Maktab ishchi-xodimlari Covidga chalinmaydimi?
O‘quv yili boshlanishi oldidan maktablarda tayyorgarlik katta bo‘lyapti. Sababi, bu yilgi vaziyat har yilgilan murakkabroq.
Mana, biz o‘qituvchilar ham o‘zimizda Covid-19 alomatlari bor-yo‘qligini bilish maqsadida test topshiryapmiz. Maktabga o‘qituvchilardan test olish uchun sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari keldi. Ammo test maktab farroshlari, qorovulidan olinmadi. Ular “biz ham topshirishimiz kerak”, deyishsa, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari faqat o‘qituvchilardan test olinishini aytishdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha hamma joyda kоronavirusga test faqat o‘qituvchilardan olinayotgan ekan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, o‘quvchilar o‘qituvchilar bilan muloqot qilar ekan, farroshlar yoki qorovul o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘lmaydimi? Har bir maktabda 10–15 nafar ishchi-xizmatchi xodimlar bor. Ular eshik, deraza, stol, stul, partalarga teginadi, artadi. Qo‘l yuvish uchun suvni ham idishlarga ular soladi. Har kuni pollarni yuvib, changlarini artishadi. Ular tozalagan joylarda keyin o‘quvchilar yuradi, o‘tiradi. Shu holatlar inobatga olinmagani meni hayratga solyapti. Nega ulardan test olinmayotganining sababini ko‘p tashkilotlardan so‘radik. Afsuski, hamma bir xil vajni ko‘rsatadi: “o‘qituvchilardan olinsin deyilgan, tamom”!
Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Kecha tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga bordik. Тibbiy ko‘rik uchun bankka 24 000 so‘m to‘lov qildim. Maktabimiz ishchi xodimlari esa 50 000 ming to‘lashdu. Axir ularning qo‘lga tegadigan bir oylik maoshining o‘zi 550 000 atrofida-ku. Nega ular ko‘p haq to‘lashi kerak?
Pandemiya sharoitida o‘quv yilini boshlash ko‘p murakkab vaziyatlarni keltirib chiqarayotgani sir emas. Ammo shunday sinovli kunlarda chora-tadbirlar puxta ishlab chiqilsa, har tomonlama o‘ylansa bo‘lmasmidi? Qo‘l uchida qilinayotgan chora-tadbirlar ko‘zbo‘yamachilik uchun amalga oshirilayotgandek go‘yo. O‘qituvchilarning sog‘ligiga berilayotgan e’tiborning o‘zi yetarli emas, aslida xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar nazarda tutilishi joiz edi.
G.BEKNAZAROVA