Bitiruvchini to‘g‘ri yo‘naltirish kerak
Bitiruvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishda faqat qiziqishlari va kasbga bo‘lgan munosabatlaridan tashqari bugungi kunda hududimizdagi imkoniyatlar va kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olish, shuningdek, bandlikka ko‘maklashish markazining yillik hisobotlari bilan tanishib chiqish kerak. Bu faqat o‘quvchilar emas, balki o‘qituvchilar va ota-onalarning oldida turgan muhim masalalardan biri.
2019-2020-o‘quv yilidagi 9–11-sinf o‘quvchilaridan olingan kasbiy anketa va savolnomalar natijasiga ko‘ra, o‘quvchilarning 60 foizi prokuror, huquqshunos, advokat, harbiy soha yo‘nalishlarini tanlagan. Har yili bitiruvchilarimiz, masalan, 2019-2020-o‘quv yilidagi 640 nafar bitiruvchining 300 nafari shu yo‘nalishlar bo‘yicha respublikamizning turli oliy o‘quv yurtlarini tamomladi ham deylik. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishlarni bitirganlar(prokuror, advokat, huquqshunos)ning ko‘pi ishsiz ekan. Nima uchun ishsizlar soni ko‘payishiga indamay qarab turishimiz kerak?! Afsuski, o‘quvchilarning ko‘pi ushbu soha egalarining hammasi to‘kis yashaydi, deb hisoblagani uchun ham shu yo‘nalishni tanlaydi.
Kasbiy, hududiy diagnostika tahlilidan kelib chiqib, bitiruvchilarga bundan keyin texnik, texnolog, muhandis, kimyogar, biokimyogar, laborant, tahlilchi kabi yo‘nalishlarda o‘qishni taklif etishimiz lozim.
Endi pedagogik-psixologik tarafdan yondashadigan bo‘lsak, quyidagilarni joriy etishni taklif qilamiz:
1. O‘quvchilarga kasbiy maslahat markazini tashkil etish.
2. Markaz rahbarligiga texnologiya, boshlang‘ich sinf, informatika, tabiiy fanlar va aniq fanlar yo‘nalishidagi o‘qituvchilarni tayinlash.
3. 1–11-sinf o‘quvchilarini maktab kasbiy maslahat va ilmiy ishlar markaziga jalb etish.
4. Yosh xususiyatlariga qarab sinflarga bo‘lish. 1–4-sinf o‘quvchilari uchun kasb alifbosi, kasblar o‘yini, kasblar bo‘yicha qiziqishlar xaritasi, yosh xususiyatiga qarab test, so‘rovnoma, rasmlar anketasini olib, tahlil qilish.
5. 5–7-sinf uchun kasbiy ma’lumotlar, konferensiya, seminar, onlayn tarzda oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va targ‘ibot ishlarini olib borish.
6. 7–9-sinf o‘quvchilari uchun grafik asosida tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha ish beruvchi muassasa ma’muriyati bilan onlayn aloqalar o‘rnatish, uchrashuv tashkil etish, ekskursiyalar uyushtirish, shu yo‘nalishlar aks etgan ma’lumotlar(kitob, afishalar, tarqatma materiallar, videoroliklar) tarqatish.
7. 9–11-sinf o‘quvchilarining qiziqishidan kelib chiqib, to‘rt tomonlama (o‘quvchi, ota-ona, maktab va ish beruvchi) shartnoma tuzish va bu bo‘yicha “Maktab — oila — mahalla — o‘quv yurtlari — tuman hokimligi” tizimini yo‘lga qo‘yish.
8. O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishda nazoratni yo‘lga qo‘yish. Maktab rahbariyati, bandlikka ko‘maklashish markazi, tuman hokimligi hisobotlarini onlayn tarzida olib borish.
9. O‘quvchilarning ilmiy ish ustida ishlashlarini yo‘lga qo‘yish. Buni amalga oshirish va tushgan mablag‘ evaziga muallif o‘quvchilar uchun stipendiyalar joriy etish.
10. Xalqaro miqyosdagi ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya olishni yo‘lga qo‘yish (o‘quvchining ilmiy ishi, mualliflik ishlari bo‘yicha).
11. O‘quvchilarning ilmiy, ijodiy ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish.
12. Amalga oshirilgan ishlarni yoritib borish va ular(o‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchilar)ni rag‘batlantirish.
Shirin HOTAMOVA, Zafarobod tumanidagi 13-maktab psixologi,
Shahnoza ERNAZAROVA, shu tumandagi 14-maktab psixologi