Ishsizlar ko‘payishiga hissa qo‘shmang!
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidovga ochiq xat
Assalomu alaykum, hurmatli Inomjon Urishevich!
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 26-maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisiman. 30 yillik mehnat faoliyatim davomida sohamizdagi barcha yutuq va kamchiliklarning guvohi bo‘lib kelyapman.
Oddiy bir o‘qituvchi sifatida muhim bir jarayon haqida fikrimni bildirmoqchiman.
Kasb-hunar kollejlariga o‘quvchilarni qabul qilish boshlanganidan xursandmiz. Chunki hammamiz bilamizki, maktabning barcha o‘quvchisi o‘quv rejadagi fanlarni birdek o‘zlashtira olmaydi va hammasi ham OTMga kira olmaydi. Bunda ayrim o‘quvchilarning hunarga havasi ortiqligi ham sababdir, balki.
Bizning hududda yengil sanoat kasb-hunar kolleji mavjud. Shu muassasaning qabul yo‘nalishlari bilan tanishdim. O‘sha eski yo‘nalishlar:
1. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash laboranti.
2. To‘qish-tikish jihozlari operatori.
3. Elektromontyor.
4. Traktorchi-mashinist.
5. Payvandlovchi.
6. Nasos va nasos stansiyalariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash chilangari.
O‘quvchilar bu yo‘nalishlarga majburan hujjat topshiryapti (hech kimr majburlagani yo‘q, boshqa yo‘nalishlarning yo‘qligi sabab).
O‘ylab qarasak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash laboranti yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchi qayerda, qachon, qanday amaliyot o‘taydi? Aytaylik, shu guruhda 30 nafar o‘quvchi o‘qidi. Hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash ombori ham yo‘q. Bo‘lganda ham 30 nafar ishchi ishlaydimi? Menimcha, bu yo‘nalishga hududimizda talab yo‘q.
To‘qish-tikish jihozlari operatori yo‘nalishiga ko‘proq qizlar hujjat topshirgan (to‘g‘rirog‘i, tikuvchi bo‘lasan deb topshirtirilgan).
Dizayner-tikuvchi yo‘nalishi tashkil etilsa, eng muhimi guruh uchun ham nazariyotchi, ham amaliyotchi ustoz taklif etilsa, natija yaxshi bo‘lardi. Mutasaddilar va ota-onalar yordamida talabalarga kam foizli kreditlar ajratilib, tikuv mashinalari olib berilsa, ular shu yerning o‘zidayoq ish bilan ta’minlanardi. To‘g‘ri, muassasaning o‘zida barcha jihozlar bo‘lishi mumkin, ammo ular muassasaniki. Qizlar kasbni o‘rgangani bilan ish quroli bo‘lmasa, faoliyat yurita olmaydi. Shuningdek, 2 yil davomida shu yerning o‘zida amaliyotchi ustoz bilan muntazam shug‘ullansa, hunarni puxta egallaydi. Hatto imkon bo‘lsa, shu yerning o‘zida xaridorbop mahsulot ishlab chiqarish imkoni bo‘ladi.
Traktorchi-mashinist yo‘nalishida 30 nafar bola o‘qidi, deylik. Ular qayerda ishlaydi? Fermer xo‘jaliklari mavjud. Ularning o‘zlari, kerak bo‘lsa, texnikasini boshqaradi. Bu sohaga ham ehtiyoj pastroq. 30 nafar yoshning ishli bo‘lishi so‘roq ostida.
Shu yo‘nalish o‘rniga yigitlarga duradgor ustalar tayyorlaydigan yo‘nalish tashkil etilsa, yog‘och o‘ymakorligini, mebel, eshik-romlar yasashni o‘rgatishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu hunarlarni ham shunchaki o‘rgatib qo‘yish emas, dastgoh, zarur materiallar olish uchun kredit mablag‘lari ajratilsa, yaxshi samaradorlikka erishilardi. Aslida maqsadimiz ham yoshlarimizni o‘z yurtida ish bilan ta’minlash, ishsizlikning oldini olish emasmi?
Bu albatta, har bir bola, har bir oila bilan individual ishlashni talab qiladi. Uch tomonlama hamkorlik qog‘ozda emas, amalda yo‘lga qo‘yiladi. Chunki biz har bir bolamizning hayotda yo‘lini topishi uchun harakat qilyapmiz. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llamasak, kutganlarimizga erisholmaymiz.
Elektromontyor va payvandlovchi ustalarga har doim ehtiyoj bo‘ladi, chunki yurtimizda ko‘p qavatli binolar, yirik ishlab chiqarish korxonalari barpo etilyapti. Nasos va nasos stansiyalariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash chilangari yo‘nalishiga bir guruh o‘quvchining jalb qilinishi — yana ishsizlikka olib keladi. Bitiruvchilarning 2-3 nafari ish bilan ta’minlanishi mumkin. Qolgani esa yo‘q. Demoqchimanki, yo‘nalishlar tanlanganda hududning imkoniyatlari inobatga olinishi kerak.
Bundan tashqari, bog‘bonlar tayyorlansa, bog‘ ko‘paytirishga imkonimiz bor. Hududimiz cho‘lning o‘rtasida. Atrofimizda o‘zlashtirilmagan yerlar bor. Suv chiqarilsa kifoya. “Hunarli xor bo‘lmas” degan inkor etib bo‘lmas o‘z haqiqatimiz bor. Pandemiya davrida bu maqol yana bir bor isbotini topdi.
Qayta o‘z faoliyatini boshlayotgan kollejlarning yo‘nalishlari belgilanishida hududning imkoniyatlari va o‘ziga xosliklarini to‘liq o‘rganish kerak. Bo‘lmasa yana eski holat — yoshlarni ishsizlikka tayyorlash davom etaveradi.
Mehri XOLIQOVA, Qiziltepa tumanidagi 26-maktab o‘qituvchisi