Husan KARVONLI: “Gazeta o‘lmaydi! Faqat hozir “kalta ip boylovga yetmaydi” deb turgan paytimiz”
Fan va texnika taraqqiy etgan davrda gazeta va jurnallar tarixga aylanadi, gazeta o‘qilmaydi, shu bois kelajagi yo‘q, degan farazli fikrlar, iddaolar ko‘p aytilmoqda.
Ana shunday urchib turgan gap-so‘zlar turtkisi bilan “Ma’rifat” – “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Husan KARVONLI bilan suhbatlashdik.
– Bir muddat tanaffusdan so‘ng “Ma’rifat”ni yana o‘qiyapmiz. Qisqa tin olish vaqtida ijodiy jarayon qanday kechdi? Yangi g‘oyalar, yangicha ruh bilan ishga kirishilgani sezilib turibdi.
– Qirq kun davomida 6 son chiqmadi. Yil boshida mo‘ljallagan rejamiz 6 songa kechikdi, degani bu. Masalan, fevralda ona tiliga bag‘ishlangan maxsus son chiqardik. Navbatdagisi – matematikaga bag‘ishlangan maxsus son endi chiqadi. Davlat test markazi taqdim etgan test savollarini aprelda berib boshlamoqchi edik. Endi iyul o‘rtasigacha, test imtihonlari boshlanguncha har sonda gazetaning 5-6 sahifasini test savollariga ajratishga majburmiz.
O‘tgan qirq kun saytimiz naqadar g‘aribligi, eski va foydalanuvchiga noqulayligidan uyaldim. Saytni butkul yangilash, mobil ilova yaratish rejamiz cho‘zilib kelayotgandi, karantin sabab jarayon tezlashdi. Uyda o‘tirib dasturchilar bilan muzokara olib bordim. Bir to‘xtamga keldik. Uzog‘i bilan uch oylarda yangi sayt va mobil ilovaga ega bo‘lamiz, Xudo xohlasa!
– Bugun gazetxonlik, gazeta atrofida turli gap-so‘zlar, mushohada va mulohazalar yuribdi. Siz nima deysiz?
– Menam miriqib kuzatdim munozaralarni. Ikki tarafning ham haqiqatlari bor. Noto‘g‘ri yondashuvlari ham.
O‘zbekiston xalq ta’limi tizimi deganda, masalan, faqat Toshkentdagi 300 maktabgina tushunilmaganidek, mamlakatdagi vaziyat haqida so‘z borganda faqat poytaxtdagi sharoit nazarda tutilmasligi kerak. Shuning uchun gazetamizning ham bosma, ham elektron ko‘rinishini rivojlantirib borish harakatidamiz.
Xullas, gazeta o‘lmaydi! Faqat hozir “kalta ip boylovga yetmaydi” deb turgan paytimiz. Hukumat o‘ziga kerakli gazetalarni ajratib oldi. Muassislar axborot xizmatiga ko‘proq e’tibor berishyapti. Mushtariylar bilan o‘zimiz yuzma-yuz qoldik. Vaziyatni tushunib turibmiz. Shunga qarab ishlayapmiz.
– Jurnalist salohiyati masalasida ikki xil qarash bor: oliy o‘quv yurtida shakllanadi yoki tug‘ma bo‘ladi...
– Olti yil avval avtomaktabda to‘rt oy o‘qib, haydovchilik guvohnomasi oldim. Lekin shuncha vaqtdan buyon yolchitib mashina haydaganim yo‘q. Hamon rulga o‘tirishdan cho‘chiyman. O‘zimda unchalik xohish ham yo‘q.
Jurnalistika ham shundayda. Jurnalistika fakultetida o‘qigani bilan o‘zida bo‘lmasa, keyin amaliyot bo‘lmasa, odam o‘z-o‘zidan salohiyatli jurnalist bo‘lib qolmaydi. Hatto jurnalistika bo‘yicha dars beradigan domlalarning ham yaxshi maqola yozolmaydiganlarini ko‘rganmiz.
O‘zA muxbiri Dilobar MAMATOVA suhbatlashdi.