Pedagog va matbuot: Bugun ular ayro tushdi(mi?)
Pedagogika va matbuot. Bu ikki qirg‘oq hamisha bir-biriga yondosh bo‘lib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy kabi gazetchilik tamal toshini qo‘ygan jadidlarimiz, avvalo, ustoz, pedagog bo‘lgani sir emas. Ammo so‘nggi yillarda bir-biriga suyanch bo‘lib kelgan bu ikki qirg‘oqning o‘rtasiga nifoq tushdi.
O‘qituvchilarning ko‘pi gazetadan yoppasiga bosh tortishgacha keldi vaziyat. Kimdir majburiy obunani, kimdir matbuot tarqatuvchi tuzilmalarning yaxshi ishlamasligini, yana kimdir esa gazetadan ko‘ra internet qulayligini vaj qilib ko‘rsatdi. Sabablar topilgandek bo‘ldi. Ammo maktab degan dargohning gazetasiz qolishini bu sabablarning qay biri oqlay oladi?! Omon Matjon aytgan gap yodimga tushdi: “Uyda yeyishga non bo‘lmasa ham, ammo hamisha o‘qishga gazeta-jurnal bo‘lardi”. Maktab ham jihozsiz qolishi mumkin, ammo gazetasiz qolishi mumkin emas. Matbuot o‘qituvchini ham, o‘quvchini ham zamonaviy bilim bulog‘i bilan sug‘orib turuvchi manba emasmi?!
823-qarorga ko‘ra maqola yozish bandi ham ustozlarni matbuotga hamnafas qilish uchun amalga oshirilgan islohot, menimcha. Ammo ayrim pedagoglar bugun gazeta o‘qimay qo‘ygani yetmagandek, hatto shundan ham muammo yasayotgani, maqola yozishga og‘ir bir vazifa sifatida qarayotganini ham ko‘ryapmiz. Albatta, umrida yolchitib gazeta varaqlamagan pedagog uchun maqola tayyorlash ulkan mashaqqatdek ko‘rinishi tabiiy hol. Hatto pulga maqola tayyorlatayotgan o‘qituvchilar ham borligi quloqqa chalinyapti…
Bugun zamon o‘zgardi. Ko‘p soha qatori gazetalar ham jonlanganini ko‘ryapmiz. Muayyan vaqt bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishladim. U yerda sanoqsiz gazetalarning chang bosib yotganini, bu gazetalarda tayyor senariylar, yaxshi hikoya va ertaklar bo‘lsa-da, tarbiyachilar mashg‘ulot uchun manba izlab, boshqalarga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumot so‘rayotganini kuzatdim. Bugun esa pedagoglar tomonidan gazetaga yo‘qolgan ishonch, mehrning tiklanishini xohlovchi bir insonman.
Hurmatli pedagoglar, maqola yozmoq uchun ilmning o‘zi kamlik qiladi. Kitob o‘qish, internetga hamnafas bo‘lish o‘z yo‘liga. Ammo matbuot bilan hamroh bo‘lmagan pedagogning biror narsa xususida — xoh u ilmiy, xoh siyosiy bo‘lsin, erkin mushohada yuritib, maqola tayyorlashi mushkul. Xulosa esa o‘zingizdan.
Maftuna KARIMOVA