Farzandingizga ko‘maklashing!
Dunyoning qaysi bir mamlakatini tilga olmaylik barchasida ustozlar xalq eʼtiborida bo‘lib, hamisha eʼzozlanib kelingan.
Hozirgi kunda mamlakatimizda o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, ijtimoiy mavqeini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ko‘p yillardan buyon anʼanaviy “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib kelinishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Unda faol qatnashgan o‘qituvchilar taʼlimga oid eng yaxshi tajribalarni ommalashtirish, ularni kengroq joriy etish, o‘qitish sifatini yanada yaxshilashga faol hissa qo‘shib kelmoqdalar. Shuningdek, hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan umumiy o‘rta taʼlim maktablari pedagog kadrlari eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilangan.
Hozirgi kunda pedagogik faoliyatda turli axborot vositalari (komputer, televideniya, radio, nusxa ko‘chiruvchi qurilma, slayd, video va audio magnitofonlar) yordamida taʼlim jarayoni tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘qituvchilarning bunday zamonaviy talablar asosida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, darslarni ilg‘or pedagogik hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilishi taʼlim-tarbiya jarayonini sifatini kafolatlaydi.
Аyni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida maktab o‘quvchilariga muddatidan avval taʼtil berilganligi sababli ular uyda mustaqil bilim olmoqdalar. O‘quvchilarimizning taʼtil vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va o‘quv dasturda belgilangan bilimlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirish maqsadida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi bir necha telekanallar bilan hamkorlikda videodarslar efirga uzatilmoqda. Har bir videodarsning davomiyligi 10 daqiqa bo‘lib, videodarslardan tashqari matnli xabarlarni chop etish va tekshirish testlari ham mavjud. Uyga berilgan topshiriqlar o‘qituvchilar tomonidan elektron kundalik.com sayti orqali ota-onalarga yetkazilmoqda. Shu jarayonni bajarishda bugun ustozning zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklatilgan. Аlbatta o‘quvchiga kerakli bilimlarni bu qisqa vaqt ichida o‘zlashtirsh bir oz qiyin, shunday bo‘lsada ota-onalarning ko‘maklarida ushbu darslarni qiziqib kuzatib, berilgan vazifalarni bajarmoqdalar. Bundan tashqari, mahoratli fan o‘qituvchilari psixologlar va metodistlar tomonidan ham maslahat berib borishlari yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zingiz guvohsiz bugun hukumatimiz tomonidan o‘quvchilarning sifatli uzluksiz taʼlim olishlari uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgan. Sizdan qilinadigan talab esa uyda qolib farzadalaringiz bilan birga dars jarayonlariga ko‘mak berishdir. Zero hech birimiz farzandlarimizning ilm olishiga befarq bo‘lmasligimiz kerak!
Umida RАSHIDOVА, Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati