Virusni jilovlash qo‘limizdan keladi(mi?)
Inson fe’l-atvorida shunday bir illat borki, uni loqaydlik deb ataymiz. Bu illat sohiblari atrof-muhitdagi hodisalarni, hatto u salbiy bo‘lsa ham, ko‘rib ko‘rmaganga, eshitib
eshitmaganga oladi. Bu illat chuqur ildiz otib ketsa, jamiyat inqirozi muqarrardir.
Mana yarim yildan oshdiki, butun yer yuzini xatarga qo‘ygan Covid-19ni bartaraf eta olmay nufuzli tashkilotlar, manaman degan boy va qudratli davlatlar ovora-yu sarson. Agar muammo bartaraf etilmasa, insoniyat misli ko‘rilmagan yo‘qotishlarga uchraydi.
Ming afsuski, koronavirus balosi mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Ko‘rib turibmiz, shu kech-kunduzda Prezidentimiz boshchiligida pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shifoxonalarda minglab yangi o‘rinlar tashkil etildi, bemorlar davlat hisobidan bepul dori-darmon, oziq-ovqat bilan taminlanmoqda. Nochor ahvolda qolgan oilalar uchun milliardlab mablag‘ yordam tariqasida tarqatildi. Xorijdan qarzga bo‘lsa ham tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi. Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya xodimlari o‘z sog‘liqlarini xatarga qo‘yib, tun-u kun mehnat qilmoqda. Tibbiyot xodimlari hammani karantin qoidalariga rioya qilishga, bu kasallikdan iloji boricha saqlanishga chaqirmoqda. Eng achinarli tomoni, yuqoridagi soha xodimlari orasida ham, xalqimiz orasida ham qurbonlarning soni oshayotganligidir. Bunda o‘zimizning ham yetarlicha aybimiz bor. Ayrimlarning katta-katta ziyofat-u to‘ylar qilib mehmonlarning dasturxoniga, cho‘ntagiga virusni “solib yuborgani” yolg‘onmi?! Turmush tashvishlarini bahona qilib farzandlariga qarashga ham vaqt topolmay, ularni ko‘chaga nazoratsiz qo‘yib yuborgan, oddiy tibbiy madaniyatga amal qilishni istamaydigan kibrli insonlar ham biz bilan birga bir havodan nafas olib turibdi-ku!
Shuningdek, ayrim insonlarning pandemiya davrida qilayotgan nopok ishlarini ko‘rib, buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Asrga ta’tigulik kun” asaridagi manqurtlar hali ham borligidan afsuslanasan kishi. Nahotki, bu insonlar shu xatti-harakatlari bilan jamiyatga, o‘z vataniga xiyonat qilayotganini anglab yetmasalar?
Shunday ekan, bugungi kundagi vaziyat barchamizdan vatanparvar bo‘lishni, loqayd bo‘lmaslikni, jamiyatimizdagi ayrim toifa insonlar tomonidan karantin qoidalariga bepisandlik bilan qarash kabi salbiy holatlarni birlashib tuzatishni taqozo etadi.
Dunyo tajribasidan ham ko‘rinib turibdiki, qayerda insoniylik, o‘zaro hurmat, madaniyat bo‘lsa, o‘sha xalq birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib pandemiyani jilovlamoqda. Tayvan, Vetnam, Xitoy kabi mamlakatlar shular jumlasidandir. Bizning ulardan nimamiz kam?! Axir, tomirimizda dunyoviy va diniy bilimlar sohasida butun dunyoni lol qoldirgan insonlar qoni oqmoqda. Shunday ekan, keling, yurtimizning barcha jonkuyar va fidoyi ustoz hamda murabbiylari, ziyokorlari! Kelajak uchun bu ko‘rinmas baloga qarshi o‘z so‘zimiz va harakatimiz bilan kurashaylik! Tibbiy madaniyatga o‘zimiz rioya etib, boshqalardan ham buni qat’iy talab qilaylik!
Sobir ASROROV, Kitob tumanidagi 3-maktab o‘qituvchisi