Maktablarni Wi-Fi bilan ta’minlash to‘g‘risidagi va’dalar, megabaytlarga o‘z cho‘ntagidan sarflayotgan o‘qituvchilar... ular «yaxshi ishlashayapti»mi?
Ta’limni zamonga mos ravishda to‘g‘ri tashkil etish taraqqiyotning o‘ta muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.
Sir emaski, hozirda Respublikamizdagi barcha maktablarda gibrid usulida ta’lim tashkil etilgan. Albatta, gibrid ta’lim turi eng maqbuli hisoblanadi. Ammo maktab o‘qituvchilari 2-3 barobar ishlashlariga to‘g‘ri kelayapti. Aniqrog‘i, fidoyi o‘qituvchilar dastlab kunlik o‘quv yuklamalarini bajarishadi. 5-6 soatlik o‘quv yuklamasidan so‘ng ped-yuklamalarni (majlislar, davomat, dars qoldirgan o‘quvchilarning sabablarini aniqlash, onlaynda o‘qiyotgan o‘quvchilar bo‘yicha hisobot va h.k.z) amalga oshirayapti.
Kunlik normadagi 8 soatlik ishdan so‘ng holdan toygan, asablari charchagan o‘qituvchi atalmish "ROBOT" uyga kelib, kundalik.com bilan hamkorlikda onlayn dars olayotgan o‘quvchilarining uy vazifalarini tekshirib, baholaydi. O‘qituvchida o‘z oilasi, farzandlari va yaqinlariga vaqt ajratishga umuman imkoniyat ham qolmayapti.
Bu hali masalaning bir tomoni bo‘lsa, moddiy va iqtisodiy tomoni to‘g‘risida to‘xtalmasa ham bo‘ladi. kundalik.comda ishlash uchun megabaytlarga ketadigan xarajatlar hech kimni qiziqtirgani yo‘q. Go‘yoki, maktablarni Wi-Fi tarmog‘i bilan ta’minlash to‘g‘risidagi berilgan va’dalar kundalik.comni o‘tkazib olguncha aytilgandek, mutasaddilarning yodlaridan chiqib ham ketgan ko‘rinadi. Axir o‘qituvchilar o‘z cho‘ntaklaridan megabaytlarga pul chiqarib «yaxshi ishlashayapti». ( Muhimi hammasi joyida!).
Har bir vatanparvar o‘z yurti ravnaqi va kelajagi uchun astoydil ishlashi, jon kuydirishi lozim. Agarki, barcha fidoyilar o‘z ish sohalariga kreativ yondashuvni kiritsalar, katta yutuqlarga erishiladi, deb o‘ylayman.
O‘ZINI O‘ZI NAZORAT QILISH USULI
Yuqorida keltirgan fikrlarimizdan kelib chiqib, o‘qituvchilarga dars o‘tish va uyga berilgan topshiriqlarni tekshirishda yangi, kreativ va optimal bo‘lgan «o‘zini–o‘zi nazorat qilish» usulini taklif etmoqchiman.
Bunga ko‘ra, uy vazifalarini tekshirishda har bir o‘quvchi qizil yoki yashil rangli ruchkalardan foydalanishadi. Sinfdagi o‘quvchilar ketma-ket o‘zi ishlagan uy vazifalarining javoblari va ishlanish usullarini aytishadi. Qolgan o‘quvchilar o‘z uy vazifasining ishlanish yo‘li va javoblarini kuzatib boradi. To‘g‘ri bajargan bo‘lsa “√” belgisini , noto‘g‘ri holatda “?” belgisini o‘z daftariga qo‘yadi. Tekshirish yakunlangach, o‘qituvchi uy vazifalarining murakkablik darajasiga ko‘ra baholash shkalasini aytadi. Shkalaga ko‘ra har bir o‘quvchi o‘z uy vazifasiga o‘zi baho qo‘yadi.
«O‘zini–o‘zi nazorat qilish» usulining afzalliklarini quyidagilarda ko‘rish mumkin :
Har bir o‘quvchining muntazam uy vazifasini bajarishiga erishiladi. Uy vazifasini bajarish, olingan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashning asosiy omili hisoblanadi . Muntazam ravishda uy vazifalarini bajarish bilan o‘quvchilarda uyda ham dars tayyorlash, o‘z ustida ishlash ko‘nikmalari shakllanadi va rivojlanadi. 30 yillik pedagogik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, ko‘pgina o‘g‘il bolalarda 7-8 sinfdan keyin daftarlariga yozish malol kela boshlaydi. Bunga albatta o‘quvchilarning yosh xususiyatidagi o‘zgarishlar ham sabab bo‘ladi. Ammo muntazam ravishda uy vazifalarini daftarga yozib bajarish natijasida ko‘nikmalar mustahkamlanib, bunday salbiy holatlarning oldini olishga erishiladi.
O‘quvchi o‘zini o‘zi tekshirgani uchun bilimidagi bo‘shliqlarni ko‘ra oladi. Uy ishini tekshirgan vaqtida qaysi joyda xato va kamchilikka yo‘l qo‘yganini ko‘radi. O‘qituvchi tekshirganda esa o‘quvchi o‘zi yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklariga ko‘p ham e’tibor bermaydi.
Bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Doimiy ravishda o‘z ustida ishlash orqali bilimlar mustahkamlanadi.
O‘quvchining o‘ziga nisbatan nazorati va mas’uliyat hissini oshiradi. Uy vazifasining murakkabligiga ko‘ra baholash shkalasi belgilanadi. O‘quvchilar osonroq mavzularning uy vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashishliklarining oldi olinadi.
O‘quvchi to‘g‘ri so‘zlik va halollikka o‘rganadi. Dars davomida o‘qituvchi tomonidan bahoning to‘g‘ri qo‘yilganligi tekshirib boriladi. Uy ishi daftarlari har darsda baholanadi.
Ayniqsa hozirgi pandemiya sharoitida daftarning qo‘ldan-qo‘lga o‘tmasligi orqali o‘quvchining ham, o‘qituvchining ham sog‘lig‘i kafolatlanadi. Maktablar faoliyatining dastlabki kunlarida juda ko‘plab o‘qituvchilar virus bilan kasallangan edi .
Eng qimmatli bo‘lgan vaqtning tejalishiga erishiladi. Uy ishlarini tekshirishni «o‘zini-o‘zi nazorat qilish» usulida tashkil etish orqali dars jarayonidagi vaqt tejaladi. O‘qituvchini o‘quvchilarning daftarlarini yig‘ib, tekshirishga sarflaydigan vaqtidan va kuchini sarflashdan xalos qiladi.
O‘quvchi ko‘z o‘ngi va tafakkurida haqqoniy baholash bo‘ladi. Bajargan uy vazifasi uchun o‘quvchining o‘zi o‘ziga baho qo‘yishi olgan bahosi uchun o‘qituvchidan norozi bo‘lishga chek qo‘yadi .
Mazkur usuldan nafaqat aniq fanlarda balki, tabiiy va gumanitar fanlarda ham foydalanish mumkin.
O.HAITOVA, Chilonzor tumanidagi 90-maktab o‘qituvchisi
Manba: Uza.uz