Yiqilgan kurashga to‘ymaydimi?! Yoxud fan olimpiadasi yuzasidan asossiz uydirmalar haqida
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning hayotimizdagi o‘rni ancha balandligini tan olmay iloj yo‘q. Aksariyat aholi qatlami ma’naviyat tarqatuvchi gazeta-jurnallarni o‘qish o‘rniga rost-u yolg‘on, asosli-yu asossiz xabarlarning uyasi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarni titkilash bilan ovora.
Ushbu maqolani yozishimga sabab yaqinda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida o‘tkazilgan fan olimpiadasi haqidagi asossiz xabarlarning “Ozodlik” radiosiga qarashli telegram kanalida va u orqali ko‘plab ijtimoiy tarmoqlarda “bolalab” ketishi bo‘ldi.
Mazkur o‘quv yilida fan olimpiadasining tuman bosqichi har yildagidan 2 oy avval o‘tkazilishi umumiy natijalarning biroz pasayishiga olib keldi. Pandemiya tufayli o‘tgan o‘quv yili 4-choragi, yangi o‘quv yili 1-choragining ma’lum qismida o‘quvchi an’anaviy ta’lim imkoniyatlaridan to‘la foydalana olmadi. Ammo iqtidorli o‘quvchilar orasida karantin davridan ham unumli foydalanganlari borligini ko‘rib quvonasan kishi.
Fan olimpiadasining tuman bosqichi ham karantin qoidalariga rioya qilgan holda 6 kun muddatda tashkil etildi. Fan o‘qituvchilari dars beradigan sinfiga qarab, 2-4 kun mobaynida jarayonga jalb etildi. Adolatni shior bilgan, bilimli o‘quvchilarning taqdiri uchun ertadan kechgacha harakat qilgan hakamlar hay’ati a’zolari 6 kun oilasidan, rejalashtirgan yumushlaridan kechib savobli ishga bel bog‘ladi. Ammo jarayonda hakam bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘quvchisiga g‘oliblik nasib etsa bormi… Ularning ortidan aytilmagan gap, otilmagan tosh qolmaydi.
Men ham bir necha yildan buyon goh ekspert, goh insho tekshiruvchi hakam, goh apellyatsiya guruhi tarkibida faoliyat ko‘rsataman. Ma’lumki, o‘qituvchilar toifasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ilgari oliy toifali o‘qituvchilar barmoq bilan sanarli edi. Shuning uchun ham tuman xalq ta’limi bo‘limi biz kabi pedagoglarni har yili bu jarayonlarga jalb etadi.
Tajribalardan kelib chiqqan holda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bilan muntazam aloqada bo‘laman. O‘quvchi nutqini o‘stirish, imlo savodxonligini oshirishni quyi sinflardan boshlayman. Tinimsiz mehnat, albatta, o‘z natijasini bermay qolmaydi. Shu tufayli tayyorlagan iqtidorli o‘quvchilarim bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalarining tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyatda ham bir necha bor faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Ijtimoiy tarmoqdagi maqolada “Hakamlar tomonidan insholarni yozib berish va testlarni yechib berish holatlariga nima deysiz?” degan asossiz fikrlar men kabi o‘quvchisi o‘rin olgan hakamlarga aytilgan “rahmatmi?” Vaholanki, jarayon auditoriya kuzatuvchilari tomonidan nazoratga olinishi, maxsus kodlangan ijodiy ishlargina hakamlarga tekshirish uchun berilishi viloyat xalq ta’limi bo‘limi vakili va videokuzatuv apparatlari tomonidan kuzatib borilayotganligi ma’lum-ku!
Kontingentning kattaligi tashkiliy ishlarda ayrim kamchiliklarni keltirib chiqardi, ammo ular olimpiada shaffofligiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.
Fikrim boshida ijtimoiy tarmoqlar haqida bejiz gapirmadim. Nahotki, nomsiz, nishonsiz, muallifsiz, “yumaloq xat” singari yozilgan bunday xabarlar tarqatilib muhokama kuchaysa-yu, mas’ullar lom-mim demasa?!
Gulmehra BAROTOVA, Shofirkon tumanidagi 3-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi