Zulmatdan nur sari yoxud “oqsayotgan” farmon-u qarorlar
Bugun yurtimizda har bir inson e’zozda, e’tiborda, deb bong uramiz. Sog‘-u nogironning jamiyatda birday o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkoniyati bor, deymiz. Chindan ham shundaymi? Ushbu materialni tayyorlash doirasida so‘rovnoma o‘tkazar ekanmiz, ayrim odamlarning “nega bu mavzuda maqola yozyapsiz, nogironlar kuniga hali bor-ku”, degan og‘riqli hayratomuz fikrlariga ham duch keldik... Nahot imkoniyati cheklangan insonlar haqida faqat bayramlardagina eslasak?!
Nogiron yurtdoshlarimizga shodiyona kunlari chiroyli bayram dasturxoni, turli ko‘ngilochar dasturlar, sovg‘alaru hadyalar tashkillashtiramiz-u, ammo ularning ichki olamiga nazar tashlashga shoshilmaymiz. Bu borada hatto Prezidentimizning ham bir emas, bir nechta topshiriqlari amalga oshirilmay qolib ketmoqda! Keling, mavzu doirasida yig‘ilgan fikr-mulohazalarni birgalikda ko‘rib chiqamiz.
“Davlat idoralari bizni ishga olmaydi...”
Maqola yuzasidan avvalo Respublika ko‘zi ojizlar jamiyatiga murojaat qildik. Biz bilan bog‘langan Jamiyat xodimi tizimda amalga oshirilmay qolib ketayotgan qaror va qonunlar talayligini e’tirof etdi. Shundan so‘ng ijrosi “oqsayotgan” muhim hujjatlardan birini bizga taqdim etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosi uch yildirgi sust kechmoqda. To‘rt bo‘lim, 51 banddan iborat ushbu muhim hujjatda bir qator masalalar belgilangan. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va reabilitatsiya samaradorligini oshirish, ta’lim olish, ularning maxsus kasbiy tayyorgarligi va qayta tayyorgarligi tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirilishini ta’minlash kabi masalalar, ularning ijrosiga mas’ul idora va tashkilotlar belgilangan. Xo‘sh, topshiriqlar qay darajada bajarildi?
Abbos RAHMATOV, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistranti:
— Yevropa yoki ummonorti davlatlaridagi imkoniyati cheklangan odamlar, ayniqsa, ko‘zi ojizlar hayotini ko‘p kuzatganman, ular xohlagan kasbida bemalol ishlay oladilar. Huquqshunoslikmi, iqtisodmi, qaysi soha bo‘lsa ham. Bizda esa shu sohalar bo‘yicha oliy ta’lim dargohini bitirgan bo‘lsangiz ham ishga olmaydi. Jahonda ko‘zlari ojiz yoki boshqa xil nogironligi bo‘lishiga qaramay shuhrat qozongan kuchli siyosatchilar, harbiylar va boshqa soha vakillari ko‘p kuzatilgan va hozir ham mavjud. Qani edi bizlarga ham imkon berilsa-yu, o‘zimizni ko‘rsata olsak... Afsus, davlat idoralari bizni ishga olmaydi...
Nogironligi bor insonlarning davlat tashkilotlariga ishonchi yo‘q. Nega?
So‘rovnoma doirasida shunday fikrlarga ham duch keldik. Ya’ni odamlar ma’lum vaqtda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va nogironlik guruhi qayta belgilanadi. Ammo shunday insonlar borki, ularning nogironligini sirtdan bilish qiyin emas. Shunga qaramay, ortiqcha ovoragarchilik bilan ko‘rikdan o‘tishga majbur. Sababi, universitetga hujjat topshirish, stipendiya, nafaqa olish kabi bir qator hollarda nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma so‘raladi. Garchi holat kunday ravshan bo‘lsa-da. Bunday vaziyatlar ularning davlat tashkilotlaridan uzoqlashishiga sabab bo‘lmaydimi?
Azizbek TOSHMIRZAYEV (Andijon):
— O‘n to‘qqiz yoshdaman. Bugungacha o‘nta kimyoterapiya, to‘rtta og‘ir operatsiyani boshdan o‘tkazdim. Avval ikki ko‘zim, so‘ng oyog‘imdan ajraldim. Keyin esa o‘pka saratoni deb tashxis qo‘ydilar... uni-da yengdim. Shunga qaramay hech bir tashkilotga yordam so‘rab bormaganman. Nega deganda, yugur-yuguri-yu ortiqcha qog‘ozbozliklari menga yoqmaydi. Bundan tashqari ham sabablarim bor. Umuman olganda, ularning hech birini tizimli ishlaydi deb bilmayman.
“Universitetlardagi nogironlar bilan ishlash bo‘limlari faqat nogironlar kuni arafasidagina ko‘rinish beradi...”
Shu o‘rinda yana bir kichik savol tug‘iladi, ta’lim dargohlarida imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlovchi bo‘limlar mavjud. Ushbu bo‘lim xodimlarining vazifasi o‘zi nimadan iborat? Faqatgina bayramlarda tabriklashdanmi? Nega ularning faoliyati ko‘zga ko‘rinmaydi?
Xayrullo RUHITDINOV, Parkent tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:
— Avvalo shuni ta’kidlash joiz, oliy ta’lim tizimida ko‘zi ojiz talabalar uchun imtiyozlar yo‘q emas, bor. Masalan, qo‘shimcha stipendiya mavjud. Hozir avvalgidan kamaysada, baribir qo‘shimcha stipendiya saqlab qolindi. Yana yotoqxona olishda ham imtiyoz bor. Bularni e’tirof etmaslikning iloji yo‘q albatta. Ammo shuni ham alohida aytish kerak, tizimda ko‘zi ojiz talabalarni o‘qitish uchun maxsus dasturlar yo‘qligi bizni ko‘p qiynaydi. Qolaversa, har bir chet el universitetlarida, hatto reytingi past bo‘lganlaridayam nogironlar bilan ishlash bo‘limlari bor va faol. Bizda ham yo‘q emas. Ammo ular faqat nogironlar kuni arafasidagina ko‘rinish beradi, boshqa payt esa jim...
So‘rovnoma o‘tkazish mobaynida shunisi ma’lum bo‘ldiki, hech bir yerda brayl alifbosida hujjat chop etuvchi kompyuter xizmatlari mavjud emas. Universitetlarda bir donadan brayl alifbosi bo‘yicha hujjat chop etuvchi maxsus printerlar o‘rnatilsa va bir mutaxassis biriktirilsa, talabalarning boshqalar bilan barobar izlanishiga katta imkon yaratilgan bo‘lar edi. Albatta, 5-10 talaba uchun buni yo‘lga qo‘yish erishday tuyilar, ammo nogironlar bilan ishlovchi bo‘lim bu haqda o‘ylab ko‘rishsa, bo‘lim qoshida bu ishni yo‘lga qo‘yish imkonini izlab ko‘rishi mumkin-ku, shunday emasmi?
Shahzod HASANOV, mustaqil dasturlovchi:
— Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘qiganim bois bitiruv- malakaviy ishimni ko‘zi ojiz insonlar uchun foydalanishga birmuncha qiyin bo‘lgan ayrim dasturlarni o‘rganishga bag‘ishlagan edim. Natijada OSM, Dot walker, Nearby explorer online kabi yo‘l ko‘rsatuvchi dasturlardan qulay foydalanishning o‘zbekcha yo‘riqnomasini ishlab chiqdim va amaliyotga tatbiq etdim. Shuningdek, ItHelp.uz telegram kanali hamda guruhini ochganman va unda muntazam ravishda ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan turli xil dasturlarning foydalanish tartibini o‘rgatib, yo‘riqnoma tuzib, kanalda ulashib boraman. Bilishimcha, ko‘rish imkoniyati sust bo‘lgan insonlarga yordam beruvchi faol dasturiy kanal hozircha faqat shu.
Guruhim a’zolari asosan talabalar. Ularni kuzata turib shunga amin bo‘lganmanki, universitetlarda nogironlar bilan ishlash bo‘limlarida brayl alifbosi bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatishni bemalol yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi. Bunday kompyuter va printer ko‘p mablag‘ talab etmaydi nazarimda. Uni yurituvchi mutaxassisni ham o‘sha ta’lim dargohida tahsil oluvchi ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar ichidan topish mumkin. Bu boshqa ko‘zi ojiz yoshlarning ham o‘sha universitetda o‘qishga ishtiyoqini oshiradi.
Xorij mamlakatlaridagi imkoniyatlarni orzu qilib...
Inson, avvalo, o‘z faoliyatini nazorat qilsa, o‘ziga yuklatilgan vazifaga sidqidildan yondashsa unga zanjirday bog‘langan boshqa ishlar ham o‘z-o‘zidan tizimlashadi. Ammo afsuski, bugun Respublika ko‘zi ojizlar jamiyatini tizimli ishlayapti deya olmaymiz. Xorij mamlakatlaridagi imkoniyatlarni maqtaymiz-u o‘zimizda hayotga tatbiq etgani urinmaymiz ham deyarli. Nega aksariyat imkoniyati cheklangan insonlarning davlat idoralariga murojaat qilishga hafsalalari yo‘q, bu ishonchsizlikdanmi yoki boshqa sabab?.. Savollar ko‘p, javoblar esa...
Shokir PANJIYEV, Qashqadaryo viloyati 18-ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasi ingliz tili o‘qituvchisi:
— Bir necha yil avval Malayziyaning “Index Braille Technology Sys” onlayn kursida tahsil oldim. Bir yarim yil mobaynida trenerimiz Anna Laudan imkoniyati cheklanganlar uchun texnik xizmat ko‘rsatishning barcha turlarini o‘rgandim. Mashg‘ulotlar so‘ngida muvaffaqiyatli va faol ishtirok etganim bois menga brayl alfavitida hujjatlar chop etuvchi maxsus printer yuborildi. Endilikda ushbu jihoz orqali rasmiy nashrlarimizning ko‘zi ojiz insonlar o‘qishi uchun mo‘ljallangan variantini yaratishni rejalashtirganman. Keyinchalik maxsus bosmaxona ham tashkil etmoqchiman. Buni amalga oshirish uchun, albatta, mablag‘ lozim. Mablag‘ topishga esa vaqt kerak, homiy kerak.
Bungacha “Dictionary in Braille”, sinov tariqasida Toshkentdagi ko‘zi ojizlar maktabining biriga 5-6-7-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan “Light up” kitoblarini hammualliflikda tayyorlaganman. Endilikda ushbu kitobni butun respublikaga tarqatish ustida ishlayapmiz. Yana ko‘p loyihalar rejada bor, ammo hammasi borib pulga taqaladi, afsuski. Ko‘zi ojizlar jamiyati esa moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga ojiz, sababi u o‘zini o‘zi moliyalashtiruvchi nodavlat-notijorat tashkilot hisoblanadi. Muammolarimizni kimga ochiq aytishni ham bilmaymiz... shu sabab boshqa tashkilotlarga murojaat qilishdan ko‘ra mustaqil faoliyat yuritishga intilishni afzal ko‘ramiz. Balki kelajakda biz ham xorij mamlakatlaridagi imkoniyatlarga ega bo‘larmiz...
So‘rovnoma jarayonida brayl alifbosidagi adabiyotlarning, xususan, diniy kitoblarning yetishmasligi, AOKAning to‘xtab qolgan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi, shuningdek, yirik tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda, kredit olishda imkoniyati cheklangan insonlarga imtiyozlarning kamligi to‘g‘risida ham fikrlar kelib tushdi. Pandemiya chekingach, bu ishlarga alohida e’tibor qaratilishiga umid qilamiz.
Yulduz O‘RMONOVA