Metodbirlashma rahbarlariga ustama beriladimi?
Shu yaqin yillarda ta’lim sohasida o‘zgarishlar talaygina bo‘ldi. Avvalo, pedagog xodimlar oylik maoshlarining oshirilishi, ortiqcha yuritilayotgan hujjatlarining kamaytirilishi, o‘qituvchilar uchun “O‘qituvchi kitobi”ning joriy etilishi ancha yillardan buyon kutilgan yangilik bo‘ldi.
Pedagoglardan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha test olinishi ham ayni karantin payti uyda o‘tirib o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga imkoniyat bo‘ldi. Bularning barchasi biz o‘qituvchilar uchun quvonarli, albatta. Ammo kundan-kun yangi qarorlarning chiqishi to‘xtamasligi o‘qituvchilarni chalg‘itib qo‘yayapti. Masalan, pedagog xodimlarga qo‘shimcha ustama berish haqidagi 275-qaror o‘tgan yili oktabr oyida bekor qilindi va ustama berishda o‘zgartirishlar kiritilib, 823-qaror chiqarildi. Shu qarordan so‘ng yangi o‘quv yili boshlangan bo‘lsa-da, darhol ba’zi maktablarda o‘qituvchilarning 275-qaror bilan oladigan ustama hujjatlari bekor qilinib, 823-qarorga asosan yangidan ko‘rib chiqilib, yangi hujjat tayyorlandi. Yangi qaror bilan ball yig‘a olmagan xodimlar ustamasi qirqildi. Turli noroziliklardan so‘ng, 275-qaror qayta tiklandi va yangi qaror 2020-yil sentabrdan amal qilishi aytildi.
Iyun oylarida ham maktablarda o‘quv yili tugagach, yangi o‘quv yili uchun 823-qaror bo‘yicha o‘qituvchilarning ishlari ko‘rib chiqilib, to‘plagan ballari bo‘yicha hujjatlar tayyorlandi. Ammo bu qarorning ba’zi bandlaridan norozilklar kelib chiqmoqda. Ayniqsa, metodbirlashma rahbarlariga 5 foiz qo‘shimcha ustama berilishi haqida rasman qaror qabul qilinmaganligi sabab chalkashliklar tugamayapti. Ya’ni, ustama barcha metodbirlashma rahbarlariga berilishi yoki rahbarlarning ish faoliyati ko‘rib chiqilib, faqatgina yaxshi ish olib borganlarga berilishi haqida hech qanday aniq ma’lumot berilmadi. Vaholanki, hozir o‘qituvchilar yangi o‘quv yilini boshlash va metodbirlashma rahbarlarini tayinlash arafasida. Biz pedagoglar mutasaddilardan shu masala yuzasidan aniq to‘xtamdagi javobni kutib qolamiz.
Shoira BADALOVA, Kogon shahridagi 7-maktab o‘qituvchisi