Til tishlab turolmayman
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ona tili darslarining qisqarishiga turli kishilarning turfa munosabatlarini o‘qiyapmiz. Har xil soha vakillarining maqsadi va fikrlari turfa xil, ammo quvonarlisi, ularning munosabatida yakdillik bor.
Ona tili darslarini qisqartirish fanni soddalashtirish uchun maqbul yechim emasligini ta’kidlayotgan ziyolilar, voqelikni tilimizga siyosiy xuruj sifatida baholayotgan jamoatchilik vakillari, farzandi kamolotini o‘ylab xavotirlanayotgan ota-onalar va nihoyat darslari kamayib ketayotganidan zorlanayotgan o‘qituvchilar…
Ba’zan o‘quvchilar o‘z nutqida ruscha so‘zlar aralashtirganini ko‘rib qolsam, beqasam to‘n bilan shlyapa kiygan odam haqida fikrini so‘rayman-da, o‘zining xuddi shu ahvolda ekanini aytib uyaltiraman. Tilimizdagi bu qusur mustamlaka asorati, qullikdan nishona ekanini tushuntiraman. Xo‘sh, o‘qituvchining ozi shunday gapirsa-chi? Yoshligimizda onamning tovuqlarni katakka muttasil 5-6 kun qamab qo‘ysang, keyin ochiq qoldirsang ham kirib kelaveradi, deganlari esimda. Sho‘ro hukumatining maqsadli siyosati tufayli tilimiz chalajon qiyofaga kirib qoldi. Rus tilini davlat tili deb e’lon qilish haqidagi ayrim ziyolilarning iddaolarini esa haligi tovuqlarning ahvoliga o‘xshataman. Atrofga nazar tashlasangiz, sof o‘zbekcha “bo‘yinbog‘” o‘rnida “galstuk”, “simyog‘och” o‘rnida “stolba”, “chizg‘ich” o‘rnida “lineyka” kabi so‘zlarni faol qo‘llaydigan, boshqa tildagi so‘zlarni aralashtirganini payqamaydigan, mabodo aytib qolsangiz, sizga ajablanib qaraydigan hamyurtlarimiz, hatto ustozlarimiz ham talaygina. Bugungi rahbarlarga ta’lim bergan ham o‘z tilida chala yarim gapiradigan yoxud shu kabilarga jim qarab turib imkon yaratadigan siz-u biz kabi ustozlar-ku axir! Ko‘pchiligi rus maktablarida tahsil olgan bo‘lsalar ham ajablanmayman. Bugun jim turishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Millat kishisi sifatida ona tilimizga e’tibor masalasiga jiddiy ahamiyat qaratayotgan, munosabat bildirayotgan yurtdoshlarimizga tahsin aytgan holda ona tili fani o‘qitilishining qisqartirilishiga oqibat sifatida faqatgina darslarining kamayishini ko‘rayotgan ustozlarimizni millat manfaati haqida qayg‘urishga da’vat qilmoqchiman. Farzandingiz uydan pul o‘marsa, pulingizga achinasizmi yoki ma’naviyati zil ketgan bolangizgami? Voqelikning katta oqibatlari turganda kichigi atrofida o‘ralashishga ne hojat?! Zero, barcha zamonlarda moddiyatdan ma’naviyatni ustun qo‘ygan xalq muzaffardir.
Zebuniso JUMAYEVA, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-AFChO‘IMI ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi