Kelajakni boy bermaylik!
Bu yil oliy ta’lim uchun belgilangan qabul kvotalari 140 mingga yaqin bo‘lsa, 600 mingdan ziyod o‘quvchi maktabni bitirmoqda.
O‘qishga kira olmagan o‘quvchi nima qiladi? Bu savolga haqiqatga yaqin javob shuki, juda ko‘p hollarda yollanma ishchi sifatida chet davlatga ketish uchun chipta sotib oladi. Bu — kelajakda o‘z sohasining ajoyib mutaxassislari bo‘lishi mumkin bo‘lgan kadrlarni yo‘qotdik, deganidir.
Bu masalani atroflicha o‘rganib shu xulosaga keldimki, bugungi kunda ta’lim tizimimiz 50 % budjetdan oylik oluvchilarni tarbiyalamoqda. Butun mamlakat bo‘yicha o‘qitish tizimi shunga qaratilgan. Agarda ta’lim tizimimizda islohotlar o‘tkazilib, maktabda biznes, kasb-hunarga yo‘naltiruvchi ilmlar o‘rgatilsa, maktabni tugatgach masalan, 100 ming IT mutaxassisi, 100 ming biznesmen, 100 ming tibbiyot va boshqa turdagi mutaxassislarni tarbiyalab chiqargan bo‘lamiz. Natijada ushbu sohalardagi kadrlar yetishmovchiligi va sanab o‘tilgan muammolar o‘z yechimini topadi. Shundagina ta’lim tizimimiz 100% budjetdan oylik oluvchilarni emas, balki 60–70% soliq to‘lovchilarni tarbiyalab chiqargan bo‘lar edi.
O‘rta ta’limda kasbga yo‘naltirishning ijobiy taraflari juda ham katta. Masalan, maktab bitiruvchisi kun kelib o‘qishga kira olmagan taqdirda ham o‘zining sevimli kasbi, xalqona til bilan aytganda, qo‘lida hunari bo‘ladi. Chet el tajribasidan misol keltiradigan bo‘lsak, dunyoning rivojlangan davlatlari: Yaponiya, AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya kabi mamlakatlar ta’lim tizimi shunga ixtisoslashganini ko‘rishimiz mumkin. Ularda hunar o‘rgatish va yoshlarni ish bilan ta’minlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Germaniyada o‘quvchi o‘rta ta’limdan keyingi bosqichdagi gimnaziya maktablariga kirish uchun yetarli miqdorda ball to‘play olmasa, u o‘rta ta’limni davom ettiradi va bu o‘quvchi uchun fojia sanalmaydi. Chunki unga ta’limning bu bosqichida kasb-hunar o‘rgatiladi. Bu esa o‘quvchi o‘rta ta’limni bitirib ham o‘z yo‘lini topa olishi mumkinligini ko‘rsatadi.
O‘zga yurtlarda yollanma ishchi bo‘lib ishlayotgan, turli ellarda darbadar yurgan yoshlarimiz haqqi biz ham ta’lim tizimini yetarlicha isloh qilishimiz shart! Zero, yurtimizning gullab yashnashi ham, uning rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilishi ham yosh avlod qo‘lida. Ularni boy bermaylik!
Kamronbek YUSUPOV, O‘zJOKU talabasi