Test ishlab savodli bo‘lish mumkin. Agar…
So‘nggi yillarda yoshlar orasida kitobxonlik darajasi ancha pasaydi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonida yozma imtihonlarning o‘rniga test tizimining joriy qilinishi, o‘quvchilarning badiiy kitob o‘qish o‘rniga, yoppasiga test yodlash yo‘lini tutishiga olib keldi.
Natijada o‘z sohasida anchagina bilimga ega bo‘lsa-da, ammo savodxonlik darajasi past bo‘lgan, ikki qator yozuvni bexato yoza olmaydigan, fikrini adabiy tilda bayon qila olmaydigan bir avlod shakllandi. Milliy savodxonlik darajasining yalpi pasayish jarayoni yuz berdi. Ahvol shu darajaga yetib keldiki, hatto teleko‘rsatuvlarda shevada gapirish odatga aylandi. Yoki qo‘polroq qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zbek adabiy tilini bilmaydigan jurnalistlar avlodi yetishib chiqdi.
Kitobxonlik masalasi davlatimiz e’tiboridan chetda qoldi deb aytolmaymiz. Turli tadbirlar va tanlovlar o‘tkazish, kitobxonlik musobaqalari g‘oliblariga Prezident sovg‘alarini berish yo‘lga qo‘yildi. Ammo kitobga qiziqish bolaning tabiiy ehtiyojiga aylanmas ekan, umumiy kitobxonlik darajasini oshirish qiyin. Bola yoshligidan kitob o‘qishga qiziqsa, dunyoqarashi ham, fikrlashi ham, savodxonligi ham nihoyatda yaxshi, nutqi esa ravon bo‘ladi.
Xo‘sh, yuqori sinf o‘quvchilarida kitobxonlikka qiziqishni qanday shakllantirish mumkin? Ochig‘i, bu biroz qiyinroq masala. Ammo nazarimda buning oddiy va samarali usuli mavjud. Qanday qilib deysizmi? Juda oddiy. Ya’ni umumiy savodxonlikning pasayib ketishiga oliy o‘quv yurtlari qabul jarayonida test tizimining joriy
etilishi sabab bo‘lganligini aytgandik. Endi ana shu tizimdan umumiy savodxonlikni oshirish uchun foydalanish mumkin.
Hozirgi paytda ona tili fani majburiy fanlar ro‘yxatiga kiritilgan. Kirish imtihonlaridagi asosiy fanlar blokidagi ona tili va adabiyot fanini adabiyot faniga aylantirib, unda 60–70 foiz savollar badiiy kitoblardan tuzilsa, shuningdek, rus va xorijiy til fanlarida ham 30–40 foiz savollar badiiy adabiyot namunalaridan, ya’ni rus, ingliz, fransuz, nemis bolalar adabiyotining eng sara namunalaridan savollar kiritilsa, o‘quvchilar uchun majburiy motivatsiya vazifasini bajarardi.
Bu esa nafaqat o‘quvchilar, balki repetitor o‘qituvchilar uchun ham kitob dunyosi eshiklarini ochardi. Bejiz repetitorlarni ham tilga olmadim. To‘g‘ri, ular o‘z fanlarini mukammal egallagan bo‘lishi mumkin. Ammo aksariyatida kitobxonlik darajasi yuqori emas.
Kirish imtihonlarida yuqori ball olish maqsadida bo‘lsa-da, kitobxonlikning ommaviylashuvi xalqimiz intellektual salohiyatining yuqori darajaga ko‘tarilishi uchun xizmat qiladi.
Bahodir AHMEDOV, Oltinsoy tumanidagi 23-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi