Salohiyatsiz kadrlar kimning “mahsul”i?
Maktab ta’limida ko‘plab o‘qituvchilar uchratadigan bir muammo borki, uni bartaraf etish uchun, avvalo, ota-onani yo‘lga solishga to‘g‘ri keladi.
Iqtidorli o‘quvchining o‘z qiziqishi bilan maqsadi sari intilishi ota-onasi hamda ustozi ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq. Maktab o‘qishga umuman qiziqishi yo‘q o‘quvchini ham kasbga yo‘naltirishi, iqtidorini namoyon etishga imkoniyat va sharoit yaratishi lozim. Bunday o‘quvchilar bilan psixolog, o‘qituvchi va ota-ona hamkorlikda ishlashi kerak. Ammo ba’zi ota-onalar uchun farzandlarining fikri, qiziqishlari muhim emas. Meni bir savol ko‘p o‘ylantiradi. O‘quvchining kelajagi kim uchun kerak? Davlat uchunmi yo ota-ona uchun? Davlatga yurt farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy nufuzini oshirish uchun salohiyatli kadrlar kerak. Shu maqsadda o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun ko‘plab imkoniyatlarni o‘z ichiga olgan bepul tizimni yaratib qo‘yibdi. Ota-ona-chi? Ular, avvalo, fuqaro sifatida davlat oldidagi burchini his etib, farzandini el koriga yaraydigan sog‘lom fikrli inson qilib tarbiyalashga mas’ul.
Yigirma yildan ortiq pedagogik faoliyatimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, o‘quvchi ilm olish va o‘z kelajagiga beparvo bo‘lar ekan, bunga ota-ona sababchi bo‘ladi. Vaqtida bolalarga sharoit yaratib bermaslik, tergab turmaslik, hammasini o‘qituvchi zimmasiga tashlab qo‘yish kabi ota-ona tomonidan yo‘l qo‘yiladigan befarqliklar o‘quvchilarning ham o‘ziga bo‘lgan mas’uliyatini so‘ndirib boradi.
Bolaning kelajagini ta’minlashda yapon va koreys millatidan o‘rnak olsa arziydi. Bizning ham bu borada qarashlarimizni o‘zgartiradigan payt keldi. O‘quvchilardagi (ayrim ota-onalarda ham) “maktabni bitirib olay u yog‘i bir gap bo‘lar” yoki birdaniga boyib ketish xomxayollarini o‘zgartirishimiz kerak. Bu borada ota-ona bilan birga ustozlarining ham o‘rni katta. Sohaga “adashib kirib qolgan” pedagoglar xatosini takrorlamaslik uchun, avvalo, ularning qobiliyatini sinovdan o‘tkazib, munosibini oliy ta’limda o‘qitish kerak. Shu o‘rinda yuqorida aytilgan muammolarning yechimi sifatida ayrim takliflar bermoqchiman:
• har bir tumanda qobiliyatli o‘quvchilar bilan ishlaydigan internat-maktablar tashkil qilish lozim;
• kasb-hunar maktabiga qamrab olish imkoni bo‘lmagan joylarda jamoatchi ustozlarni biriktirish (manfaatli bo‘lsa samarali bo‘ladi). Bunda to‘garak sifatida turli soha vakillari (haqiqiy mutaxassislar) master-klass o‘tishlari yoki reja asosida suhbatlar tashkil qilishlari kerak;
• ota-ona mas’ulligini oshirish (yaxshi o‘qimasa yoki tarbiyasida pasayish sezilsa, javobgarligini kuchaytirish);
• puxta ishlangan ijtimoiy-psixologik so‘rov o‘tkazish lozim.
Xulosa qilib aytganda, bugun umumiy o‘rta ta’limda yechimini kutayotgan muammolar ko‘p. Yechim topish esa yana ko‘p mehnat talab etadi. Sharafli mehnatdan charchamaylik.
Bozor XO‘JAMQULOV, Qamashi tumanidagi 80-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi