Millat taqdiriga oid ortga surib bo‘lmaydigan masala yoxud biz kutayotgan huquqiy asos
Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi va uning oqibatlariga qarshi kurashish, so‘nggi kunlarda yuz bergan tabiiy ofatlar, Sardobadagi texnogen hodisa bilan bog‘liq masalalar eng dolzarb masala bo‘lib turibdi. Biroq millat, xalq taqdiri, kelajagi uchun muhim va doimo dolzarb bo‘lgan yana shunday masalalar ham borki, bulardan biri ona tili – davlat tili masalasidir. Tarixda millat tiliga daxldor masalalar siyosiy nizolar, qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lganiga misollar ko‘p. Shuning uchun til va millat tushunchalari mushtarak deymiz, shuning uchun tilni milliy g‘urur, milliy qadriyat, millat ruhi deymiz. Zero, tilga munosabat — millatga munosabat.
Har bir tilning tarixiy taraqqiyotida ko‘tarilish, pasayish bosqichlari bo‘ladi. Millat taraqqiy etsa, uning tili ham taraqqiy etadi, ona tiliga e’tibor kuchayadi. O‘zbek xalqi tarixiga nazar tashlasak, qaysiki davrda xalq hayoti gullab-yashnagan bo‘lsa, shu davrda uning tili ham keskin taraqqiy etgani, unda nodir asarlar bitilgani, leksik qatlami boyigani, mavqeyi ko‘tarilganiga guvoh bo‘lamiz.
Istiqlol arafasida tilimizga davlat tili rasmiy maqomining berilishi, albatta, bu til tarixidagi eng katta hodisa bo‘ldi. Ona tilimizda o‘lmas asarlar yozildi, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Biroq yillar davomida garchi rasman davlat tili sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa-da, joylarda qonun ijrosi to‘la ta’minlanmayotganligi, hanuz rasmiy doiralarda davlat tilining roli yuqori emasligi, tilning nufuzi kundan kunga tushib borayotganiligi bilan bog‘liq muammolarning to‘planib qolgani sir emasdi.
So‘nggi yillarda millat taqdiriga daxldor amalga oshirilayotgan ko‘pgina islohotlar qatori davlat tilini rivojlantirish, maqomini oshirish masalasi ham kun tartibiga jiddiy qo‘yildi. “Davlat tili haqida”gi qonun tasdiqlanganligining 30 yilligi nishonlangan o‘tgan 2019-yil o‘zbek tili ravnaqi yo‘lida muhim qarorlar qabul qilingan yil sifatida tarixga muhrlandi.
Odatda, qonun qabul qilingan sana arafasida til masalasi kun tartibiga qo‘yilar va mutaxassis sifatida turli tadbirlar, ko‘rsatuvlarga taklif qilinar edik. Har safar tadbir so‘ngida “Qanday qilsak, “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosi ta’minlanadi?”, “Ona tilimiz sofligini ta’minlash, mavqeyini ko‘tarish, milliy tilimizni rivojlantirish uchun nimalar qilishimiz kerak?” degan savollar qo‘yilar va biz esa yillar davomida bu savolga umumiy gaplar bilan javob berishdan nariga o‘ta olmasdik, negaki qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan huquqiy kafolatlarimiz yo‘q edi.
Faoliyatim bilan bog‘liq ayrim misollarni keltiraman. Yaqinda viloyat hokimining davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda viloyat televideniyesi bilan hamkorlikda Qarshi shahrining markaziy ko‘chalarida joylashgan xususiy tadbirkorlik obyektlariga qo‘yilgan nomlar, reklama va e’lonlarning davlat tilida rasmiylashtirilishi, matndagi xatoliklar yuzasidan maxsus nazorat o‘tkazdik. E’tiborimizni imkon darajasida shaharning savlat to‘kib turgan yirikroq korxonalariga qaratishga harakat qildik. Xususiy tadbirkorlik korxonasi mas’ullariga nega shunday nom tanlagani yoki peshtoqiga osilgan yozuvlardagi xatoliklar bilan bog‘liq savol bilan murojaat qilganimizda, afsuski, aksariyati tadbirkorlik faoliyatiga aralashayotganimiz uchun ustimizdan shikoyat qilishi, korxonaga nom qo‘yish xohishi ekani, ijtimoiy tarmoqlarda shu belgi bilan tanilgani, korxona nomini o‘zgartirish xarajat bilan bog‘liqligi va boshqa bir qancha vajlar bilan e’tirozlarini bildirishdi. Xullas, ma’naviyat, ma’rifat, milliy g‘urur haqidagi tashviqotlarimiz millatning hamma vakiliga ham birdek ta’sir qilmasligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Yana bir misol. Bir muddat oldin kafedramizga loyihalash bo‘yicha xususiy korxona ochayotgan tadbirkor korxonaga nom qo‘yib berish masalasida murojaat qildi. Mutaxassislar tomonidan taklif qilingan o‘zbekcha yoki umumturkiy nomlar tadbirkorni qoniqtirmadi, niyatlari “jarangdor”, “hashamdor” bo‘lgan xorijiy nomlardan birini tanlashga yordam olish ekan.
Aslida, bunday vaziyatlarda korxona egalariga biror chora ko‘rish yoki muammo yechimi uchun qo‘limizda hech qanday asos yo‘q ham edi. “Davlat tili haqida”gi qonunda qonun ijrosining ta’minlanishiga doir jazo choralari ko‘rsatilmagan. Har qanday qonun uning talablarini buzgan holatda unga nisbatan belgilangan jazo choralari bo‘lgandagina kuchga ega bo‘ladi, ishlaydi. O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksining “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan 42-moddasi (Fuqarolarning tarbiya va ta’lim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda to‘sqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik) ham, afsuski, bunday holatda bizga qarshi ishlasa ishlaydiki, foydamizga emas.
Dunyoda har bir o‘zini hurmat qilgan millat, tarixi, e’tiqodi, davlat ramzlarini hurmat qilgani kabi tilini ham qadrlaydi, boshqalarni ham bunga daxl qilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Yaqinda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” qonuni loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirildi (https://regulation.gov.uz/oz/document/17095). Loyiha qisqa muddatda ko‘pchilikning diqqatini tortdi, eng ko‘p taklif kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (648 ta) ro‘yxatidan joy oldi. Loyihaga ko‘ra Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan 42-moddasiga “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi” degan to‘ldirish kiritilishi kutilmoqda. Ijobiy va salbiy munosabatlar bildirildi. Hatto ayrim ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda Pushkin tili uchun jarima qo‘llashmoqchi” kabi ig‘vo qo‘zg‘ovchi materillar ham berildi. Albatta, bu kabi katta loyihalar silliq qabul qilinmaydi. Kimlardir bunday paytda haqiqiy qiyofasini ko‘rsatib, maqsadini oshkor qilib qo‘yadi.
Mamlakatimizning nomi — O‘zbekiston, aholisi — asosan o‘zbek, milliy tili — o‘zbek tili bo‘lsa, o‘ttiz yil oldin “Davlat tili haqida”gi qonunning 1-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida aniq va tiniq qilib “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili — o‘zbek tilidir” deb yozib qo‘yilgan. Shunday ekan, kodeksga bunday to‘ldirish kiritilishi tabiiy holat. Bu allaqachon amalga oshirilishi lozim edi. Zero, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida davlat organlarida ish yuritishning davlatning rasmiy tilida olib borilishi va ushbu qoidaga rioya etmaganlik, uning ustidan nazoratni yetarli darajada o‘rnatmaganlik uchun javobgarlik, jarima belgilangan.
To‘g‘ri, o‘zini madaniyatli, ziyoli, vatanparvar deb bilgan har bir inson me’yorlarni, jumladan, tilini hurmat qiladi. Biroq ba’zan qonuniy asosga ega emasligimiz, davlat tili maqomini ko‘tarish, mavqeyini oshirishdek ezgu niyatimizni amalga oshirishga to‘sqinlik qilishi ham haqiqat. O‘ylaymizki, tez kunlarda biz kutgan qonun rasman ishga tushadi.
Bashorat BAHRIDDINOVA, Qarshi DU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi deputati