Tiriko‘rim
Rahmatli onam ko‘p ishlatardi bu so‘zni. Bir ishni eplolmasak. O‘lamsa, qo‘lidan bir ish kelmaydigan, nimkala, kasalmand odam kelardi ko‘z oldimga shu so‘zni eshitsam. U payti so‘z ildiziga fahmim yetmagan.
Endilar o‘ylasam, “tiriko‘rim” – “tirikdek ko‘rinadigan...”ning qisqartmasi ekan.
Bugun hammamiz tiriko‘rim!
Hech bo‘lmaganda tilimizga munosabatimiz tiriko‘rim! Chunki:
Hamon! Hamon! Hamon!
Hamon rasmiy hujjatlarni avval o‘ris tilida tayyorlab, keyin o‘zbekchaga tarjima qilayotgan o‘zimiz!
Hamon pasportimda shunday yozilgan deb ota-bobomizdan kelayotgan go‘zal ismimizni buzib yozayotgan o‘zimiz!
Hamon ko‘chalarimizni ajnabiy tildagi yozuvlarga to‘ldirayotgan o‘zimiz!
Hamon gazetalarimizni lotin qolib kirill alifbosida chiqarayotgan o‘zimiz!
Hamon o‘zbek tilida ta’lim beriladigan maktablarni mensimay bolamizni o‘ris tilli maktabga topshirayotgan o‘zimiz!
Hamon mashinamiz raqami ko‘rsatkichiga alifbomizda yo‘q harflarni qo‘yib yurgan o‘zimiz!
Hamon maktablarimizdagi ko‘rsatkichlarni o‘rischa qolib endi o‘zbekcha yozmay, inglizcha yozayotgan o‘zimiz!
Hamon minbarlarda “ona tilimizni hurmat qilishimiz kerak!” deb turib, maktabda ona tili dars soatlarini qisqartirayotgan o‘zimiz!
Hamon maktabda chet tilini sinfni ikkiga bo‘lib o‘qitib, ona tilimizga bu imtiyozni ravo ko‘rmayotgan o‘zimiz!
Yana davom ettiraveraymi yo o‘zingiz davom ettirasizmi?..
Husan Karvonli