Viloyat axborot-resurs markazlari o‘gaymi?
Kutubxona — nurxona. Unda ilm ummoniga sho‘ng‘igan yoshlarni ko‘rib ko‘nglimiz ko‘tariladi. Prezidentimizning 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” va 2019-yil 30-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida aholining, ayniqsa, yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, axborot-kutubxona muassasalarining aholi orasida tarbiyaviy jarayondagi ishtirokini ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo kutubxonalar faoliyati talab darajasida deb bo‘ladimi? Nega kutubxonalarning mavjud tizimi bo‘linib ketdi va buning oqibatida nimalarga erishildi? Bu usul samara berdimi? Biz qayerda xato qildik? Nega viloyatlardagi bolalar kutubxonalari bilan maktab kutubxonalari o‘rtasidagi aloqa uzildi?
Axborot-kutubxona muassasalari xizmatlarining saviyasi pasayishiga sabab bo‘lgan omillar:
1. 2006-yil 20-iyunda “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorga asosan shu paytga qadar Madaniyat vazirligi tasarrufida bo‘lgan kutubxonalar ikkiga ajratildi. Viloyatlardagi ommaviy (universal) kutubxonalar Aloqa vazirligiga, tuman markaziy kutubxonalari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, bolalar kutubxonalari esa Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi va Axborot-resurs markazlariga aylantirildi. Meningcha, bunda vazirliklarning davlat budjetidan oladigan ulushi va budjetdan tashqari topgan mablag‘laridan bir qismi kutubxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilishi nazarda tutilgan bo‘lsa kerak. Ammo amalda kutubxona bilan aholi o‘rtasidagi rishtalar uzildi. Qizig‘i keyin boshlandi. Kutubxonalarning Aloqa vazirligi tasarrufida bo‘lishi unchalik ham to‘g‘ri emasligi ma’lum bo‘lgach, bunga tezda chora topila qoldi. Ya’ni, kutubxonalar nomiga “Axborot” so‘zi qo‘shildi. Qarabsizki, Axborot-kutubxona markazi (AKM) paydo bo‘ldi. Bolalar kutubxonalari esa Axborot-resurs markazi (ARM) deb yuritila boshladi. Kutubxonachilar bir yumalab madaniyat xodimidan aloqachiga va ta’lim tizimidagilari texnik xodimga aylandilar. Dunyoning hech bir mamlakatida kutubxonaga “Axborot” so‘zi qo‘shilmagan va biz bu borada birinchi bo‘ldik. Mamlakatimizdagi barcha kutubxonalarning onasi bo‘lgan Milliy kutubxonamiz bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — Axborot-resurs markazi, deb yuritilmoqda (bu juda kulgili). Kitobxonni foydalanuvchi, elektron kitoblarni ma’lumotlar bazasi, deb ataydigan bo‘ldik. Hamma zamonlarda ham kutubxonalar kitob mutolaasi maskani bo‘lgan. Kutubxonalarga 4-5 ta kompyuter o‘rnatilsa, axborot markaziga aylanib qolmaydi. Bu vositalarning o‘z vazifasi bor, ya’ni kitobxon kitob so‘rab kelsa, bu asarning qog‘oz varianti bo‘lmasa, elektron varianti bilan kitobxonni ta’minlash yoki o‘sha asarni boshqa kutubxonalardan topish imkonini beradi (bu sohada mualliflik huquqiga zid bo‘lgan harakatlar ham yuzaga keladi). Eng achinarlisi, Xalq ta’limi tizimidagi kutubxonalarning ahvoli yaxshilanmadi.
2. Biz doim mutaxassislar kam, deb aytamiz. Mutaxassislar yetarli, biroq ular o‘z sohalari bo‘yicha ishlashmaydi. Buning o‘ziga xos sabablari bor edi:
a) oliy ma’lumotli kutubxonachi OTMni tugatib, kutubxonaga ishga kelyapti. Ko‘ryaptiki, maosh juda kam. Bu maosh bilan oila tebrata olmasligini bilib, hafsalasi pir bo‘lib, qaytib ketmoqda.
b) o‘rta maxsus ma’lumotli kutubxonachilar ish topa olmay sarson. Allaqachon ular ishlashi kerak bo‘lgan joyni boshqa soha vakillari (tikuvchi, buxgalter, sartarosh...) egallab bo‘lishgan.
Kutubxonachilarning mehnatiga haq to‘lash tizimida ham kamchiliklar bor. Kutubxonada ishlayotgan haqiqiy kutubxonachi bilan mutaxassis bo‘lmagan xodimning ish haqi bir xil. Bu adolatdan emas, axir.
2018-yil 19-iyunda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Qarorga asosan 2018-yil 1-iyuldan Milliy kutubxona va uning tasarrufidagi viloyat, tuman(shahar)lardagi barcha AKMlar va Respublika bolalar kutubxonasi xodimlarining maoshi 43%ga oshirildi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi viloyat Axborot-resurs markazlari (bolalar kutubxonalari) bu ro‘yxatga kiritilmadi. Vaholanki, Respublika bolalar kutubxonalari xodimlarning maoshi 43 % ga oshirilgach, viloyat kutubxonalari xodimlariniki ham oshishi kerak emasmidi? Ulaning ish haqqi 800-900 ming so‘mni tashkil etsa, AKMlarda shu lavozimdagi xodimlarning ish haqi 1,3-1,5 million so‘m. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: viloyat Axborot-resurs markazlari (bolalar kutubxonalari) o‘gaymi?
3. Shu paytgacha kutubxonachilik sohasi bo‘yicha mutaxassislarni madaniyat, san’at va pedagogika yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari tayyorlagan. Endi esa qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis, iqtisodiyot, maishiy xizmat kabi yo‘nalishi umuman to‘g‘ri kelmaydigan ta’lim muassasalarida tayyorlanmoqda. Buni qanday tushunish mumkin? Agar bu hol davom etaversa, kutubxonalarimiz sifatsiz kadrlar bilan to‘lib boraveradi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi viloyat Axborot-resurs markazlari “Bolalar kutubxonasi” deb nomlanadigan bo‘ldi. Ammo, 1 yildan oshsa ham bu Qaror ijrosi ta’minlanmadi. Vaholanki, Qarorda “2 oy muddat ichida”, deb ko‘rsatilgan edi.
5. Prezidentimizning 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, shu vaqtgacha bolalar kutubxonalari bilan maktab kutubxonalarini bog‘lab turuvchi Respublikamizdagi barcha tuman(shahar) Axborot-resurs markazlari tugatilgach, maktab kutubxonalari bilan aloqalar uzildi.
Xo‘sh, bu muammolarni qanday hal qilsa bo‘ladi?
1. Respublikamizdagi mavjud kutubxonalar o‘z nomi bilan yuritilishi tarafdorimiz. Majburlab tiqishtirilgan “axborot” so‘zini olib tashlash kerak. Har doim kutubxonalar ommaviy kutubxonalar, bolalar kutubxonalari, ta’lim muassasalari kutubxonalari... deb atalib kelingan. AKM yoki ARM deb emas. Barcha kutubxonalarni bitta tizimga birlashtirsak, samaradorlik yuqori bo‘ladi. Eshitishimizcha, 2 yil oldin “Kutubxonalar assotsiatsiyasi” tuzilishi haqida gaplar quloqqa chalingan edi. Ammo uni Adliya vazirligi hali ro‘yxatdan o‘tkazgani yo‘q.
2. Ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining ish haqi oshirilgach, bu sohani tark etgan yetuk ustozlar ta’lim dargohlariga qaytdi. Bu usul ta’lim sohasining rivojlanishida, albatta, o‘z samarasini beradi. Xuddi shunday, kutubxonachilar mehnatiga haq to‘lash tizimi ham isloh qilinsa, yuqori natija berishi aniq. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 458-sonli qaroriga asosan, 2018-yilning 1-iyulidan oshirilgan 43%lik maoshlari ro‘yxatlardan tushib qolgan viloyatlardagi bolalar kutubxonalariga kompensatsiya tariqasida to‘lab berilsa, adolat qaror topgan bo‘lar edi.
Kutubxona xodimlarining ish haqi ma’lumoti va mutaxassisligidan kelib chiqib, ularning mehnatiga haq to‘lash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish lozim, ya’ni:
Kutubxonalarga razryadlar shart emas.
3. Kutubxonalar uchun mutaxassislar tayyorlash vakolati umuman yo‘nalishi to‘g‘ri kelmaydigan ta’lim muassasalaridan zudlik bilan olinib, aynan yo‘nalishi to‘g‘ri keladigan madaniyat, san’at, pedagogika yo‘nalishidagi ta’lim muassasalariga berilishi lozim. Bu choralarni bugun ko‘rmasak, ertaga kech bo‘ladi.
4. Kutubxonachilar malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish lozim.
5. Bugun biz ARM xodimlarimizmi yoki bolalar kutubxonasi xodimlarimizmi bilaolmay hayronmiz. Prezidentimizning “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganiga 1 yildan oshdiki, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali va Bolalar kutubxonasiga oid me’yoriy hujjatlar haligacha tasdiqlanmadi.
Kutubxona to‘g‘risida qabul qilinayotgan barcha hujjatlar aynan shu sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan tayyorlanib, bu ishga viloyatlardagi bilimli va tajribali mutaxassislar ham jalb qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. “Buyuruvchi-bajaruvchi” emas, balki “Maslahatli to‘y tarqamas” naqlida amal qilib ishlasak, sohani tezroq rivojlantiramiz.
Anvar YO‘LDOSHEV, Jizzax viloyat axborot-resurs markazi (bolalar kutubxonasi) rahbari