Manzil — aniq, maqsad — qat’iy
O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz ilgari surgan fikr-mulohazalar, yangicha qarash va g‘oyalar ta’lim tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Xususan, davlatimiz rahbarining jamiyatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, xalq ta’limi boshqaruv tizimini takomillashtirish, rahbar xodimlar va o‘qituvchilarning asosiy vazifasi hamda faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi qonun hujjatini qabul qilish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeyini yanada yuksaltirish, ijtimoiy, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan bildirgan fikrlari diqqatga sazovor.
Shuningdek, buyuk ma’rifatparvar bobolarimizning jahon ilm-fani, madaniyati, adabiyoti va san’ati rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari haqli ravishda iftixor bilan alohida ta’kidlandi. O‘tgan asr boshlarida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini o‘zining hayot mazmuniga aylantirgan, bu borada ko‘p zahmat va taqiqlarni boshdan kechirgan, o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham, xalqni ilm-ma’rifatli qilish yo‘lida jasorat ko‘rsatgan jadid bobolarimizning qutlug‘ nomlari ehtirom bilan yodga olingani biz pedagoglarni behad to‘lqinlantirdi.
Shu o‘rinda viloyatimizdagi fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning yosh avlodni bilimli va salohiyatli etib ulg‘aytirish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga qo‘shgan hissasi va samarali mehnati uchun bir qator soha xodimlari, rahbar va pedagoglar qatorida Prezidentimiz farmoniga binoan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganim, shuningdek, yana o‘nlab yurtdoshlarimiz ham bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgani, albatta, bizni yanada g‘ayrat va shijoat bilan ishlashga, bor kuch va salohiyatimizni xalqimiz farovonligi, yoshlarning barkamolligi uchun baxshida etishga ruhlantiradi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, o‘qituvchilarning nufuzi va mavqeyini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash taklifini o‘rtaga tashladi. Qabul qilinajak yangi qonunda yoshlarga ta’lim va tarbiya berish jarayonida o‘qituvchilar o‘zlarining salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari kafolatlanishi, maktab direktori, uning o‘rinbosari, sinf rahbari, o‘qituvchining maqomi o‘z ifodasini topadi.
Murojaatda bugun ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir pedagog xodimga uning malakasi, ilmiy salohiyati, kasbiy mahorati bilan bog‘liq omillarni rivojlantirish, o‘z ustida ishlash, pedagog mehnatiga faqat ta’lim beradigan mutaxassis sifatida emas, balki o‘zini shu xalqning bugungi hayoti va ertangi kelajagiga bevosita daxldor shaxs sifatida qarashi zururligi ta’kidlandi. Chindan ham, o‘qituvchi o‘z sohasiga oid bilim va yangiliklarni chuqur o‘zlashtirgan, ta’limning eng ilg‘or tajribalarini dars jarayonlarida faol qo‘llaydigan, jamiyatdagi tashabbuskor inson bo‘lishi kerak.
Tantanali marosimda yana bir muhim masala – jamiyat ko‘zgusi hisoblangan ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan munosabat, xususan, jamiyatda global tarmoq rivojlanishi tufayli go‘yo gazeta va jurnallar, ilmiy-metodik yo‘nalishdagi nashrlarga ehtiyoj qolmadi, degan noto‘g‘ri qarash shakllanayotgani bilan bog‘liq holatlarga nisbatan ham munosabat bildirildi: “Ayting-chi, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo‘shimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, shu sohaga oid kitob va qo‘llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi.
Afsuski, biz keyingi yillarda “majburiy obuna” bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Buning natijasida maktab va oliygohlarning o‘qituvchi va domlalari o‘zlari uchun zarur bo‘lgan gazeta va jurnallardan ajralib qoldi. Shunday ayanchli holga keldikki, hatto ayrim rahbarlar gazeta o‘qimasligi bilan maqtanadigan bo‘ldilar.
O‘zingiz bilasiz, dunyoda kompyuter texnologiyalari eng rivojlangan davlatlardan biri bu – Yaponiyadir. Lekin ushbu mamlakatda kuniga 3-4 million nusxada nashr etiladigan gazetalar borligiga nima deysiz? Aytmoqchimanki, hayotimizda radio-televideniye, Internet bilan birga bosma nashrlarning ham o‘z o‘rni bor”.
Davlatimiz rahbari bu borada shakllangan salbiy qarashlar asossiz ekanini ta’kidlab, bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga, o‘qituvchi-professorlarga yetkazishdagi jiddiy muammolarga ham to‘xtaldi hamda bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga zarur vazifalar yuklatildi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi murojaati ta’lim sohasi xodimlari oldiga yangi vazifalarni qo‘ydi. Ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq barcha jarayonlar atroflicha tahlil etilib, tizimning yangi bosqichida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar, maqsadlar belgilab berildi.
Vahobjon RAJAPOV, Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi