“Ma’rifat”ning bir maqolasidan “Mendirman Jaloliddin” serialigacha
Bir ish yaxshi chiqsa, hamma mening ham hissam bor, deb ko‘kragiga urib qoladi. Yaqinda 1-qismining taqdimoti o‘tgan “Mendirman Jaloliddin” tarixiy seriali atrofida ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda.
Agar Ozodbek Nazarbekov mashhur qo‘shig‘ini aytmaganda, boplab klip ishlatmaganda va bu Prezidentga ma’qul tushmaganda... serial haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi, deya amaldagi madaniyat vazirining xizmatlarini urg‘ulashga intiladiganlar ko‘p.
Agar hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergash she’rni qoyillatib yozmaganida qo‘shiqching nimani kuylar edi, deydi shoirtaraflar. Shu orada amaldor shoirning misi chiqdi degan dodvoylar yangray boshladi. Nima emish, Maqsud Shayxzodadan ko‘chirib olgan emish.
Ha, klassiklarimizni ham o‘qimay qo‘ydik. Mabodo biror olg‘ir yigitcha yoki qizaloq 60-70-yillardagi shoirlardan ko‘chirib kitob yasavorsa, nashriyotlarimiz u yoq-bu yog‘ini siyosatga to‘g‘rilab chop etvorishi hech gap emas. Bugun ko‘kragini kerib yurgan shoirlardan ham, masalan, Mirtemir misralarini topib olish mumkin.
Kimsan Botir Ergash bugun deyarli unutilayozgan Maqsud Shayxzodani o‘qir ekan-ku, harholda, deya miyig‘imda kulib tursam, shoirona kitobxonlikning ham chuvi chiqsa deng. Ikki-uch yilcha oldin bergan intervyusida qo‘shiqning tug‘ilish tarixidan gapira turib, internetda Jaloliddin Sa’dinovning maqolasini o‘qib qolgani, “Jaloliddin Manguberdi” tragediyasidan keltirilgan “Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal, Kim yurtdan yovni quvsa mendirman o‘shal!” degan misralar ta’sirida she’r yozganini aytgan ekan. Sarkarda yoki jurnalist Jaloliddin tushimga kirib, qulog‘imga shivirlab ketdi, demaganiga ham ming rahmat!
“Agar-agar”ni davom ettirsak, tahrir san’ati piri Mahmud Sa’diy o‘g‘liga Maqsud Shayxzodani o‘qitmaganida, Jaloliddin Sa’dinov “Turon qoploni” maqolasini yozmaganida, “Ma’rifat” gazetasi (o‘sha vaqtdagi bosh muharrir Halim Saidov) chop etmaganida va Davron Tojialiyev eng sara materiallar qatorida “ziyouz” saytiga joylamaganida Botir Ergash ham o‘qimagan, she’rini to‘qimagan bo‘lar edi. Keyin yana “edi-edi”lar.
Iddaodan muddao shulkim, biror hodisa to‘ppa-to‘satdan yuz bermaydi, sabab va oqibat zanjirlariga bog‘lanib ketadi. Bul zanjirdagi har bir halqa tarixiy serial g‘oyasiga da’vogarlik qilishi kulgili, insofdan ham emas. Ammo hoziriylarga qarsak chalganimizda moziyni ham eslab, duoyi xayr qilmoq insofdandir... 2021 yil yanvarni esa intiqib kutamiz. “Mendirman Jaloliddin” tarixiy seriali ko‘ngilning chiyirini yozadigan bir nima bo‘lar-da!
Joni KUYAR