Toptalgan nomlar va muborak ismlar: bu holat oxir-oqibat nimaga olib keladi?
Har qanday yozuv inson tafakkuriga ta’sir ko‘rsatadi. Agar yozuv davlat tilida, adabiy til qoidalariga mos yozilgan bo‘lsa, ijobiy ta’sir qiladi, davlat tili qoidalari buzib yozilgan matn esa salbiy ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Masalan, jamoat transportidagi yozuvlar: yo‘nalish nomi, bekatlarning nomlanishi va shu kabi ma’lumotlar davlat tilida bo‘lishi shart. Aks holda, Kibray, Chirchik, Gazalkent, Kuylyuk, Kokand shaklidagi yozuvlarni har kuni ko‘raverib, ko‘zi pishib ketgan yo‘lovchida “demak, mana shu yozuvlar to‘g‘ri yozilgan ekan” degan tasavvur shakllanib qoladi yoki do‘konlardagi yozuvlar: bo‘limlar, savdo yorliqlari, narxnomalarning davlat tilida yozilishi juda muhim. Masalan, myaso (go‘sht), govyadina (mol go‘shti), baranina (qo‘y go‘shti), farsh (qiyma), rosto (suyaksiz go‘sht) va boshqa shu singari yozuvlar har soniyada minglab kishilarning nazariga tushadi. Bu esa davlat tili haqidagi qonunga rioya qilmaslik, ya’ni huquqiy madaniyat, milliy g‘urur va iftixor yetishmasligidan darak beradi.
Achinarlisi, ism-sharifimiz FHDYO organlarida qanday, masalan xato yozilgan bo‘lsa, shunday yozishga majburmiz. Chunki rasmiy hujjatlarda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va fuqarolik pasporti bilan bir xil yozilishi talab etiladi. Bularning hammasi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomadan boshlanadi: Irkin, Irgash, Alim, Djura, Dilfuza, Xadjayev, Xadjiyev kabi yozuv shakllari hujjatdan hujjatga ko‘chib o‘taveradi. Masalan, Yadgarov Tulkun Gafurovich singari yozilgan ism-sharifli fuqaroning farzand¬lari endi Tulkunov(a) deb yoziladimi? Xo‘sh, bu holat oxir-oqibat nimaga olib keladi? Tabiiyki, imlo savodxonligiga putur yetadi, muborak ismlarimiz toptaladi, milliy g‘ururdan mosuvo bo‘lamiz.
Fuqarolar ism-sharifidagi xatoni to‘g‘rilash yoki uni o‘zgartirish uchun nima qilishi kerak?
– O‘n olti yoshga to‘lmagan bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomasi yozuviga o‘zgartish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish ota-onasining birgalikdagi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasi orqali amalga oshiriladi, – deydi Toshkent viloyati Qibray tumani FHDYO bo‘limi ins¬pektori Dilnoza Akramxo‘jayeva. – Agar shaxs ismiga xon, bek, bibi singari, ota ismini yozishda yevich, ovich, o‘g‘li, qizi, zoda va boshqa qo‘shimchalarni kiritishni yoki olib tashlashni istasa, bu uning yoshidan qat’i nazar, dalolatnoma yozuviga qo‘shimcha kiritish yo‘li bilan bajariladi. O‘n yoshga to‘lgan bolaning ism-sharifini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bolaning roziligi ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs¬lar tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi. Buning uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasi, ota-onasining pas¬port nusxalari, nikoh guvohnomasi, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma (agar FHDYO bo‘limida mavjud bo‘lmasa) talab etiladi. Shundan so‘ng bir hafta mobaynida fuqarolarga javob beriladi.
Ism-shariflarni o‘zgartirish uchun ba’zida shaxs¬ni tasdiqlovchi hujjat – pas¬portda ota-onasining ismlari ba’zi farzand¬larining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarida to‘g‘ri, ayrimlarida esa xato bo‘lishi mumkin. Pas¬port almashtirishda yuzaga kelgan xatolik bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarida ham namoyon bo‘ladi.
Uni o‘zgartirishga bir necha o‘nlab hujjatlar, ularning asl nusxa ekanligini tasdiqlash uchun o‘nlab idoralardan ma’lumotnomalar olish uchun bir necha kunlab vaqtingiz ketadi. Byurokratiya to‘sig‘iga duch kelasiz. Nahotki, familiya, ismimizdagi ikki yoki uchta harfni o‘zgartirish uchun shuncha ovoragarchilik zarur bo‘lsa? Ko‘p sohalarda yengillik bo‘layotgan bir paytda, balki shu muammoni FHDYO organlari orqali joyida hal etish vaqti kelmadimi?
Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan pensiya¬ga chiqish tartibining soddalashtirilganidan keksalarimiz mamnun. Notariusda ko‘chmas mulk, xususan, uylarning oldi-sotdi shartnomasi uchun oldingidek o‘nlab tashkilotlarga borib, bir dunyo hujjatlar yig‘ish, ovoragarchilik, qog‘ozboz¬likka chek qo‘yildi. Uydan chiqmasdan turib onlayn kredit olish va boshqa ko‘plab qulayliklar yaratilayotganidan aholi xursand.
Texnika va axborot-kommunikatsiyalari rivojlangan bir paytda, fuqarolarning pasportlaridagi mavjud xatolarni to‘g‘rilash yoki ism-shariflarni o‘zgartirish uchun qulayliklar yaratilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Yuqorida keltirilgan kamchilik¬larni bartaraf etishdan tashqari, bugungi kunda davlat tilini rivoj¬lantirish sohasida ko‘plab tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Buning uchun, avvalo, har bir tashkilot rahbari va mas’ul xodimlari davlat tilida savodli gapira olish va yozish malakasini egallash kerak.
E’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining barcha kanallaridagi yozuvlar nazorat qilinishi, ko‘rsatuvlarga nom tanlashda milliy manfaat hisobga olinishi – “Hi-Tech”, “Top retsept”, “Sketch-shou”, “Real xit”, “Toshkent live”, “Zamon live”, “Teleinternet original” kabi nomlardan voz kechilishi lozim. Agar teleko‘rsatuvlarda savodsizlikka yo‘l qo‘yilsa, bu millionlab teletomoshabinlarning savodxonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbek tilida ko‘cha, maydon, mehmonxona nomlari, jamoat transportidagi yozuvlar, savdo shoxobchalaridagi yozuv bilan bog‘liq amaliyot, reklama matnlari, har bir tashkilot (firma) nomining o‘zbek tilida to‘g‘ri yozilishi ham nazoratga olinishi lozim. Chunki to‘g‘ri berilgan har bir nom va uning yozilishi o‘zbek adabiy tili manfaati nuqtayi nazaridan hal qilinadi.
Shuningdek, o‘zbek tili, adabiyoti, nutq madaniyati bilan muntazam shug‘ullanayotgan olimlar, mutaxassislar, ona tilimizni targ‘ib etib kelayotgan shaxs¬lar “O‘zbek tili bayrami kuni”da rag‘batlantirib borilishi ham davlat tili nufuzining oshishida muhim o‘rin tutadi.
Sherzod ABDUSAMADOV
Manba: postda.uz