Adliya aralashuvi bilan o‘qituvchilarga ustama pullari to‘lab berildi
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari faoliyatida “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori talablariga rioya etilishi holati o‘rganildi.
Ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz hamda asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqlari to‘lanishi kerak bo‘lsa-da, amalda viloyat bo‘yicha olimpiada g‘olibi bo‘lgan Uchko‘prik va So‘x tumanlaridagi maktablarda ishlovchi 7 nafar o‘qituvchiga ustamalar to‘lanmaganligi aniqlangan. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
"Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakuni bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga kiritilgan taqdimnoma muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, So‘x va Uchko‘prik tuman XTB mudirlariga joriy yilning 5-oktyabr kuniga qadar ustama va mukofot pullarini to‘lab berilishi yuklatilgan bo‘lsa-da, amalda ushbu o‘qituvchilarga 164 million 303 ming so‘m ustama pullari to‘lanmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton va Qo‘qon tumanlararo sudiga 7 ta sud buyrug‘i tartibida 164 million 303 ming so‘mni undirish yuzasidan arizalar kiritilib, hozirda 5 ta ariza yuzasidan 121 million 855 ming so‘mni undirish yuzasidan sud buyruqlari chiqarildi. 2 ta 42 448 000 so‘m ustama summalarini undirish haqidagi arizalar fuqarolik sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasining So‘x va Uchko‘prik tuman XTB mudirlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atish yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasiga kiritilgan ma’muriy takliflarga asosan So‘x tuman XTB mudiri A.Temirov va Uchko‘prik tuman XTB mudiri D.Ayupovalarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) barobaridan ma’muriy jarima tayinlash yuzasidan qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish yuzasidan boshqarmaning yozma ko‘rsatmasi yuborildi" deyiladi xabarda.