Bizning borligimizni bilishadimi o‘zi?
“Ma’rifat” gazetasining 2020-yil 25-noyabr sonida e’lon qilingan “Viloyat axborot-resurs markazlari o‘gaymi?” sarlavhali maqolani o‘qib, bizning muammolarimizni ham kimdir tinglarmikan, degan xayolga borasan kishi. Bir mamlakatda, bir sohada ishlab turib ikki xil maosh to‘lanadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: rostdan ham biz o‘gaymizmi?
Kutubxonada 35–40 yil ishlagan fidoyi kutubxonachilar bor, ularga shuncha yil ishlasa-da judayam kam miqdorda pensiya tayinlandi, sababini so‘rasak, oylik maoshingiz judayam kam ekan deyishibdi. Bir umr hayotini shu sohaga bag‘ishlab, olgan nafaqasi qarigan chog‘ida ehtiyojlariga yetmasa, bu qanday adolat bo‘ldi?
Respublikamizda boshqa kasb egalarining kasb bayramlari munosabati bilan bo‘ladigan tadbirlar televideniye orqali namoyish etiladi, ularni hamma tabriklab, mukofotlar bilan siylashadi. Lekin kutubxonachilar biror marta ham davlat tadbirlarida qatnashgani yoki davlat mukofotiga sazovor bo‘lganini ko‘rmadik.
Boshqa tizimdagi kutubxonachilarning ish haqlarini ko‘tarish haqida qator qarorlar e’lon qilindi. Ammo Xalq ta’limi tizimidagi (viloyatlardagi) bolalar kutubxonalarida ishlayotgan kutubxonachilar birorta qarorda tilga olinmagan yoki mas’ullar viloyatlarda ham bolalar kutubxonasi borligidan bexabarmi? Bundan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning xabari bormikan?!
Muyassar NURILLAYEVA, Qashqadaryo viloyat bolalar kutubxonasi bo‘lim mudiri