Bolalarni qiynamaylik, azizlar!
— Ustoz, ustoz, manavi chiziqning pasti nima deyilar edi?
— Maxraj deyiladi, o‘g‘lim.
— Usti-chi, usti nima deyilar edi?
— Usti surat deyiladi. Shu darsni 3 soatdan beri o‘tyapmiz, hech o‘zlashtira olmayapsan-a, bolam, ko‘proq o‘qi, o‘rganib ketasan.
— Juda qiyin ekanda. Ayniqsa anavi p... per... per... ha... perpendikulyarmi-yey, shu so‘zning o‘zini aytish uchun bir hafta mashq qildim. O‘rganib olguncha miyalarim achib ketdi.
— Mayli, o‘g‘lim, sekin-sekin o‘rganib ketasan.
— E bitta men emas, Madina bilan Muxtorjon ham aytolmay qiynalishgan edi, anovi bilag‘onlaringiz ustilaridan rosa kulishdi.
— Ha, mayli, hali to‘garakda shug‘ullanamiz, yur ketdik, darsga kech qolamiz.
Bu suhbatni sizlarga havola qilishdan maqsadim nima?
26 yildan buyon maktabda boshlang‘ich sinflarga dars beraman. Bu yil o‘quvchilarim 3-sinfga o‘tdi. Shu sinfning matematika darsligini ko‘rib hayron qoldim. Darslik chiqarayotganlar adashib 5-sinf mavzularini 3-sinfga yozib yuborishibdimi, deb o‘ylabman. Keyin surishtirsam, haqiqatan ham bu mavzular 3-sinfga tegishli ekan. Mavzularni ko‘ring, “pozitsion nopozitsion (shu so‘zlarni o‘zbekcha talqin qilinsa bo‘lmasmikin?!) sonlar. Xo‘p, parallelni ayta olsin, perpendikulyar to‘g‘ri chiziqlar, o‘qqa nisbatan simmetrik figuralar, fazoviy figuralar, kasrlarni aytmaysizmi, ular ustida amallar bajarish, ularni taqqoslash... Endi qo‘yaverasiz. Bu mavzularni darslikka kiritayotganda mas’ul shaxslar har taraflama o‘ylab ko‘rishdimikan? Yoki respublikamizdagi hamma bolalar iqtidorli o‘quvchilar maktabida o‘qishadi, hammasining o‘zlashtirish darajasi bir xil, ko‘rsa bo‘ldi, o‘rganib ketaveradi deyishdimikan?
Biz qishloq maktabi o‘qituvchilari shahar maktablaridagi o‘quvchilarga ham, o‘qituvchilarga ham havasimiz keladi. Nima uchun deysizmi? Chunki ularga bog‘chadan chiqqan, harf, sonlarni taniydigan bolalar kelishadi. Aksariyati dastlabki qo‘shish va ayirishni ham o‘rganib bo‘lgan holda keladi maktabga. Lekin bog‘cha ko‘rmagan, kunduzi bilan ko‘cha changitib, ota-onasi ishdan kelguncha ukasiga qarab, oyisiga qo‘shilib erta-yu kech dala kezib yurgan chekka qishloq bolalari bularni qayerdan bilsin?
1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilganimizda hatto chiziqni farqlay olmaydigan, ruchka ushlashni bilmaydigan holatda bo‘lishadi. Bu bolalarni yozishga o‘rgatib, sonlar bilan tanishtirib, o‘qishni o‘rgatguncha 1-sinf qanday tugaganini bilmay qolamiz. 2-sinfda esa 2 xonali sonlar, ular ustida amallar, 3 xonali sonlarni qo‘shish va ayirish, ko‘paytirish jadvalini yod oldirguncha bolalarning, o‘zingiz, hatto ota-onaning ham tinka-madori quriydi.
Ana endi 3-sinfga o‘taylik. 3 xonali, 4 xonali, 5 xonali sonlarni qo‘shish va ayirish, ko‘paytirish va bo‘lish, sodda va murakkab tenglamalarni yechish, yuzani topish, turli xil o‘lchov birliklarini o‘rganish va ular ustida amallar bajarishni o‘rganishning o‘zi ham 3-sinf o‘quvchisiga yetarli bo‘lar edi, menimcha. Mayli, turli xil figuralarni o‘rganishsin, ko‘rishsa tushuncha hosil bo‘ladi, lekin kasr sonlar bilan 4-5-sinfda tanishsa ham bo‘ladi-ku. Hali sonlar bilan bajariladigan amallarni yaxshi o‘zlashtira olmagan bolalarga osmondan tushganday kasr sonlar ustida amallar bajartirish bu hech ham qoidaga to‘g‘ri kelmaydi.
Dasturga kiritilgan bu o‘zgarish amaliyotda qanday natija berayotganini biz o‘qituvchilar aniq aytib berishimiz mumkin. Mavzularni bir maromida yaxshi o‘zlashtirib kelayotgan o‘quvchilarim kasrga kelganda to‘xtab, qotib qolishdi. 4 xonali, 5 xonali sonlar ustida amallarni, tenglamalarni yechishni rosa qiziqib o‘rganayotganlarida kasrga o‘tib ketishdi. Ana ko‘ring tomoshani, bechora bolalarga biram rahmim keladi-yey.
— Ustoz, shuni keyinroq o‘tsak bo‘lmaydimi? — deb qo‘yishadi. Bu mavzuni sinfdagi 25 boladan 10 nafari qoniqarli o‘zlashtirsa katta gap, ammo qolgan bolalar-chi? Agar sinfda 35 bola bo‘lsa-chi, o‘qituvchi qaysi bolaning savollariga javob bersin, qaysinisi bilan alohida shug‘ullansin?
Yozganlarimni o‘qib, ayrimlar qanday tushuntirish bu o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq, deyishi ham ehtimoldan xoli emas. Fikrimcha, bunday murakkabliklarni joriy etish uchun o‘quvchilarning yoshi, fiziologiyasi, qolaversa barcha o‘qituvchilarning imkoniyat darajasini umumlashtirgan holda hisobga olish lozim. Nazariy jihatdan fikrlarni asoslash boshqa, ammo o‘sha nazariyani amaliyotga joriy qilganda kelib chiqadigan natija umuman boshqacha bo‘lishi mumkin. Asosiysi esa, natija, shunday emasmi?!
Umrinisa ERGASHOVA, Pop tumanidagi 49-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi