Siz qachon Trailblazer minasiz, domlajon?
Qishingiz muborak bo‘lsin, qadrli muallimlar (ozgina farosatdan qisgan, aybga buyurmaysiz)! Eski choponga burkanib sovuq sinfxonalarda to‘nglamaygina o‘tiribsizlarma? To‘n eski bo‘lsa, zarari yo‘q. Ana, qo‘ylar ham bitta teri bilan necha qishni o‘tkazadi. Muhimi sovqotmaslik. O‘quvchilaringizning qo‘li muzlab qolayotgan bo‘lsa, “kuh-kuh”lab isitib, yozishni o‘rgating. O‘zingizniki muzlasa, nachora, axir igna ham o‘z teshigini yamolmaydi-ku.
Yaqinda bir gap eshitib qoldim. Qashqadaryodami, boshqadaryodami, anig‘ini bilolmadim. Aytishlaricha, bir maktabdan shu yil irimiga bo‘lsa ham biror bitiruvchi o‘qishga kirolmapti (naqadar bedodlik! O‘le-ee bu kuningdan). Nimaga deysizmi? U maktabning muallimlari qishda o‘quvchilarining qo‘llarini isitishmagan, sho‘rlik bolalarning muzlab qolgan barmoqlari yozg‘ichni qanday tutsin? Keyin savod ham shunga yarasha bo‘ladi-da.
Afsuski, universitetlarga kirish imtihonlarida birov sizdan qishda sinfxonalaring sovuqmidi, yo‘qmi, deb so‘ramaydi. U yerda “Otabek kiygan kalishning razmeri nechchi? Kumushning qayerida xoli bor?”, deganday savollarga javob berish kerak.
Shuning uchun, hurmatli muallimlar, dars davomida o‘quvchilaringiz qo‘liga “kuh-kuh”lashni unutmang. Juda bo‘lmaganda qarsak chalishni o‘rgatsangiz, barmoqlariga biroz qon yurishadi. Inakay ularning kelajagi porloq bo‘lishiga mana biz kafil!
Ushbu ruknda berilgan Bekorchijon, Jiyan jillik, Isooqvoy, Mallimning bolasi yozgan u-bu narsalarni o‘qidim (Eshak maslahatlashib hangramas). Mana bizday iste’dodlar turganda yo‘l bo‘lsin ularga. O‘v-v, ukkag‘arlar, Xizir nazar qilmasa, eshak bozoriga dallol ham bo‘lolmaysan. Borib qo‘yingni boq, ketmoningni chop!
Bularga do‘q qilishga qilib qo‘ydikku-ya. Endi nima haqida yozsak ekan? Xo‘sh, Xudo rahmat qilgur bo‘kschi Maradonaning vafoti haqida mendan oldin eshitgan chiqarsiz (uning faqat Husayn Bolt bilan bo‘lgan birgina jangini ko‘rganman. E-ee ennasini ko‘rsatib qo‘ygandi o‘ziyam). Dehliga borib xudoyisida bir-ikki kosa sho‘rva ichkanlar ham bordir orangizda. Demak, bu mavzu otmen!
Yaxshisi, maktab qorovulining ko‘mirni pullagani haqida yozaman! (Shoshma, Farosatjon, buyog‘i Yangi yil yaqin, kabob pishirish kerak. Ko‘mirni shu qorovuldan olmay, katta xolangdan olasanmi?!). Uzr, chalkashib ketdim. Sal qolsa, farishtaday (faqat qanot bitmagan) qorovulimizning sha’niga noloyiq gaplar aytvoray debman.
Ha aytgancha, eshittinglarmi? 2021-yilga borib direktor jamg‘armasidan 4 foiz, ya’ni 1 trillion so‘m ushlab qolinarmish (battar bo‘linglar). Shu pulga nechta Trailblazer berarkan-a?
Shu joyiga bitta gap. Hurmatli o‘qituvchilar, teshik quloq eshitadi. Sizlar ham shu “impirtniy moshin” olayotgan kattakonlarni g‘iybat qilayotganmishsiz. Sizga nima? Kissangizdan ketayotgani yo‘q. Olsa, xalqning puliga olyapti. Bizning soyamizda kun ko‘rib qolsin-da! Hasad yomon narsa, o‘rtoqlar. Olayotgan oyliklaring naqd-u nasiyasi bilan bor-yo‘gi 2 millionning nari-beri. Bunga eshakarava ham bermaydi. Shuning uchun ko‘rolmaysiz ularni. Hasaddan xalos bo‘ling! Shunda hokim bovalar sizlarga ham Trailblazer-mlayilblazer (tilim kelishmayapti) berib qolar.
Yana nima haqida yozayin? Jinsiy tarbiya haqida yozay desam, muharrir “qo‘shtirnoq”lar ko‘payib ketibdi, deb kesib tashlaydi (ustiga-ustak o‘zbekchilik, uyat-puyat degan narsalar ham bor). Narx-navoning qimmatligidan gapirsammi? Bu haqda yozgandan ko‘ra, yozmagan ma’qul. Malomat qilganing sari ko‘tarilib ketaveradi. Mendan kattalar ham gapirgan. Kattalarning o‘zi haqida yozishga haddimiz sig‘maydi. Qo‘rqoqlikka yo‘ymang, axir, hurmat-izzat deganday... Ba’zi gaplarni juda zarur bo‘lsa ham aytmay qo‘ya qolamiz (zamon ko‘tarmaydi).
Xudo urgan odamni, payg‘ambar ham kelib hassasi bilan turtar emish. Shuning uchun qattiqroq gapirsak, xafa bo‘lmaysiz, qadrli muallimlar. Bizning kuchimiz faqat sizga yetadi. Hammasiga siz aybdorsiz!
P/s. Ruknimiz ochilganiga ham nari-beri bir oy bo‘ldi. Gazetdan shapaloqdaygina joy olgan maqolalarimizni o‘qishga erinayapsizlarmi deyman, hech bir sas-sado yo‘q. Yo biz shapaloqni yaxshi tushirolmayapmiz, yo sizning betingiz qotib ketgan. Hech bo‘lmasa, so‘kib turingizlar-ee! …deya milodiy 2020-yilning qishida raqam qildi: olamga dong‘i ketgan, yengilmas, buyuk sarkarda, Movarounnahr hukmdori — Xorazmshohning adashi
OTSIZ