Bugunning nidosi
― Ayajon, sizni sog‘indim. Juda ham ko‘rgim kelyapti.
― Bolajon men ham seni juda sog‘indim. Yo‘llar ochilsin boraman. Bag‘rimga to‘yib-to‘yib bosaman. Sochlaringni silayman. Ertaklar aytib beraman.
***
― Niqobsiz yurma! Niqobsiz turma! Niqobsiz chiqma!
***
― Doktor, tashxisim xavfli emasmi?!
***
― Aziz bolajonlar, navbatdagi mashg‘ulotimizni boshlaymiz. Ekran qarshisiga yaqinroq joylashib oling. Kitob-daftarlaringizni tayyorlang.
***
― Maktab partalari, chalinmayotgan qo‘ng‘iroq, shovqinni kutayotgan koridorlar, kundaliklar, ularga qo‘yilmayotgan baholar barcha-barchasi o‘quvchilarni sog‘indi.
***
― Ustoz, qachon darslarni boshlaymiz, axir o‘qishga topshirishim kerak-ku.
***
― Biz siz uchun ishdamiz, siz biz uchun uyda qoling!
***
― Oyijon, bog‘chamni, bog‘cha opamni va kashani juda sog‘indim.
***
― Ayajon, dadajon, bir martagina ko‘chaga chiqay, hech bo‘lmasa pastdagi gullarga suv quyib kelay.
***
― 4 ta zumrashani eplash bunchalar qiyin. Bog‘chasi-yu maktabi tezroq ochila qolsaydi.
***
― Kelinni sepini tikib bo‘lganman, qachon olib ketar ekan-a?
***
― Dadajon, so‘z bergandingiz hayvonot bog‘iga olib boraman deb, qachon boramiz endi?..
***
― Uzr birodar, ta’ziyamni qabul qiling, bora olmadim.
***
― Kechirasiz, 10 ta niqob bering. Nima, tugadi-mi? Qaysi dorixonadan olsam bo‘ladi?
***
― Kutilmagan ofatlar: sel, to‘fon, zilzila, vabo, odam savdosini eshitgan edim, lekin tojdor kasalligi haqida… Yo…tavba!
***
― Jon buvijon, bugun boshqasini aytib bering, iltimos. Bitta ertakni qayta-qayta aytaverasiz...
***
― Sessiya nima bo‘ladi endi? Esiz, domlamning darslari, kirmagan leksiyalarim…
***
― Yo‘lda mashina yo‘q, qanday borar ekansan-a, ishga?..
***
― Qo‘shnijon, homiylikni ko‘ryapsizmi, qancha-qancha narsalar, ishlar, yo‘qlovlar, hammasi biz uchun…
***
― Bu bir o‘tkinchi sinov, bu bir imtihon, faqat sabr shukur qilish kerak.
Dilbar NORMURODOVA, Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi