Haqqingizni talab qiling, muallim!
Mahalliy budjet hisobidan “Ma’rifat”, “Xalq so‘zi”, “Xalq ta’limi”, “Xalq ta’limi axborotnomasi” nashrlariga obuna qilingani aytilgan maktabga umuman boshqa nashrlar yetkazilmoqda.
Tahririyatimizga obuna masalasida ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Aksariyatining mazmuni shunday: “Ma’rifat”ga obuna bo‘lgandik, lekin gazeta kelmayapti”, “Bizdan ta’lim nashrlariga obuna uchun pul yig‘ilgandi, biroq hech qanday ta’lim nashri yetkazilmayapti”... (Shu o‘rinda qayd etish joizki, Xalq ta’limi vazirligining 2019-yil 23-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar XTBB va viloyatlar XTBlariga jo‘natgan xatida vazirlik muassisligidagi nashrlarga har bir ta’lim muassasasini Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-qarori 5-bandi asosida hamda budjetdan tashqari topilgan mablag‘ hisobidan kamida 2 tadan yillik obuna qilish tavsiya etilgan). Gazeta-jurnallar vaqtida yoki umuman yetkazilmayotganida hatto tahririyatlarni aybdor sanayotganlar ham bor. Obuna madaniyati — boshqa mavzu. Biroq obuna bo‘lgan nashrini ololmayotganlarning hafsalasi pir bo‘lib, o‘sha nashrga ishonchi yo‘qolayotgani ayni haqiqat. Shuningdek, mahalliy budjet hisobidan ta’lim nashrlari obunasi uchun ajratilishi zarur bo‘lgan mablag‘lar ham soha xodimlariga umuman aloqasi bo‘lmagan boshqa nashrlar obunasiga yo‘naltirilmoqda.
Shu o‘rinda ustoz-murabbiylarga ikki og‘iz so‘z. Aziz mushtariylar! O‘z haq-huquqingizni talab qiling. Ta’lim nashriga obuna bo‘ldingizmi, o‘sha nashrning muntazam yetkazilishini so‘rang, surishtiring, talab qiling!
Quyida mahalliy budjet hisobidan bir necha gazeta-jurnallarga obuna qildirilgani aytilgan-u, ammo ularning o‘rniga boshqa nashrlarni olayotgan maktabning jonkuyar o‘qituvchilaridan birining murojaati berilmoqda. Bu murojaat shu soha, shu tizim mutasaddilarining e’tiboridan chetda qolmaydi deb ishongimiz keladi.
* * *
Avvalo bundan oldin ushbu masalada boshqa idoralarga qilgan murojaatlarim amaliy hal etilmayotganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ushbu murojaatim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-qarori 5-bandiga asosan mahalliy budjet hisobidan men ishlab kelayotgan 10-maktabning bir necha gazeta-jurnallarga obuna qildirilgani, ammo ushbu gazeta, jurnallar berilmay kelayotgani va bu haqda qilingan murojaatlarning natijasiz qolayotgani xususidadir.
Bundan bir qancha vaqt oldin yuqori tashkilotlarga Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan gazeta va jurnallarga obuna qildirishga yordam so‘rab murojaat etgandim. Shundan keyin Qamashi tuman hokimligidan va Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan maktabimiz “Ma’rifat” gazetasi, “Xalq ta’limi axborotnomasi”, “Xalq ta’limi” va “Xalq so‘zi” nashrlariga obuna qildirilgani ma’lum etildi.
Oradan bir qancha muddat o‘tgach, maktabimizga Qamashi tumanlararo pochta aloqa tarmog‘i tomonidan “Yangi O‘zbekiston”, “Ishonch” gazetalari berila boshlandi. Ammo “Xalq so‘zi”, “Ma’rifat” gazetalari va boshqa ta’lim nashrlari berilmay kelindi. (“Xalq so‘zi” gazetasi va “Xalq ta’limi” jurnali tuman XTB tomonidan onda-sonda berilyapti). Buning sababini bilish uchun Qamashi tumanlararo pochta aloqa tarmog‘i boshlig‘i T.Davronovga qo‘ng‘iroq qildim. T.Davronov maktabimizga obuna qildirilgan nashrlarni yetkazib berishayotganini, ammo “Ma’rifat”, “Xalq so‘zi”, “Xalq ta’limi”, “Xalq ta’limi axborotnomasi” nashrlari pochta yetkazib berishi kerak bo‘lgan ro‘yxatda yo‘qligini ma’lum qildi.
Men maktabimizga obuna qildirilgan nashrlar berilmayotgani yuzasidan yuqori tashkilotlarga murojaatimni takrorladim. Murojaatlarim yuzasidan nega maktabimiz obuna qildirilgani ko‘rsatilgan nashrlar berilmay kelayotgani aniqlanib, masala hal qilinmay turib, faqat qog‘ozbozlik bilan bir xil javob berib kelinyapti. Shu o‘rinda ana shu javoblardan biri bo‘lgan Qamashi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari R.G‘afurov imzosi bilan kelgan javob xati nusxasini ilova qilayapman.
Ko‘rinib turibdiki, yuqori tashkilotlarga qilingan murojaatlardan keyin ham masala ijobiy hal bo‘lmayapti. Hozirga qadar yuqorida nomlari qayd etilgan nashrlar berilmay kelinmoqda. Qog‘ozda boshqa, amalda boshqa ish bo‘layapti. Bu holat qachongacha davom etadi? Nima uchun maktabimiz obuna qildirilgani ko‘rsatilgan “Ma’rifat”, “Xalq so‘zi”, “Xalq ta’limi”, “Xalq ta’limi axborotnomasi”, shuningdek, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Til va adabiyot ta’limi” kabi nashrlar maktabimizga kelmayapti? Men ana shu savollarga aniq-tiniq javob topilib, maktabimiz obuna qildirilsa-da, hanuzga qadar berilmay kelayotgan yuqorida nomlari qayd etilgan gazeta, jurnallarni topib, maktabimizga yetkazib berilishida amaliy yordam so‘rayman.
Rahmatilla MENGIROV, Qamashi tumanidagi 10-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari