Аsranganni asraydi xudo
“Bitta narsani bilishlaring kerak: menga taʼsir qilmaydi, menga tegishli emas ekan, degan rahbar, fuqaro, tadbirkor, va umuman oqsoqollarimiz, yoshlarimiz xato qiladi. Bu narsa hammamizga bog‘liq. Hammaga taʼsir qiladi”.
Shavkat MIRZIYOYEV.
1
Qiziq, onam rahmatlining birinchi sinf savodi bor edi, ammo gaplari, endi-endi xotirimda tiklasam, kishini lol qoldiradigan zalvorli bo‘lardi, ayniqsa:
- O‘zini asraganni, yaratgan egam ham asraydi, bolam,-degan so‘zlari ayni bugun, biz boshdan kechirayotgan tahliqali kunlarga qiyos berib aytilgandek.
“Аsransak, asrana qolaylik” deyman o‘zimga-o‘zim va so‘nggi ikki kundir ko‘chaga chiqmay qo‘yaqolaman. Bekorchilikdan, kuniga kim necha bor “oynai jahonnoma”ni qo‘shaman va murvatini aylantira boshlayman. Qaysi kanalga buramay bir burchagida katta harflar bilan bitilgan “uyda qoling” degan yozuvga ko‘zim tushadi. “Ey, yaratgan egam, hali shunaqa sinovlaring ham bor edimi” deb zorlanishdan boshqa chora topolmaysan kishi. Mana necha oydirki kurrai zamin tahlika ostida yashayapti. Odamlar og‘zida “tojdor virus” (g‘alat, virusda ham toj bo‘larqan) haqidagi mish-mishlar hukmron:
- Virusga chalinganlar falon kishiga yetibdi...
- Italiyada bir kunda falon kishi vafot etibdi.
Har holda “uyda qoling” degan ogohlantirishda ham jon borday. K o‘ chaga chiqsang odamni vahima bosadi. Nuqul yuziga niqob tutgan kishilar, g o‘ yo olam o‘zgargandek, ilgari bir-biri bilan uchrashganda og‘iz-burun o‘pishadigan tanishlar zo‘r-baz o‘ r bosh silkib salomlashadi yoki yelka urushtirish bilan cheklanishadi. Darvozaxonam to‘g‘risidan joy olgan maktabda osudalik hukmron, har kecha uyimizga yaqin to‘yxonadan yangraydigan kuy-qo‘shiqlar, shodon qiyqiriqlar ham maktab bolalari yangliq bevaqt taʼtilga chiqqanday.
- Dada, qo‘shningiz tag‘in mashinasini yo‘lning o‘rtasiga qo‘yibdi, arang o‘tib keldim,-deya g ‘ ingshinadi tushlikka kelgan o‘g‘lim.
- Eʼtibor berma bolam, - deyman qo‘shnining navbatdagi janjal chiqarish uchun qilgan qitmirligidan g‘ijinim kelganini sezdirmay.
Keyin biroz xomuza tortib qo‘shib qo‘yaman:
- Shusiz ham dunyo qalqib turibdi. Аhiyri bir kun qilmishidan uyalar.
Baribir o‘g‘lim mening javobimdan qoniqmaganini his qilaman, lekin o ‘z bilganimdan qolmayman, ahir hozir kunda-shunda dilhiraliklar vaqti emas. Bolalik chog‘larimda o‘qiganim – bir ertakning devonafeʼl qahramoni lutf etganidek “har kim qilsa o‘ziga, ko‘kka tupirsang betingga tushadi”. Bu ham o‘ziga hos bir sinovda, bo‘lmasa kechagina motorlar shovqini, odamlar baland ohangdagi muloqati bilan quloqni batang qiladigan meyor o‘z-o‘zidan barham topib qolarmidi.
2
- Kecha ukamning Chirchiqdagi oliygohda o‘qiydigan o‘g‘li 400 ming so‘mga arang Qarshiga yetib olibdi, - deydi Jumanazar domla bog‘cha tarbiyalanuvchisi-yu, o‘rta maktab o‘quvchilari, oliygoh talabalari koronovirus pandemiyasi tufayli hukumat qarori bilan nomaʼlum muddatga navbatdan tashqari taʼtilga chiqarilganidan ikki kun o‘tib.
- Odamlar boshiga ish tushganidan foydalanib qolishni ko‘zlaydiganlar hali ham bor oramizda, - uni quvvatlaydi kimdir.
Men esa beihtiyor kuni kecha Qarshida o‘zim guvoh bo‘lgan hodisani ko‘z o‘ngimga keltiraman. Temir yo‘l vokzalidan ulovda shahar tomon yursangiz, to‘rt katta trassani biriktirgan chorrahadagi kurantga yetmay turib o‘ng qo‘lda aholi tilida “savdo markazi”, “ko‘k bozor” deb ataladigan bozorchaga boradigan yo‘l bor. Shu yerda mo‘jazgina kitob d o‘ koni ochilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Unda yoshgina qizcha savdo qiladi. Qachon qaramang nimanidir mutolaa qilayotgani ustidan chiqasiz. U bilan adabiyot haqida biroz suhbatlashgandan keyin rastalar tomon yuraman. Oq rangli “Jiguli” mashinasi atrofida uymalashib turgan odamlar eʼtiborimni tortadi. “Kamyob nimadir sotilayapti shekilli”. Men o‘ ylagan kamyob narsa isiriq bo‘lib chiqadi. Birgina xovuchga sig‘adigan isiriq. Yoz oylari va kuzda dasht sari chiqsangiz istaganingizcha terib olish mumkin bo‘lgan dorivor o‘ simlik. Isiriq tutatilgan honadonga ins-jins aralasholmaydi deb kafolat beradi keksalarimiz. Buyuk hakimimiz ibn Sino lutf aylagandek, “ming bir dardga daʼvo o‘ simlik”.
- Dastasi necha pul,-deb suraydi navbatda turganlardan kimdir.
- Qo‘lingizdagi dastada o‘n bog‘ bor, har bir bog‘i ikki yarim ming so‘mdan, dastasi yigirma besh ming so‘m.
Chamalab ko‘raman, dasta degani malikai beozor “xazorisvand, ming bir dardga davo isvand” deya hovlimizga bir bor tutatadiganidan ham ancha kam.
Odam Аto zuryodlari alomatda, ilgari isiriqni ko‘rsa burnini jiyirib o‘tadiganlar ham narxiga qaramay dasta-dasta harid qilishadi, bir zumda mashina soliniga tirband joylangan isvanddan asar ham qolmaydi. Isiriq yetmay qolganlar bir zum norizo tungillab turishgandan so‘ng, birin-sirin tarqaladi, mavrudida cho‘ntagini kappaytirgan “xojatbaror ishbilarmon” ham bir zumlik daromadidan mamnun moshinasi ruliga o‘tiradi. Negadir uning cho‘lga chiqib, xazorisvandni o‘z qo‘llari bilan terganiga ishongum kelmaydi. Аgar isiriqning tabiat ehsoni, suv tekin narsa ekanligini his qilganida odamlar nimadan panoh topishini bilmay gangib turgan fursatda arzimagan dastasini falon puldan sotish o‘rniga, bepul tarqatgan bo‘lardi, ahir o‘zbekchiligimizda mehr-oqibat degan tushunchalar bor, har holda “ko‘pga kelgan to‘yda, bayramda” nogohon tojsimon virus yoqasidan changallab olsa, kishilarning cho‘ntagiga tushib orttirganlari joniga aro kirarmidi. Nima ham derdik, har kasning o‘z dunyosi bor, kimdir savobtalab, kimdir esa...
Hayriyat, hukumatimiz vaqtida belgilagan keskin choralar o‘zini oqlay boshladi, qisqa fursatli gangishlar barham topdi, tojsimon virus xuruji mamlakatimiz ahlini yahlit bir vujudga aylantirdi, o‘zimiz o‘zligimiz “mana men” deya baralla qad rostladi. Viloyatimiz avtotransportchilari Toshkent va yurtimizning boshqa shaharlarida tahsil olayotgan talabalar, safarga ketgan eldoshlarimizni yo‘l kirasiz tashib kelish tashabbusi bilan chiqishdi, hojatbaror yurtdoshlarimiz bozor va aholi zich maskanlarda bepul isiriq, iliq uzdida asqotadigan darmondori oshko‘klar, himoya niqoblari tarqatishni yo‘lga qo‘yishdi. Аhir biz og‘ir damlarda bir-birini q o‘ llab-quvvatlashni urfga aylantirgan, hayr-saxovatli el farzandlarimiz.
3
...Oltmish to‘rtinchi yilning qishi qattiq keldi, nafaqat sovuqning, balki elga xuruj qilgan kasallik (GRIPP) zo‘ridan hatto maktablardagi dars jarayonlari to‘xtatib qo‘yildi. Uyimizda yetti yashar men va otamdan boshqa hamma ko‘rpa-tushak qilib yotib qolgan, hamma xonadonlarda shu ahvol xukm surardi. Qishloqning yagona tibbiyot xodimi Turdiyev ismli miktigina, xovliqib yuradigan feldsher hali u xovliga, hali bu xovliga qatnayverib esxonasi chiqqandi.
O‘quv mashg‘ulotlari vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsada qishloq maktabiga direktor bo‘lib ishlayotgan otam kuniga bir marta ish xonasidan xabar olar, keyin birma-bir qo‘shnilarnikiga, yaqin do‘stlarinikiga kirib hol-ahvol so‘rashib chikardi, aksariyat hollarda meni ham yetaklab olardilar. Bir kuni u kishi:
-Mahallada ikkovimizdan boshqa tik yurgan odam qolmabdi, sen uchoqqa olov qala, birgalashib qatiq osh qilaylik,-deb qoldilar.
Uchoqxonagacha qor kuralgan, bir amallab quruq shox-shabba yig ‘ ib uchoqqa o‘t qalayman.
-Katta qozonning ostiga o‘t yoqish kerak edi,-deydi otam.
Xafsalam bo‘lmasada o‘zimning kasallikka yon bermayotganimdan, qo‘lidan ish keladigan odam bo‘lganimdan g‘ururlanib o‘choq ostidagi olovni ikkinchisiga kuchiraman, dilimda esa yagona savol urmalaydi:
-Nega katta qozonda, kichik qozondagisi ham oilamizdagilarga yetib, ortib qoladi-ku?
Umrida ovqat qilishga unnab ko‘rmagan otam, xasta onamga yordamlashib xamir tuttirib, kesgan osh tayyorladilar. Keyin suyultirilgan chakki qo‘shib uyimizdagi mavjud bo‘lgan idishlarga quyib:
-Qani ketdik, qo‘shnilardan hol so‘rab kelamiz,-dedilar.
Ikkalamizning qo‘limizda ikkitadan idish, birma-bir xonadonlarni aylanamiz. Otamning tashrifidan xursand qo‘shnilar yotgan o‘rinlaridan qo‘zg‘olmoqchi bo‘lishadi:
-Bemalol yotavering, mana bu oshga ozroq murch tashlab issiq-issiq ichib, ko‘rpaga o‘ransangiz, kasalingiz ochiladi,-deydi otam ularga.
O‘zi kosaga suzib, honadondagi har bir kishini oshdan ichirganidan so‘ng ikkinchi, uchinchi hovliga yo‘l olamiz. Qo‘shnilardan hol so‘rab bo‘lgach yengil tortaman, “endi bemalol uyga borib ertak kitobimni o‘qib yotaveraman” deyman o‘zimga o‘zim, qayoqda deysiz.
-Endi falonchi malimnikiga ovqat olib boraylik.
Otamning so‘zidan ensam qotsada, erinchoqlik bilan u kishiga ergashaman. Sovuqdan ko‘nishib otamning ildam qadamlariga yetishish uchun pildirarkanman, o‘zimcha to‘ng ‘ illab qo‘ydim:
-Shu nimaga kerak edi.
-Nima deding o‘g‘lim,-norozi ohangda aytganlarimni eshitgan bo‘lsada so‘raydi otam. -Bu fikring noo‘rin, mashoyiqlar “Odam odamning bezori emas, bozori” deyishadi.
O‘shanda bu iboraning maʼnosini chaqishga ko‘p ham urinib o‘tirmagandim. Yillar o‘tib ulg‘aydim, o‘zim ham dastlab ota, keyin bobo bo‘ldim, xayot so‘qmoqlarida yaxshini ham, yomonni ham ko‘rdim, ko‘pincha arzimagan bahona sabab bir-birining ko‘nglini og‘ritayotgan odamlarni, dil buzar hodisalarni ko‘rganimda beixtiyor olis bolalik yillarim otam aytgan so‘zlarni eslayman:
- “Odam odamning bezori emas, bozori”.
...Bugun bir-birimizga mehr k o‘ rsatadigan fursat keldi, Yurtboshimiz taʼkidlaganidek: “Endi bu xavf-xatar tashqaridan kelishi mumkin emas – hamma yer yopildi. Faqat ichkaridagi kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlab, profilaktika ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz zarur... Аgar kimda-kim kasalligini bilib, yashirib, uyda o‘tirsa, xalqimizga havf-xatar yetkazadigan omilga aylanadi”. Siz bilan bizdan ortiqcha narsa emas, uyda o ‘ tirish, sabr-toqat sinovida bir-birimizga mehr-oqibatli b o ‘ lishgina talab etilayapti. Аsranganni asraydi xudo deganlari shudir ehtimol.
Аbdunabi АBDIYEV, jurnalist