Ta’limda ta’til yo‘q, bizda-chi? Nemis va fransuz tillari o‘qituvchilari nomidan murojaatnoma
Hurmatli Xalq ta’limi tizimi mutasaddilari! Avvalo, ota-ona, o‘qituvchi sifatida onlayn darslar tashkilotchilariga chin dildan minnatdorchiligimizni izhor etamiz. 2019-2020-o‘quv yili «online-maktab» loyihasi doirasida tashkil etilgan masofaviy televizion videodarslar orqali yakunlanishidan barchamiz xabardormiz.
Hozirda yurtimizda xorijiy til sifatida ko‘plab tillar o‘qitilmoqda. Ammo onlayn darslar faqat ingliz tili uchun olib borilyapti. Shu bois nemis va fransuz tillarini o‘rganayotgan minglab o‘quvchi-yoshlarimiz TV orqali videodarslar berilmayotgani sabab qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Aytish lozimki, biz o‘qituvchilar imkon darajasida mavzular yuzasidan materiallarni, taqdimot va o‘zimiz tayyorlayotgan videodarslarni o‘quvchilarga ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazib boryapmiz. Lekin internetdan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlardan videodarslarimizni olish, smartfondan foydalanish sharoiti hamma oilada birdek ta’minlangan emas. Bu qishloq joylarida juda qiyin jarayon, internet tezligi, unga doimiy ulanish va hokazo muammolar doimo ko‘ndalang turadi.
Bu esa onlayn darslarni olib borishimizda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. O‘quvchilar ham, ota-onalar ham TV orqali nemis, fransuz tillarida videodarslar berilmayotgani uchun bizga deyarli har kuni murojaat qilishmoqda.
Buning natijasida kelib chiqayotgan mavjud vaziyatlarni birma-bir sanab o‘tsak:
1. Ota-onalarning «farzandlarimizga nemis yoki fransuz tilini o‘qitib, nega endi TVda bu fanlarga doir darslar berilmayapti?» degan so‘rovlariga jo‘yali javob bera olmayapmiz.
Mana, onlayn darslar tashkil qilinganiga hademay 1 oy bo‘ladi. Bu vaqtda biz mustaqil onlayn darslar tashkil qildik; ( https://t.me/online_unterrichten ushbu havola orqali kirib ko‘rishingiz ham mumkin.) Bu darslarimizdan internet tezligi, hamma oilalarda kompyuter, smartfon kabi aloqa vositalari yo‘qligi uchun barcha o‘quvchilarimiz bahramand bo‘la olmayapti .
2. Onlayn darslar bo‘lishi jarayonida tanaffusda faqat ingliz tili qulaylklari haqda roliklar berilishini bizning o‘quvchilar va ota-onalar qanday qabul qilsin? Ilmning chegarasi yo‘q, nega boshqa tillar targ‘ib qilinmaydi?
Bizku, bu holatni to‘g‘ri qabul qilishga harakat qilamiz, nemis, fransuz tili targ‘ib qilinmasa ham bu tilda imkon qadar faoliyat yuritamiz, o‘rgatishda davom etamiz. Ammo unutmaslik kerakki, bu tillarni o‘rgatib kelayotgan o‘qituvchilar va o‘rganayotgan o‘quvchilar yurtimizda juda ko‘p. Va bu darslar xalq ta’limi tizimidan tashqarida emas, aynan umumta’lim maktablarida olib borilyapti. O‘qituvchilarimiz bu tillarni o‘qitish bo‘yicha Yevropaning eng yetakchi mamlakatlari Germaniya, Fransiya, Belgiya, Shvetsariya kabi ko‘plab davlatlarda malaka oshirib ham kelishmoqda.
3. 20-apreldan 25-maygacha bo‘lgan onlayn darslar jadvalida nemis, fransuz tillari ham mavjud, lekin... Metodistlarimizga televideniyada onlayn darslar uchun dars ishlanmalarini vaqtida ishlab, topshirganimizga qaramasdan nemis va fransuz tillari darslari zangori ekranda hamon yo‘qligini qanday izohlash mumkin?
Bu murojaatimizni o‘qib chiqqaningiz uchun sizga rahmat aziz yurtdoshim! Ushbu xatimizga amaliy, ijobiy javob olamiz deb umid qilamiz.
Yurtimiz ta’lim maskanlarida faoliyat olib borayotgan barcha nemis va fransuz tillari o‘qituvchilari nomidan
Alisher MADRIZAYEV,
Ramish HASANOV,
Temur EGAMBERDIYEV,
Nafisa AKBAROVA