Davlat tili muhofazasi qanday bo‘lishi kerak?
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni millat tarixida tarixiy hodisa bo‘ldi desak, yanglishmaymiz. Chunki mazkur farmon asosida uzoq yillar yig‘ilib qolgan muammolar yechimini topyapti, har yili oktabr oyida mutaxassislar tomonidan kuyinchaklik bilan aytilib, so‘ngra qog‘ozlarda qolib ketgan takliflar, tavsiyalarning hukumat doirasida e’tiborga olinishi o‘chib borayotgan umid uchqunlarini yana yondirdi. Prezidentimiz tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini oshirish bo‘yicha qator vazifalarning qo‘yilishi tilimizga bo‘lgan hurmatning yuksak namunasidir.
Tilimizga davlat miqyosida maxsus farmon asosida e’tibor qaratilayotgan ekan, uning jamiyatdagi nufuzi, o‘rni, obro‘sini oshirish, huquqiy maqomini belgilash, tom ma’nodagi davlat tili darajasiga olib chiqish uchun nima qilish kerak? Ya’ni davlat tili muhofazasi qanday bo‘lishi lozim, degan masala ko‘pchilikni o‘ylantirishi, tabiiy. Buning uchun esa, birinchi navbatda, tilimizni har tomonlama mukammal ishlangan qonun vositasida himoyalab qo‘yishimiz kerak bo‘ladi.
Ma’lumki, qonun — inson, jamiyat va davlat manfaatlari nuqtayi nazaridan eng muhim hisoblanadigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasi (https//uz.m.wikipedia.org). Demak, tilimizning mavqeyi, martabasi qonun orqali himoyalanishi kerak. Shu sababli 30 yil avval qabul qilingan qonunni qayta ko‘rib chiqish, mukammal bir hujjat sifatida qabul qilish kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir.
1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuni o‘z davrida buyuk hodisa bo‘lganligi e’tirof etilgan. Lekin Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “...bundan o‘ttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda” (2019-yil 21-oktabrdagi o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqidan).
Qonundagi noaniqliklar, kamchiliklar, tahrirga muhtojligi, yangi moddalar kiritish zarurligi xususida radio, televideniye, matbuot orqali mutaxassislar tomonidan ko‘plab fikrlar, takliflar aytildi va aytilmoqda ham. Jumladan, mutaxassis M.Niyazmatov o‘zining “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun tahrirga muhtojmi?” nomli maqolasida qonunning munozaratalab moddalari xususida to‘xtalib, ularga aniqlik kiritish lozimligini aytadi. R.Jabborovning “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘ldi. Shu o‘tgan davr ichida nima o‘zgardi? Nimani o‘zgartirish kerak?” maqolasida shunday fikrlar bor: “Qonunni o‘qib chiqar ekanmiz, u o‘ta ehtiyotkorlik, muloyimlik bilan tuzilgani, ochig‘ini aytganda, qonundan ko‘ra ko‘proq tavsiyanomaga o‘xshashini anglaymiz. Unda imkon darajasida o‘zbek tilining mavqeyini boshqa tillardan oshirib yubormaslikka harakat qilingandek tuyuladi. Qonun bilan yaxshi tanishib chiqqan, boshqa tilda so‘zlaydigan yoki boshqa millatga mansub fuqarolar “davlat tilini o‘rgansak ham, o‘rganmasak ham bo‘laverar ekan” degan xulosaga bormasligiga hech kim kafolat bermaydi. Davlat tilidagi qonunni buzish, davlat tiliga hurmatsizlikning huquqiy oqibatlari qonunda aniq ko‘rsatib berilmagan”.
Avvalo, qonunni ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning milliy tiliga bag‘ishlangan qonunlarini o‘rganib chiqish, ulardan ijobiy foydalanish orqali qonunimizni takomillashtirish zarur. Kamina ham mutaxassis sifatida Gruziya, Ozarboyjon, Armaniston, Estoniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarning davlat tili haqidagi qonunlari bilan tanishib chiqish asnosida qonunimizga takliflarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Qonunning tuzilishi. Boshqa davlatlar qonunlari bilan solishtirilganda, bizning qonunimiz juda sodda tuzilgan, na bob, na bo‘limlarga ajratilgan. Yaqinda “Munosabat” ko‘rsatuvida ishtirok etgan bir mutaxassisning davlat tili to‘g‘risidagi qonun shunday sodda tuzilganki, uni bir oddiy nizom darajasida deb aytish mumkin, degan fikrlariga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q. E’tibor qiling:
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
2-modda. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi (“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonunga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida. 1995-yil, 21-dekabr). Xuddi shu tartibda 24 moddadan iborat, 3 sahifalik ixchamgina qonun shakllantirilgan.
Yuqorida tilga olingan davlatlarning qonunlari alohida boblarga ajratilgan, har bir bob va moddalarning nomlari bor. Masalan:
I bob. Umumiy qoidalar. 1-modda. Davlat tilining huquqiy asoslari (Ozarboyjon Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonuni).
I bob. Umumiy qoidalar. 7-modda. Ta’lim tili (Gruziyaning davlat tili to‘g‘risidagi qonuni).
Davlat tiliga bo‘lgan munosabat, hurmat uning himoyasi bo‘lgan qonunning mukammal shakllanishidan boshlanishi kerak. Mazkur qonunning o‘zida ko‘chadagi, binolardagi yozuvlar, reklama va e’lonlar, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha ommaviy axborot vositalarida, jamiyatning barcha sohalarida davlat tilining qo‘llanilishi, davlat tilining o‘qitilishi kabi masalalar to‘liq o‘z ifodasini topishi kerak. Shundagina “qaysi tilda reklama berish tadbirkorning o‘ziga bog‘liq” yoki bu narsa “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga zid” kabi gaplarga o‘rin qolmaydi (bu xususda quyida to‘xtalamiz).
Boshqa tillar qonunlarida bo‘lgani kabi, qonunda dastlab unda qo‘llaniluvchi tayanch tushunchalar va ularning izohi berilishi lozim. Taxminan shunday (yana qo‘shimchalar bo‘lsa, berilishi mumkin):
Qonunning asosiy tushunchalari.
Amaldagi qonunda quyidagi asosiy tushunchalar ishlatiladi:
1) davlat tili — Konstitutsiyada belgilangan tarixiy an’analarni o‘zida mujassam etgan, O‘zbekiston fuqarolarining va boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning munosabatlarini o‘zida aks ettirgan, qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til;
2) nodavlat tili — davlat tilidan tashqari, O‘zbekiston hududida yashovchi turli millat va elatlarning shaxsiy hayotida foydalanishi mumkin bo‘lgan til;
3) adabiy til — davlat tilining me’yoriy ko‘rinishi, umumxalq tilining yuqori shakli, muayyan bir me’yorga, ya’ni aniq bir maromga, tartib-qoidalarga solingan til, davlatning fan, ta’lim, madaniyat, ommaviy axborot vositalari va rasmiy hujjatlarda ishlatiladigan til;
4) diaspora — davlatdan tashqarida yashovchi millatning bir qismi (etnik qatlam) (o‘zbek diasporasi);
5) Davlat tilini rivojlantirish departamenti — davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
6) Respublika atamashunoslik komissiyasi — Davlat tilini rivojlantirish departamenti huzurida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilot bo‘lib, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bilan shug‘ullanadi.
Ta’kidlaganimizdek, qonunimizning birinchi moddasi bitta gap bilan tugaydi. Misol keltiraman:
Статья 4. Государственный язык Республики Казахстан
Государственным языком Республики Казахстан является казахский язык. Государственный язык — язык государственного управления, законодательства, судопроизводства и делопроизводства, действующий во всех сферах общественных отношений на всей территории государства.
Долгом каждого гражданина Республики Казахстан является овладение государственным языком, являющимся важнейшим фактором консолидaции народа Казахстана.
Правительство, иные государственные, местные представительные и исполнительные органы обязаны:
всемерно развивать государственный язык в Республике Казахстан, укреплять его международный авторитет;
создавать все необходимые организatsiонные, материально-технические условия для свободного и бесплатного овладения государственным языком всеми гражданами Республики Казахстан;
оказывать помощь казахской диаспоре в сохранении и развитии родного языка.
Ya’ni:
Qozog‘iston Respublikasining davlat tili qozoq tilidir. Davlat tili — davlat boshqaruvida, qonun hujjatlari, sud ishlarini yuritish, ish yurtitish hujjatlari tili bo‘lib, davlatning barcha hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qiladi.
Davlat tilini bilish Qozog‘iston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir, bu esa Qozog‘iston xalqlarini birlashtirishda eng muhim omil hisoblanadi.
Hukumat, boshqa davlat, mahalliy vakillik va ijroiya organlari:
Qozog‘iston Respublikasida davlat tilini to‘liq rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash;
Qozog‘iston Respublikasining barcha fuqarolari davlat tilini erkin va bepul o‘rganishlari uchun barcha zarur tashkiliy, moddiy va texnik sharoitlarni yaratish;
Qozoq diasporasiga o‘z ona tilini saqlash va rivojlantirishda yordam berishga majburdir.
Ozarboyjon, Gruziya davlatlari qonunlarida ham shunday manzarani kuzatish mumkin.
Biz ham taxminan shunday shakllantirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi:
-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili.
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.
Davlat O‘zbekistonning barcha hududlarida davlat tilining konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan maqomini himoya qiladi va nazoratini ta’minlaydi.
Davlat tili — davlatni boshqarish tili, qonunchilik, sud, ijtimoiy munosabatlar, ishlab chiqarish, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi barcha sohalarga tegishlidir.
O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining davlat tilini bilishi uning fuqarolik burchi sanaladi yoki har bir fuqaro davlat tilini bilishi shart (Ozarboyjon, Armanistonning davlat tili to‘g‘risidagi qonuni).
O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari hurmat qilinishi ta’minlanadi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi.
Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar.
Davlat ta’lim muassasalarida fuqarolarga davlat tilini o‘qitish bepul amalga oshiriladi.
Bir narsani alohida ta’kidlashni istardim, biz juda ehtiyotkor, shu bilan birga, o‘ta bag‘rikeng xalqmiz. Respublikamizda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. “Biz o‘z xatti-harakatimiz bilan ularning tilini kamsitayotgandek bo‘lib qolmaslik kerak. Davlat tili mavqeyini o‘ylaganda, mana shu omillarni inobatga olish kerak”, degan andisha hammamizda bor. O‘zbek tili mavqeyi, martabasi to‘g‘risida o‘ylaydigan, uni himoya qilmoqchi bo‘lganlarni darhol qoralashga, millatchiga chiqarishga harakat qilamiz. Bunday ko‘rinmas kuchlar yetarlicha ekaniga ijtimoiy tarmoqlar orqali guvoh bo‘lib turibmiz. Lekin gap O‘zbekistonda davlat tilining obro‘sini oshirish haqida ketyapti yoki misol uchun, Qozog‘iston yoxud Qirg‘izistonda o‘zbek tilining qo‘llanilishi masalasi emas. Xohlagan davlatning qonunini ko‘ring, o‘z tilining mavqeyi birinchi planga olib chiqilgan. Mana bir misol:
7. Обязателность использования государственного языка Российской Федерaции не должна тольковатся как отрицание или умаление права на пользование государственными языками республик, находящихся в составе Российской Федерaции, и языками народов Российской Федерaции (Федеральный закон о государственном языке Российской Федерaции. Статя 1.). Ya’ni Rossiya Federatsiyasida davlat tilidan foydalanishning majburiyligi Rossiya Federatsiyasining bir qismi bo‘lgan respublikalarning davlat tillari va Rossiya Federatsiyasi xalqlarining tillaridan foydalanish huquqini inkor etish yoki rad etish deb tushunilmasligi kerak.
Rossiyada ham xuddi bizga o‘xshab juda ko‘plab millat va elatlar, o‘z davlat tiliga ega bo‘lgan subyektlar bor. Lekin ular rus tilining davlat tili sifatida alohida mavqeyini, qo‘llanilishi majburiyligini e’tirof etib qo‘yibdi-ku. To‘g‘ri-da, Rossiya Federatsiyasida davlat tili rus tili, buni hech kim inkor eta olmaydi. O‘zbekistonda ham davlat tili o‘zbek tili ekanligi va buni hech kim inkor etmasligi shart!
Fikrimizda davom etamiz. Ba’zi davlatlarning qonunlarida, jumladan, Ozarboyjon Respublikasi qonunida davlat tili me’yorlari va alifbosi ham alohida moddalar bilan belgilab qo‘yilgan. Biz ham mazkur masalani alohida moddalarda aks ettirsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan:
-modda. Davlat tili me’yorlari.
Davlat tili o‘zbek adabiy tili me’yorlariga asoslanadi. O‘zbek tilining orfoepik va imlo me’yorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti har besh yil muddatda o‘zbek tiliga kirib kelgan yangi so‘z va atamalar (sohalar bo‘yicha) lug‘ati, imlo lug‘atlarini nashr etib boradi.
-modda. Davlat tili alifbosi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili alifbosi — lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidir.
Shunda ehtimol, qaysi yozuvda yozish kerak, degan ortiqcha savollarga o‘rin qolmas.
Ayni vaqtdagi eng katta muammo, keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan holat — bu ko‘chadagi turli yozuvlar, e’lonlar, ulardagi davlat tiliga bo‘lgan e’tibor masalasi. Prezidentimizning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqida ham ayni masalaga alohida e’tibor qaratildi: “Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.
Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish — bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma’naviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak”.
Bu masala qonunda qay darajada aks etgan? Tan olib aytish kerak, ixcham tarzda, bitta gap bilan alohida moddada o‘z aksini topgan:
20-modda.
Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.
Lekin boshqa davlatlar qonunlarida bu modda keng va atroflicha izohlangan. Masalan, Ozarboyjon qonunidan:
Статя 7. Исползование государственного языка в сферах обслуживания, рекламах и объявлениях.
7.1. Во всех сферах обслуживания, рекламах и объявлениях на территории Азербайджанской Республики используется государственный язык. В соответствующих сферах обслуживания, связанных с оказанием услуг иностранцам, наряду с государственным языком могут применятся и другие языки. При необходимости в рекламах и объявлениях (на счетах, табло, плакатах и пр.) наряду с государственным языком могут использоватся и другие языки. Однако занимаемая ими площад не должна превышат площад, занимаемую азербайджанским языком, она должна находится после надписи на азербайджанском языке.
7.2. Государственный язык во всех сферах обслуживания, рекламах и объявлениях на территории Азербайджанской Республики должен применятся в соответствии с нормами государственного языка.
7.3. Этикетки и другие надписи на товарах, производимых на территории Азербайджанской Республики, а также экспортируемых товарах наряду с соответствующими иностранными языками должны быт даны и на государственном языке.
7.4. Этикетки и названия на импортируемых в Азербайджанскую Республику товарах и продукции, инструкции по правилам их использования наряду с другими языками должны сопровождаться переводом на азербайджанский язык.
Ya’ni qisqacha aytganda, Ozarboyjon Respublikasining barcha hududida xizmat ko‘rsatish sohalarida reklama va e’lonlarning davlat tilida berilishi, shu bilan birga, boshqa tillarda ham berilishi mumkinligi, lekin boshqa tildagi matnning o‘lchami, kattaligi, egallagan joyi davlat tilida berilganidan kichik bo‘lishi va undan keyin berilishi, davlat tili normalariga qat’iy amal qilinishi, Ozarboyjon Respublikasida ishlab chiqarilayotgan, shu bilan birga, eksport qilinayotgan va import qilinayotgan mahsulotlar yorliqlaridagi yozuvlar boshqa tillar bilan birgalikda davlat tilida berilishi shartligi belgilab qo‘yilgan. Qirg‘iziston qonunida mahsulot yorliqlarining davlat tiliga tarjimasi xarajatlari eksport va import qiluvchilar zimmasiga yuklangan.
Agar bizda ham bu tajribalar o‘zlashtirilsa, muammolar o‘z yechimini topadi deb o‘ylayman.
Yana bir muammoga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ommaviy axborot vositalari(radio, televideniye, matbuot)da davlat tilining o‘rni masalasi. Bu ham hech kimga sir emas, chunki bu muammo haqida mutaxassislar, ziyolilar tomonidan ko‘p va xo‘p aytildi va aytilmoqda. Lekin o‘zgarish yo‘q, hech narsa bo‘lmagandek, shevaga xos so‘zlar, adabiy til normalaridan chekinish... bu masala bo‘yicha ham qonunimizda bir jumla bor:
16-modda.
Televideniye va radio eshittirishlari davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda olib boriladi.
Endi Qirg‘iziston Respublikasi qonuniga e’tibor qiling:
Статя 20.
Государственный язык в Кыргызской Республике является основным языком в сферах культуры, искусства, массовой информaции.
Все средства массовой информaции, функционирующие на государственном языке (телевидение, радио, издательства, органы печати), обязаны соблюдать нормы кыргызского литературного языка. Телерадиокомпании независимо от форм собственности более половины своих передач ведут на государственном языке.
Ya’ni Qirg‘iziston Respublikasida davlat tili madaniyat, san’at va ommaviy axborot sohalarining asosiy tili hisoblanadi.
Davlat tilida faoliyat olib boriladigan barcha ommaviy axborot vositalari qirg‘iz adabiy tili normalariga rioya qilishga majburdir.
Ozarboyjon qonunida:
Статя 6. Исползование государственного языка в телерадиовещании.
Ведущие всех вещающих на государственном языке теле- и радиоканалов, независимо от формы собственности, учрежденных и осуществляющих деятельност на территории Азербайджанской Республики, должны в совершенстве владеть государственным языком и свободно говорит на нем. Фильмы и передачи, дублированные на теле- и радиоканалах, должны соответствовать установленным государством нормам языка.
Ozarboyjon Respublikasi hududida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tashkil qilinib, davlat tilida faoliyat olib borayotgan teleradio kanallar boshlovchilari davlat tilini mukammal darajada bilishi va erkin gapira olishi shart. Teleradio kanallarda dublyaj qilingan filmlar va ko‘rsatuvlar davlat tomonidan o‘rnatilgan til normalariga mos kelishi shart.
Ko‘rib turganimizdek, amal qilinishi lozim bo‘lgan barcha xatti-harakatlar qonun bilan mustahkamlanib qo‘yilgan.
Yana bir muammoga e’tiboringizni qaratmoqchiman, ya’ni ta’lim sohasida davlat tilining qo‘llanilishi. Bu masala ham qonunimizda alohida modda, unchalik tushunarsiz ikkita gap bilan yozilib qo‘yilgan:
6-modda.
O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda ham umumiy, hunar-texnika, o‘rta maxsus va oliy ma’lumot olishni ta’minlaydi.
Endi boshqa davlatlar qonunlaridan namunalar:
Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan ta’lim muassasalarida ozarboyjon tilini o‘qitish majburiy.
O‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga kirishda “ozarboyjon tili” fanidan imtihon topshiriladi.
Armaniston Respublikasining barcha o‘rta maxsus, oliy ta’lim muassasalarida arman tilidan kirish imtihonlari va arman tili o‘qitilishi majburiy hisoblanadi.
Umumta’lim tashkilotlari (maktab, gimnaziya, litsey)da majburiy tarzda davlat tilidan yozma ish (sinfdan sinfga ko‘chirishda), bitiruv imtihonlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’limda kirish va bitiruv imtihonlari o‘tkaziladi (Qirg‘iziston).
Ko‘rib turganingizdek, qonunimizda “davlat tilini o‘qitish majburiy” degan jumlaning o‘zi yo‘q. Shuning uchun ham ko‘p rahbarlarimiz tomonidan “o‘zbek tili nimaga kerak?” degan savol ko‘p takrorlanadi. “Nimaga kerak?” jumlasi tufayli tilimiz mana shu ahvolga keldi, bir paytlar o‘zga tilli guruhlar uchun joriy qilingan Davlat attestatsiyasi olib tashlandi, o‘quv soatlari qisqartirildi, hatto o‘zbek tilini fan sifatida mensimaslik darajasiga olib kelindi. Agar “nimaga kerak?” deyilmaganda, boshqa davlatlardagi kabi ta’lim rus tilida olib boriladigan yo‘nalishlarda ham davlat tilidan kirish imtihonlari qo‘yilgan bo‘lardi.
Sanab o‘tilgan davlatlar qonunlarida davlat tilini bilishga qo‘yiladigan talablar ham alohida moddalarda o‘z ifodasini topgan. Masalan, Estoniya qonunida alohida bob ajratilgan bo‘lsa, Gruziya qonunida davlat tilini bilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil qilinadigan komissiya tomonidan imtihon o‘tkazilishi, imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga maxsus sertifikat berilishi belgilab qo‘yilgan. Mana davlat tiliga bo‘lgan munosabat qanday bo‘lishi kerak!
O‘tgan davr mobaynida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, ko‘p narsani yo‘qotdik. Davlatimiz rahbarining tilimiz to‘g‘risidagi farmoni ham shuning uchun qabul qilindi. Endi ortga qarab qilgan xatolarimizni to‘g‘rilash, yo‘qotganlarimizni qayta tiklash uchun imkoniyat tug‘ildi, “nimaga kerak?” degan savoldan butunlay voz kechish payti keldi. Farmonning nomini eslang: “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “tubdan” so‘ziga alohida e’tibor bering. Demak, tilimizning nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish uchun harakat qilishimiz kerak.
Kamina hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turgan ba’zi muammolar bo‘yicha qonunimizga takliflar berishga harakat qildim. Sizlarga taqqoslash imkoniyatini yaratish uchun ba’zi davlatlar qonunlaridan ruscha misol keltirdim, tarjimasini ham umumiy tarzda bayon qildim (xatolari uchun uzr).
Yakuniy xulosamiz shundan iboratki, yangilanayotgan qonun jiddiy tarzda ishlanishi kerak, boshqa davlatlarniki kabi boblarga ajratilib, hech bir masala nazardan chetda qolmasligi lozim, so‘ng keng jamoatchilik hukmiga havola qilinishi maqsadga muvofiq. Eng asosiysi, qonunchilik palatasi deputatlaridan ham faollik kutib qolamiz, deputatlarimiz orasida malakali huquqshunoslar ko‘p deb o‘ylaymiz va ularning qonunning har bir moddasini mukammal ko‘rib chiqishiga umid bildirib qolamiz.
Yana bir taklif. Yaqin qo‘shnilarimizdan tashqari, rivojlangan davlatlarning qonunlari bilan tanishib, ulardagi ijobiy holatlarni o‘zlashtirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz deya g‘ururlanar ekanmiz, milliy g‘ururimiz, ma’naviyatimiz, madaniyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimiz haqidagi qonunimiz hech bir davlatnikidan kam bo‘lmagan holda, mukammal, zalvorli bo‘ladi deb ishonamiz. Siz nima deysiz, zamondosh?
Inomjon AZIMOV, filologiya fanlari nomzodi, dotsent