashning muhim shartidir.
Har qanday OAV, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchisi internet tarmog‘iga joylayotgan ma’lumoti bevosita yoki bilvosita, umuman zarracha miqdorda bo‘lsa ham vahimaga olib kelishga sabab bo‘lmaydimi, degan savolni o‘z oldiga qo‘yishi lozim.
Vahima uchun javobgarlik
Milliy qonunchiligimizda vahima tarqatganlik uchun mutanosib jinoiy javobgarlik mavjudligi, ana shunday harakatlarni o‘ylab yoki o‘ylamay sodir qilayotgan shaxslarni yana bir bor hushyorlikka chaqirishiga umid qilamiz.
Xususan, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln 900 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar yuqoridagi harakatlar oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan; ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istardikki, biz hozir duch kelgan tashvishlar o‘tib ketadi, g‘alvir suvdan ko‘tariladigan vaqt keladi... Ana shu vaqt kelganda, bosib o‘tgan yo‘limizni nafaqat o‘zimiz, balki bizga, yumshoq qilib aytganda, xayrixoh bo‘lmagan kuchlar ham tahlil qiladi. O‘zbekiston xalqi qiyinchilikni qanchalik oqilona yengib o‘tdi, degan savol yuzaga chiqadi, ojiz jihatlarimizni aniqlashga harakat qilishadi.
Ammo biz bu vaziyatda xalqimizning qadimdan shakllanib kelgan donishmandlik xislatlari namoyon bo‘lishiga ishonamiz va bu kelajakda bizning xotirjamligimizga raxna solmoqchi bo‘lgan g‘arazgo‘ylarga aniq signal bo‘lib xizmat qiladi hamda zinhor xalqimizni olomonga aylantirishga jazm etmaydilar.
Xudoyor MELIYEV,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi