O‘qituvchilarning boshi yana “tosh”ga tegmaydimi?..
Ta’lim sohasi uzoq yillar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani sababli farzandi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishini xohlagan ota-ona qo‘shimcha o‘quv kurslari yoki repetitorga berishga majbur bo‘lgani sir emas. Mana, yaqin yillardan beri o‘qituvchining yelkasiga oftob tegdi, qo‘shimcha jamoat topshiriqlariga jalb qilishga chek qo‘yildi, majburiy mehnatning oldini olish, o‘qituvchi sha’ni himoyasi va qadr-qimmatini oshirish bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlandi. Majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan izchil siyosat yuritib kelinmoqda. Bu ham adolatning bir ko‘rinishi.
O‘zgarishlar, islohotlardan maqsad nima? Albatta, ta’lim sifatini oshirish. O‘quv yillari natijadorligini sarhisob qiladigan bo‘lsak, quvonarli ko‘rsatkichlarga erisha olmadik.
Prezidentimiz tomonidan o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirishiga oid ko‘rsatkich bo‘yicha maktab rahbarlari va o‘qituvchilarga baho berish, oylik maoshlarini belgilashda natijadorlikni inobatga olish haqida topshiriq berildi. Demak, bu bo‘yicha hukumat tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqiladi. Shu masalada joylardagi vaziyatni inobatga olgan holda takliflar tayyorlash o‘rinli deb hissoblayman. Fikrimcha, quyidagi masalalarga e’tibor qaratilishi lozim.
BIRINCHIDAN. O‘qituvchi o‘z istagi bo‘yicha o‘quv dasturi tuzib ta’lim bermaydi, ya’ni vazirlik tomonidan yetkazib berilgan darslik bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini olib boradi. O‘quv kurslari esa oliy ta’limga kirish imtihonlarida tushadigan test materiallari bo‘yicha o‘quv dasturi tuzib olishadi.
Amaldagi darslikdagi to‘liq ma’lumotlarni o‘zlashtirgan o‘quvchi kirish testlariga qay darajada tayyorligining tahlili o‘tkazilishi kerak.
IKKINCHIDAN. Bir mutaxassislik bo‘yicha uchta fandan test topshiradi deylik (bu yilni nazarda tutmayapman). Bitiruvchining kirish imtihonlaridan yetarli bal to‘plashi bitta fan o‘qituvchisiga bog‘liq emas.
“Avvallari repetitor bo‘lmasdi, biz maktab dasturida o‘tilgan darslarda olingan bilim bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganmiz”, deb fikr bildiradigan ota-onalarimiz talaygina. Bunga to‘liq qo‘shilaman. Faqat hozir repetitorga farzandingizni o‘qishga ro‘yxatdan o‘tkazsangiz, albatta, yondosh fanlardan qaysi o‘qituvchida tayyorlanishini surishtirishadi. Agarda tajribasizroq o‘qituvchida ta’lim olishini anglashsa, eng zo‘r repetitor ham farzandingizni kursiga qabul qilishga rozi bo‘lishi qiyin yoki umuman bo‘yniga mas’uliyat olmaydi. Sababi, bitta fanni yaxshi o‘zlashtirib, kirish testlaridan muvaffaqiyatli natija ko‘rsatib bo‘lmaydi.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, matematika o‘qituvchisi tumandagi eng zo‘r o‘qituvchi bo‘lsa-yu, ingliz tili o‘qituvchisi yaxshi dars bera olmasa, o‘quvchi iqtisod yo‘nalishiga o‘qishga kira olmaydi. Demak, eng zo‘r o‘qituvchi bo‘lgan matematika o‘qituvchisiga ham chora ko‘rilishining oldini olish kerak.
UCHINCHIDAN. Umuman, test topshirilmaydigan fandan dars beradigan o‘qituvchilar bu holatda qay ahvolda bo‘lishadi?
TO‘RTINCHIDAN. Maktab direktorlarida o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazib, mehnat shartnomasini bekor qilish vakolati mavjud emas.
Bu dolzarb masalada maktablardagi barcha o‘qituvchilar bir jamoa sifatida harakat qilishi muhim, O‘ylaymanki, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan adolatli mexanizm yaratish bo‘yicha tahliliy ma’lumot va takliflar taqdim etiladi.
Shohista TURG‘UNOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi