“Ta’limda an’anaviylik va novatorlik uyg‘unligiga erishish lozim!”
Xalq ta’limi vaziriga ochiq xat bo‘yicha ayrim mulohazalar
Pedagog olim va professor-o‘qituvchi sifatida ta’limda bo‘layotgan o‘zgarishlar, kiritilayotgan yangiliklar bilan tanishish, ularni tahlil etish va baholash hamda samarali foydalanish yo‘llarini tadqiq etib boraman. Ta’lim sohasi rivoji uchun aytilayotgan mulohazalarga hamma vaqt o‘z munosabatimni bildirib kelganman va buni mutaxassis sifatida vazifam deb hisoblayman.
“Ma’rifat” gazetasida e’lon qilingan 2020-yil 3-iyun,18-son “Xalq ta’limi vaziriga navbatdagi ochiq xat” nomli maqolaga munosabat sifatida o‘z fikrlarimni bildirishni lozim deb topdim:
birinchidan, pedagogikada “yaxlit pedagogik jarayon” atamasi qo‘llaniladi. Bu esa, ta’lim sifati va samarasi faqat uch komponentgagina (normativ hujjatlar, metodika, baholash) bog‘liq emasligini anglatadi. Pedagogik jarayon komponentlari (qonun, qonuniyat, tamoyil, mazmun, shakl, metod, vosita, texnologiya, o‘qituvchi, o‘quvchi, didaktik, metodik va moddiy ta’minot) umumiylik, o‘zaro bog‘liqlik va alohida o‘ziga xoslikka egadir. Aytmoqchimanki, pedagogik jarayon komponentlarini “birlamchi” va “ikkilamchi” deb tasniflash mumkin emas! Bunday yondashuv biryoqlamalilik va didaktik tamoyillarning buzilishiga olib keladi;
ikkinchidan, Davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqish hamda ta’lim amaliyotiga joriy etish o‘ta murakkab ish. Ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun ishlab chiqilayotgan normativ hujjatlar o‘quvchilarning tayyorgarligiga qo‘yiladigan malaka talablarini (kompetensiyalar) belgilab berish bilan birga, ta’lim oluvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli pedagogik risklarning oldini olish uchun “himoya mexanizmi” vazifasini bajaradi. Shuning uchun respublikamizda “ta’lim dasturlarini tanlashda yagona va tabaqalashgan yondashuv” tamoyilining amal qilishi masala yechimiga qaratilgan maqbul yo‘ldir. 2017/2018-o‘quv yilidan boshlab kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta’lim standarti bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quv jarayoniga tatbiq etib kelinmoqda. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan jahonning yetakchi tashkilotlari va markazlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan yangi “Milliy ta’lim dasturi” esa, istiqbolni ko‘zlab loyihalanayotganini Respublika ta’lim markazi tomonidan o‘tkazilayotgan vebinarlar va tashkilot saytida e’lon qilinayotgan yangiliklardan anglash qiyin emas. Dastur tajriba-sinovdan o‘tkazilib, har tomonlama mukammal darajaga kelganidan so‘ng, ommaviy ta’lim amaliyotiga joriy etilishi maqsadga muvofiq. Mana shu o‘rinda ochiq xat mualliflarining “taqdim etilishi kutilayotgan standartlar loyihalarining eskicha qolipda tayyorlanayotgani, amaldagi dasturlardan prinsipial farq qilmasligi, o‘zgarishlar faqat o‘quvchilar o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan mavzularning nomini yoki ketma-ketligini o‘zgartirish bilan cheklanayotgani...” kabi fikrlariga mutlaq qo‘shilmayman. Kiritilayotgan o‘zgarish va yangiliklarni ko‘rib-bilib turib, “yo‘q” deyishimiz insofdan emas! Dastur va darsliklar bilan tanishish jarayonida xalqaro baholash dasturlariga (PIRLS, PISA, TIMMS) asoslangan o‘quv materiallari va topshiriqlar adaptiv variantlarda taqdim etilayotganini yaqqol ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, ta’lim mazmunini ishlab chiqishga nisbatan xalqaro baholash dasturlaridagi metodologik yondashuvni “ideal” deb qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki har qanday xalqaro baholash dasturi ma’lum maqsadlarnigina ko‘zlab ishlab chiqiladi. Milliy ta’lim mazmuni va modelini ishlab chiqishda u yoki bu nazariya mutlaq asos qilib olinishi mumkin emas! Ta’lim mazmunini tanlashga doir konsepsiyalar chuqur o‘rganilishi va o‘quv materiallarini tizimlashtirish jarayonida ulardan oqilona foydalanish maqsadga muvofiq;
uchinchidan, maqolada “metodika” va “pedtexnologiya” tushunchalari ham tilga olingan. Aslida “metodika” bu xususiy didaktika bo‘lib, har bir fanni o‘qitish qonuniyatlari, tamoyillari, mazmuni, shakl, metod, vosita va texnologiyalari majmuyini o‘zida aks ettiradi. Shu sababli metodika — bu metatexnologiyadir. Mazkur masala bo‘yicha “Ma’rifat” gazetasi va “Boshlang‘ich ta’lim” jurnalida kaminaning maqolalari bir necha bor o‘zbek hamda rus tillarida e’lon qilingan. Ya’ni maqola mualliflari ta’kidlagani singari “metodika” va “texnologiya” atamalari o‘ta jo‘n va sayoz tushunilmaydi. Texnologiya ta’lim amaliyotida uch darajada qo‘llaniladi: umumpedagogik, xususiy-metodik va lokal-modulli. Interaktiv metodlar bilan “pedagogik texnologiya” tushunchasini aynanlashtirish katta metodologik xatolikdir. Interaktiv metodlar yangi bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qilmaydi. Mazkur metodlarning asosiy vazifasi o‘quvchilarni faollashtirish va fikrlashini rivojlantirishdir;
to‘rtinchidan, maqola mualliflarining “eskicha yondashuv”, “eskicha fikrlash” kabi jumlalari kishining ta’bini biroz xira qiladi. Chunki maktab ta’lim tizimi, uning mazmuni, tashkiliy-pedagogik va didaktik asoslariga kiritilayotgan shuncha o‘zgarish va yangilanishlar hech “eskicha fikrlash” ustun deb aytish imkonini bermaydi. Aslida hamma vaqt ta’limda fundamentallik va amaliylik, an’anaviylik va novatorlik uyg‘un bo‘lishi hamda ana shu asosdan kelib chiqib, to‘plangan tajribalardan unumli foydalanish lozim. Biror-bir yondashuvni “qo‘lidan mahkam tutib”, shu “ayni haqiqat” deb da’vo qilish to‘g‘ri emas. Ta’lim jarayoni, mazmuni va uni tashkil etishga doir yuzlab yondashuvlar mavjud. Mazkur yondashuvlarning har biri muayyan ta’lim jarayonining ma’lum bir jihatiga ustuvorlik berishni o‘zida aks ettiradi. To‘la-to‘kis va mutlaq yondashuvning mavjud bo‘lishi o‘zi borliq qonuniyatlariga ziddir. Shuning uchun ta’lim tizimiga yangiliklar kiritish mavjud ilg‘or (an’anaviy) tajribalar ustiga qurilishi va shu asosda ta’lim mazmuni modernizatsiya qilinishi lozim;
beshinchidan, ijtimoiy tarmoqlar va Respublika ta’lim markazi sayti bilan tanishish aynan darsliklar yaratish, nashrga tayyorlash va chop ettirish jarayonlarini mukammallashtirish, osonlashtirish hamda maqbullashtirishga “parda ortidan qarab turilmayotganligi”ni ko‘rsatib turibdi. Aslida ham qilinayotgan ijobiy o‘zgarishlarga yelkadosh bo‘lish, kamchililiklarni kooperativlik asosida hal etish yo‘lida tashabbus ko‘rsatish ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan hamma insonlarning fuqarolik burchi emasmi?! Mening kuzatishlarimcha esa, bugun ko‘proq ayrim “jonkuyarlar” o‘zining subyektiv maqsad-muddaosining amalga oshmay qolganligini psixologik “hazm qilolmasdan” turli talqindagi mulohazalarni yozishga odatlanib qolishmoqda. Albatta, bu mening kuzatishlarim, biroq biroz chuqurroq tahlil qilinsa, ushbu fikr to‘g‘ri ekanligi oydinlashadi. “Ochiq xat” mualliflari o‘zlari ham aytib o‘tganlaridek, tushunishim bo‘yicha biror darslikni yozishgan bo‘lsa kerak, hoynahoy! Shu darslikni chiqarish uchun butun tizimni “monopol”ga aylantirish shart emasdir, aslida. Raqamli texnologiyalar rivojlangan davrda qo‘lyozmani tegishli tartibda ekspertizadan o‘tkazib, elektron kitob ko‘rinishida taqdim etilsa, istagan o‘quvchi va o‘qituvchi bahramand bo‘lishi, mualliflar ko‘zda tutgandek ularning mantiqiy, tanqidiy va kreativ fikrlash salohiyatining oshishiga yanada hissa qo‘shilishi mumkin-ku?!;
oltinchidan, talabalik yillarimdan shu vaqtgacha Respublika ta’lim markazini maktab ta’lim-tarbiyasiga doir masalalar bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar uchun har doim “eshigi ochiq” tashkilot deb bilaman. Ayni vaqtda ham Markaz barchani yangidan ishlab chiqilayotgan ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar bo‘yicha hamkorlik qilishga chaqirmoqda. Hatto taqdim etilgan ijodiy ish mahsullari talablarga to‘liq javob bersa, shu mualliflar bilan yaqin aloqalar o‘rnatilayotganini eshitib turibmiz. Aksincha, biz olimlar vaqtning yetishmasligi, ishimizning ko‘pligini ro‘kach qilib, yordam bera olmayotganligimiz uchun aslida xijolatdamiz. Aytmoqchimanki, xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga hissa qo‘shish shu sohaga daxldor insonlar sifatida hammamizning vazifamiz deb qarashimiz, Respublika ta’lim markazi bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak! Ana shunda muammolarga birgalikda yechim topishimiz, o‘zimizning millatparvar ekanligimizni amalda isbotlashimiz mumkin!;
oltinchidan, muqobil darsliklarni ko‘paytirish orqali ta’lim sifati oshib ketmaydi. O‘rtacha “ideallik”ka ega (avval ham ijtimoiy tarmoqlarda yozgan mulohazalarimda ideal darslikning o‘zi bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tganman!) darslikka qo‘shimcha ravishda metodik qo‘llanmalar, elektron darsliklar va multimediali ilovalarni yaratish maqsadga muvofiq. Darslik o‘rganilayotgan soha, yo‘nalish va masalalar doirasida yetuk ilmiy va metodik salohiyatga ega mutaxassislar tomonidan yaratilishi lozim. Maktab darsliklari hamma yaratishi mumkin bo‘lgan o‘quv adabiyoti emas! Bunday yondashuvning natijasi nimalarga olib kelishiga bugungi kunda oliy ta’lim misolida yaqqol guvoh bo‘lib turibmiz. Kecha magistraturani tugatgan, bir fan bo‘yicha auditoriyada qoyillatib dars o‘tib ham ulgurmagan, aytayotgan fikrlarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligiga “o‘zi ham ishonmaydigan” “mutaxassislar”ning ham o‘quv qo‘llanma va darsliklar yozishga “majbur qilinishi” oqibatida biri ikkinchisini inkor qiladigan nazariyalar, ta’riflar va qoidalar “urchigandan urchib” yotibdi;
yettinchidan, “O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi asosli takliflarni inobatga olgan holda qabul qilinsa, ham mazkur tashkilotning, ham shu sohaga aloqador mutaxassislarni qiziqtirgan ko‘plab masalalarning ijobiy yechim topishiga erishiladi. Jumladan, darsliklarning yangi avlodini yaratish, nashrga tayyorlash va chop ettirishga qo‘yiladigan ergonomik talablarning ishlab chiqilishiga, ayniqsa, alohida ehtiyoj mavjud. Ayni paytda mazkur masala tezroq hal etilishi maqsadga muvofiqdir.
Begzod XODJAYEV, pedagogika fanlari doktori, professor