Navbat kutib charchadik
G‘ijduvon tumanidagi 1968-yili ishga tushgan 9-maktab 1978-yildayoq zilzila tufayli avariya holatiga tushib qolgan. O‘sha yillari viloyat boshqarmasidan kelgan maxsus guruh ham shunday xulosa bergan edi. Shundan buyon mazkur maktab navbat kutish bilan ovora. 2012-yili maktabimiz kapital ta’mirdan chiqarildi. Koridor pollari almashtirilgan, lekin sinfxonalarning pollari umuman talabga javob bermaydi. Yamoq tushaverib asli qanaqaligi ham bilinmay qolgan. Eski binolarimiz yaroqsiz bo‘lib qolgandan so‘ng buzishga buyruq berildi. Endi esa sinfxonalar yetishmasligidan ahvolimiz tang.
Bugungi kunda maktabimizda 730 nafar o‘quvchi, 28 ta sinf mavjud. 1-smenada 462, 2-smenada 268 o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Kotiba, hamshira, yetakchi, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari uchun 1 ta xona. Direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari esa o‘qituvchilar xonasida faoliyat yuritadi. O‘qituvchilar xonasi biz uchun majlislar xonasi, to‘garak o‘tadigan yagona xona, tadbirlar o‘tkazadigan zal vazifasini o‘taydi. Tadbirlarimiz tugaguncha o‘qituvchilarimiz tashqarida tik oyoqda turishga majbur.
Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan 5 tashabbusni yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatning o‘zi yo‘q. Sport zalimiz yo‘qligi sababli o‘quvchilar darslarni tashqarida loyda, qorda, sinfxonalarda o‘tkazishyapti. To‘garaklar, sinfdan tashqari mashg‘ulotlarni o‘tkazishga joy yo‘qligi sababli o‘qituvchilar o‘quvchilarni uylariga chaqirishga majbur bo‘lishyapti.
20 yildan buyon maktabimiz ustozlari bitta oshxonaga muhtoj. Darslar 2 smenada tashkil etilgani tufayli o‘g‘il-qizlar kun bo‘yi issiq ovqatsiz yurishadi.
Maktabimiz yana ta’mirga tushishi, o‘quvchi sonidan kelib chiqib bino quvvatini oshirish choralarini ko‘rishlarini istaymiz, ammo navbat bizning muassasamizga qachon kelishini kutishdan charchadik. Navbatimiz endi keldi deganda, birdan yana bir yilga surilib ketadi. O‘tgan yili 2020-yilda navbatimiz kelarkan, deb xursand bo‘lib turganimizda to‘satdan 2021-yilga tushib ketgan edik. Bir yil o‘tar-ketar deb o‘zimizni ovutdik. Shu yilgi rejaga qarasak, 2022-yilga tushibmiz. “Bola yig‘lamasa, onasi sut bermaydi”, degan naql bor xalqimizda. Shu naqlga amal qilib, matbuot orqali murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Maktabimiz direktori bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga yozma murojaat qildi. Lekin natijasi bo‘lmadi. Javob xatlarida ham masala navbatga borib taqalyapti. Navbat ham bir kun kelar deysiz, ammo shu vaqtda shunday sharoitda tahsil olayotgan bolalarning yo‘qotilgan imkoniyatlari, bo‘shliqlari o‘rni qachon to‘ldiriladi?!
Zilola ALLAMURODOVA, G‘ijduvon tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi