O‘qituvchining cho‘ntagiga ko‘z tikmang, janob mutasaddilar!

Yangi o‘quv yilining boshlanishi biz, o‘qituvchilar uchun o‘zgacha hayajon va zavq beradi. Sog‘inch ko‘zlarida balqib turgan o‘quvchilarning yugurib yonimizga kelishi, gullar tutishi — ular uchun kerakli inson ekanimizni anglatardi. Afsuski, pandemiya bizni bu shukuhdan mosuvo qilmoqda. Ijtimoiy masofa saqlash, qo‘l berib ko‘rishmaslik va boshqa shu kabi talab va ehtiyojlar bunga sabab.
Hozirgi vaziyat — urushga teng. Bu virus — ko‘rinmas dushman. Hamma o‘zini asrashi, ehtiyot choralarini ko‘rishi lozim. Shifokorlarimiz ko‘rinmas balo bilan jang qilishmoqda. Biz ular uchun ta’zimdamiz. Endi navbat ustozlarga keldi. Biz ham bu jangda mardonavor qatnashamiz va hech qachon ortga qaytmaymiz. Lekin qurolsiz, hech qanday himoya vositalarisiz, hech qanday rag‘batsiz jangga kirish g‘alabaga eltarmikan? Yoxud “Himoya vositangni ham, qurolingni ham o‘zing topasan, biz seni tanimaymiz”, deb askar urushga kuzatiladimi?!
…Majlislar zalida hamma o‘qituvchilar to‘plangan. Maktabimiz rahbarlari, shukurki, vazmin, salohiyatli, insofli kishilar. Hamma ularning og‘ziga tikilgan, ular esa gapni nimadan boshlashni bilmay turishardi. Sezdimki, qandaydir yoqimsiz topshiriq bo‘lgan va uni bizga qanday yetkazishni bilmay turishardi. Va nihoyat, yutinibgina bazo‘r so‘z boshlashdi: “Xabaringiz bor, yangi o‘quv yili 14-sentabrdan boshlanadi, shu sababdan yuqori tashkilot aytgan vazifalarni zudlik bilan amalga oshirishimiz kerak. Sinfxonalarni epidemiologik vaziyatga moslashtirish, ya’ni xonalarda antiseptik vositalar, chiqindi qutilari, dezinfeksiya vositalari, nam salfetkalar bo‘lishini ta’minlash darkor.
Navbatdagisi — barcha sinf rahbarlari quyidagi mazmunda kafolat xati yozib berishadi:
— sinfga tashqaridan infeksiya kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun javobgar bo‘lish;
— o‘quvchilarni shaxsan kutib olish;
— o‘g‘il-qizlar sinfga kirishida ijtimoiy masofani saqlashi, boshqa sinf o‘quvchilariga aralashib ketmasligi uchun doimiy nazorat o‘rnatish;
— o‘quvchilar hojatxonalarda qo‘l yuvish va quritish vositalari, sovun yoki antiseptik vositalardan doimiy foydalanishlarini kafolatlash.
Agar yuqoridagi talablarni bajarmasak, maktabimizga chora ko‘rilarkan, bizni to‘g‘ri tushunasiz degan umiddamiz”, deya so‘zlarini yakunlashdi.
Hamma jim. Hamma sukutda. Bizdagi naqllarga ko‘ra sukut — alomati rizo. Aslida ham shundaymikan? Balki inson mavhum, tushunarsiz va chorasiz vaziyat sabab sukut qilayotgandir.
Endi tabiiy, alamli savollar paydo bo‘lmoqda. Birinchidan, Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Prezidentimizning “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq xalq ta’limi muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, tegishli hududda umumta’lim muassasalariga yordam ko‘rsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishi belgilanganini, shu sababli maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etishda qo‘llaniladigan dezinfekisya vositalarining birortasi ham o‘qituvchilar tomonidan xarid qilinmasligini, pandemiya sharoitida umumta’lim maktablariga pirometr, dezinfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar markazlashgan holatda yetkazib berilishini aytdi. Unday bo‘lsa, nima uchun barcha tashkiliy ishlar o‘qituvchilar zimmasiga tushyapti? Bu voqealar sinfxonalarni ta’mirlash ishiga o‘xshab ketayotgandek.
Ikkinchidan, butun dunyo virusning oldini ololmay turgan vaqtda sinf rahbari qanday qilib kafolat xati bilan bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni uddalaydi?
Uchinchidan, sinf rahbarlik alohida olib boriladigan, qoniqarli maosh to‘lanadigan ish emas. O‘qituvchilik faoliyati bilan birga olib boriladi. Shu yerda yana bir mantiqsizlik bor: sinf rahbari 30–35 o‘quvchining har biri qo‘lini yuvganini, hojatga borgan-bormaganini, boshqa sinfga aralashib ketmasligini, shaxsan kutib olishni qanday amalga oshiradi? Yoki u dars o‘tmaydimi? Ko‘plab maktablarda hali hamon ikki tartibli, ya’ni tushgacha va tushdan so‘ng dars mashg‘ulotlari o‘tiladi (darsdan so‘ng onlayn ta’lim olmoqchi bo‘lganlarning davomati yuritilishi, ularga vazifa, mavzular o‘tilishi bu alohida mavzu). Tasavvur qilib ko‘ring-a, bu ishlarga jismoniy jihatdan ulgurishning imkoni bormi? Yoki o‘qituvchining sog‘lig‘i ahamiyatsizmi? Shu kabi savollarga mutasaddilardan ko‘pminglab o‘qituvchilar javob ilinjidamiz.
Aytgancha, ishlamay oylik olding-ku, nima bo‘pti shu narsalarni qilsang, deydiganlarga maslahatim — mehnat qonunchiligi bilan yaxshilab tanishib chiqing. Yana, pandemiya davrida ko‘plab ustozlar ustamalardan mahrum bo‘lib, iqtisodiy yo‘qotishga uchradi. O‘qituvchining ham farzandlari, rozg‘ori va boshqa zarur xarajatlari
bor. U ham avtomashina minishni, so‘nggi rusumdagi telefon ishlatishni, huzur bilan oilasi uchun pul sarflashni istaydi. Ularning halol puliga ko‘z tikmang!
Iskandar G‘OZIXO‘JAYEV